Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

G‘OZG‘ONLIK YOSHLAR ISHONCHLI QO‘LLARDA

27.1.2023 835

Abdusaid YASHINOV, Yoshlar ishlari agentligi G'ozg'on shahar bo'limi Mahalladagi yoshlar bilan ishlash, "Yoshlar daftari" va ''Yoshlar balansi''ni muvofiqlashtirish sho'ba rahbari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 19-yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, mahallalarda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, milliy xalq o‘yinlari va sport turlarini yoshlar orasida ommalashtirish, “Besh muhim tashabbus” loyihalari, yoshlar festivallari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni amalga oshirish vazifasi har bir mahalla yetakchisiga ustuvor vazifa etib belgilangan.

Yangi O‘zbekiston mahallalarida madaniy-ma’rifiy ishlarni yangicha dunyoqarash tamoyili asosida shakllantirib borish Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlamoqda. Bu jarayonlar xususida Muhtaram yurtboshimiz: “Biz yaratayotgan yangi O‘zbekistonning mafkurasi ezgulik, odamiylik, gumanizm g‘oyasi bo‘ladi” – deya ta’kidlab o‘tgani ham bejiz emas.

Xususan, aholining barcha qatlamlari o‘rtasida o‘tkazilayotgan turli tadbirlar o‘zining kreativligi, badiiy-estetik mohiyati bilan xalqimizning ma’naviy olamini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Birgina misol, hozirgi kunda keng ommalashgan “Mahallada duv-duv gap” loyihasi, qator yoshlar forumlari, festivallar, tanlovlar, tadbirlar, shubhasiz, yoshlarimizning faolligini oshirishga, hamjihatlik sifatlarining kuchayishiga sabab bo‘layotgani, ayni haqiqat.

Mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash maqsadida har bir mahallada “mahallabay” tizimida ishlashga o‘tildi. “Bir ziyoli – bir mahallaga ma’naviy homiy”, “Har bir nuroniy – o‘n nafar yoshga murabbiy” kabi tamoyillar, so‘zsiz, azaldan qadr topgan milliy qadriyatlarimizning yorqin namunasidir. Zotan, yuksak ma’naviy makonni barpo etishda bu kabi ezgu tashabbuslar alohida ahamiyatga ega.

Biz bugun Yangi O‘zbekistonda yangi ma’naviy makonni barpo etishga kirishar ekanmiz, shubhasiz, fuqarolarimizda ana shunday makonni yaratishga bo‘lgan ma’naviy ehtiyojni shakllantirishimiz muhim.

Buning uchun, birinchidan, fuqarolarimizning bugungi ma’naviy qiyofasini, holatini, darajasini o‘rganishimiz lozim. Ya’ni bugungi aholi, ayniqsa, yoshlarimizda o‘z ma’naviy olamini yuksaltirishga ehtiyoji bormi, bor bo‘lsa ular nimani o‘qimoqchi, qaysi kino, sahna asarini tomosha qilmoqchi, madaniyat, san’atning qanday janrlarida o‘zini sinab ko‘rmoqchi? Yanayam aniqroq aytadigan bo‘lsak, biz bugungi fuqarolarmizning ma’naviy portretini shakllantirishimiz kerak. Uni shakllantirishda hamda hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lishida yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun shart-sharoitlar yaratish muhim vazifalarimizdan biridir.

Yoshlar – xalqimizning asosiy tayanchi va suyanchi. Bugun ular islohotlarimizni samarali amalga oshirishda ular hal qiluvchi kuch bo‘lib maydonga chiqmoqda. 35 milliondan ortiq aholisi bo‘lgan xalqimizning 19 millionidan ortig‘ini yoshlar tashkil etayotganligi, yoshlarga oid davlat siyosati va yoshlarning ma’naviy-ijtimoiy faolligini yanada oshirish dolzarb vazifa bo‘lib qolganligidan dalolat bermoqda.

Albatta, mahallada yoshlar tarbiyasi birgina Yoshlar yetakchisi zimmasiga yuklab qo‘yilmaydi va bu borada hamma o‘z mas’uliyatini chuqur anglab, birgalikda harakat qilishi orqali maqsadga erishiladi. Yetakchidan esa yangi, interfaol, innovatsion tashabbuslar, faolliklar kutiladi. Yangicha fikrlaydigan, o‘z ishini puxta bilgan kadr orqali esa yuksak marralarni egallash oson kechadi.

Men ham mana shu jamiyatning faol bir a’zosi sifatida shuni ayta olaman-ki, Navoiy viloyatining G‘ozg‘on shahri misolida joriy yilning yanvar oyida 4 ta mahallalardagi yoshlar yetakchisi lavozimi ochiq tanlovga chiqarildi hamda jami 21 nafar  nomzodlar mahallalardagi yoshlar yetakchilari lavozimi uchun hujjat topshirishib, tegishli ishchi guruhi tomonidan suhbat o‘tkazildi.

Yoshlar yetakchilari tomonidan o‘tgan davr mobaynida yoshlar uyma-uy yurib xatlovdan o‘tkazilgan holda “Yoshlar balansi” shakllantirildi. Shuningdek, har bir mahallada namunali tadbirlar tashkil etilib, “Yoshlarning bo‘sh vaqti – yetakchining ish vaqti” tamoyili asosida mahallalarda 6 ta yo‘nalishda har kuni tadbir va loyihalar, tanlov hamda musobaqalar o‘tkazilishi tizimli yo‘lga qo‘yilgan.

Shaharimizda jami 4764 nafar yoshlar bo‘lib, shundan 2370 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. 2022-yil sarhisobiga ko‘ra “Yoshlar daftari”ga 127 nafar  yoshlar kiritilgan bo‘lib, 551 milliondan ortiq yoshlar daftari jamg‘armasi hamda boshqa manbalar  hisobidan ko‘mak ko‘rsatilgan. Bir martalik moddiy yordam, tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘qitish, avtotransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, urug‘lik va ko‘chatlar sotib olish, asbob uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya, to‘lov kontrakti, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o‘tash hamda fuqarolilik pasporti badalini qoplash kabi yo‘nalishlarda yordam olgan yoshlarimiz mahalla Yoshlar yetakchilarining faoliyatidan juda mamnun.

Joriy yilda ham biz har bir mahalla Yoshlar yetakchilaridan chinakam mehnat, sabr-qanoat va eng muhimi vatanparvarlik tuyg‘ulari bilan o‘z faoliyatlarini samarali olib borishiga ishonamiz. Bu mas’uliyatli yo‘lda ularga ko‘makdosh bo‘lishga tayyormiz.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish