Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

2 MINGTA ISH O‘RNI YARATAMAN

7.8.2022 7697

Inson hayotda muayyan maqsadlar bilan yashaydi. Kimdir orzu-istaklariga ilm orqali erishsa, boshqasi kasb-hunari orqasidan yetishadi.
Men bolalikdan hunarmandchilikka qiziqaman. Biroq tikuvchilik, zardo‘zlik, kasanachilikni o‘rganish uchun alohida vaqt sarflamaganman. Asli qo‘qonlik hunarmandlar avlodidanman. Ota-bobolarim Qo‘qon aravalarini yasashgan. Buvilarim, onalarim atlas, bo‘z kabi matolarni to‘qishardi. Bolaligim shu hunarlar ichida o‘tgan. Esimni tanibmanki, oilada hamma nima bilandir mashg‘ul. Tikuvchilikka qiziqishim bo‘lgan, ammo muntazam shug‘ullanishga sharoit bo‘lmagan. 2019-yili Zangiota tumaniga oilamiz bilan ko‘chib keldik. Hozir “Obod turmush” mahallasida yashayman.
2020-yili tadbirkorlik qilish maqsadida “Yoshlar daftari”ga ro‘yxatga qo‘yildim. Menga 9 million 600 ming so‘m subsidiya ajratilib, ikki dona tikuv mashinasi olib berildi. Dastlab ishimni 3 ta ishchi bilan boshladim. So‘ng ishimizni kengaytirish maqsadida yana 33 million so‘m kredit oldik. Hozir ishchilarim soni 70 nafarga yetdi.
Ularning 45 foizini nogiron yoshlar tashkil qiladi. Kasanachilik yo‘nalishida ham
xotin-qizlarni ishli qilyapman. Bunga ham nogiron qizlarni jalb etdim. Bundan tashqari, uyida o‘tirib ishlay oladigan qizlarning uylariga ham ish tarqataman. Ularni bo‘sh vaqtida turli buyumlar yasash bilan band qilyapman. Albatta, bu ishning rag‘bati ham bor. Misol uchun, bir mahalladoshim 87 yoshli onasi va ikki farzandi bilan yashaydi. Unga uyda ishlashi uchun sharoit yaratib berdim. Hozir uyida ishlab oyiga 4 million so‘mgacha daromad topyapti.Yoshlar ishlari agentligi hayʼatining birinchi yarim yillik yig‘ilishida shaxsan agentlik direktori Alisher Saʼdullayev bilan suhbatlashdim. Ularga hozirgi natijalar hamda kelajakdagi rejalarim haqida aytganimda qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini aytdi. Nasib qilsa keyingi yil shu paytgacha 2 mingta ish o‘rnini yaratishga harakat qilaman. Albatta, ularning orasida nogiron yoshlar bandligini taʼminlash rejasi ham bor.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish