Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

27 MINGDAN ZIYOD TALABANING SHARTNOMA PULI TO‘LAB BERILDI

4.7.2022 741

Umidulla SATTOROV, Yoshlar ishlari agentligi Ta’lim muassasalarida yoshlar bilan ishlash va volontyorlikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i

TA’LIM MIGRATSIYASI

Yoshlar orasida ta’lim migratsiyasi masalasini o‘rganganimizda xorijiy talabalarni qabul qilish bo‘yicha asosiy mintaqa Yevropa ekani ma’lum bo‘ldi. Bu yerda tahsil olayotgan chet ellik talabalar soni 900 mingga yetadi (bu ko‘rsatkich, asosan, Yevropa Ittifoqi ichidagi talabalar migratsiyasi bilan bog‘liq). Bunda Sharqiy Osiyo va Tinch okeani mamlakatlari talabalari yetakchi o‘rinni egallaydi. Ular orasida Osiyodan kelgan chet ellik talabalar 30 foizni tashkil etadi (15 foizi xitoylik yoshlar). Chet elda o‘qishni tanlagan talabalar soni Shimoliy Amerika va G‘arbiy Yevropa 18 foiz, Markaziy va Sharqiy Yevropa 11 foiz, Janubiy va G‘arbiy Osiyo 9 foiz, Arab davlatlari 7 foiz va Afrika davlatlari 8 foizga to‘g‘ri keladi.

XALQARO FAN OLIMPIADALARIGA TAYYORGARLIK

Nufuzli xalqaro olimpiadalarga 84 nafar iqtidorli o‘quvchi-yoshlarning yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rishlari uchun Bo‘stonliq tumanidagi “Yoshlar oromgohi”da maxsus o‘quv bazasi tashkil etildi. Bu yerda xalqaro fan olimpiadalarida doimiy ishtirok etib, yuqori tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislar tomonidan xalqaro olimpiada standartlari asosida bir haftalik mahorat darslari o‘tkazildi. Xalqaro imtihonlardan yuqori ball olgan yoshlarga imtihon topshirish xarajatini to‘liq qoplab berish tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 2022-yil 1-iyun holatiga ko‘ra, jami 5 441 nafar yoshning 9 926,3 million so‘mdan ortiq imtihon xarajatlari Yoshlar ishlari agentligi tomonidan to‘liq qoplab berildi.

JAHON LIDERLARI BILAN UCHRASHUV

Joriy yilning mart-aprel oylarida tajribali tad[1]birkorlar “Najot ta’lim” o‘quv markazi asoschisi Temurbek Adhamov hamda “Les Ailes” bosh me[1]nejeri Abdubosit Ahmadjonov, xalqaro miqyosda yuqori nufuzga ega notiq, AQSHning Yozuvchilar va ma’ruzachilar assotsiatsiyasi a’zosi, “Samo” xalqaro markazi asoschisi, motivatsion trener Saidmurod Davlatov, biznes trener Iroda Utarova, “Cambridge” o‘quv markazi asoschisi Jahongir Po‘latov hamda “IMan” startap loyihasi rahbari Rustam Rahmatov, Yevropaning “FinEst Bay Area” kompaniyasi va “Angry Birds” o‘yini asoschisi Piter Vesterbakalarning 1 300 nafardan ortiq yoshlar bilan motivatsion uchrashuvlari tashkil etildi. Uchrashuvlarda yoshlar biznesga kirish, xodimlarni tanlash va boshqarish usullari, kelajak biznesi, chet tilini o‘rganish, axborot texnologiyalari, onlayn biznes, marketing va menejment, bozor tahlili, biznesdagi bankrotlik, moslashuvchan biznes, tadbirkorlik qadriyatlari hamda boshqa yo‘nalishlarda bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishdi. O‘z ishini boshlash arafasida yoki tadbirkorlikning dastlabki bosqichida turgan minglab yoshlar mamlakatimizda muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan ishbilarmonlardan biznesning yozilgan va yozilmagan qoidalarini o‘rgandi.

“IMKONIYAT”DA 50 MILLION SO‘M

Yoshlarning ta’limga va tadbirkorlikka qiziqishini oshirish, chekka hudud yoshlarining ta’lim olishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda ta’limga yo‘naltirgan tadbirkorlik faoliyatida yosh tadbirkorlarni moliyaviy hamda uslubiy qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning xorijiy tillar, AKT va zamonaviy kasblarni o‘rganishiga munosib sharoit yaratish maqsadida “Mikrokreditbank” ATB bilan hamkorlikda “Imkoniyat” tanlovi e’lon qilindi. Mazkur tanlovda saralab olingan 70 nafar istiqbolli loyiha egalariga 50 million so‘mgacha suda mablag‘lari ajratildi.

 

“TALABAGA MADAD”

To‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan talaba-yoshlar uchun ta’lim krediti ajratishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yilib, 2021-yilda 202 230,2 million so‘m, 2022-yilda 66 433,7 million so‘m ta’lim krediti mablag‘lari ajratildi. Tartibga ko‘ra, ta’lim kreditining asosiy qismi talabaning rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi. Shuningdek, ta’lim kreditlari uchun foizlarni hisoblash va to‘lash mablag‘ o‘tkazilgan sanadan boshlanadi. “Talabaga madad” loyihasidan to‘lov-kontrakt mablag‘ini to‘lab berishda amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan 27 107 nafar talaba-yoshning mamlakatimizdagi professional va oliy ta’lim muassasalarida o‘qish bo‘yicha kontrakt “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan to‘lab berildi.

VOLONTYORLARGA 7 MILLIARD SO‘M

2019-yil dekabr oyida “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi bu harakat rivoji yo‘lidagi muhim turtki va katta odim bo‘ldi. 2020-yil dekabrda esa bir guruh volontyorlar birlashib, volontyorlik faoliyatini tashkil etishga qaratilgan fuqarolik tashabbuslarini rivojlantirish, insonparvarlik, bag‘rikenglik, hamjihatlikni qo‘llab-quvvatlash hamda volontyorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida O‘zbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi tashkil etildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi “Yoshlar markazlari”da “Volontyorlar maktablari” infratuzilmasi joriy etildi. Joriy yilning may oyida mazkur maktablarning respublika bo‘yicha 110 nafar mentor-trenerlari tayyorlandi. Hozirda mentorlar 2 813 nafar volontyor yoshlarga tasdiqlangan 3 oylik reja asosida seminar-treninglar o‘tib, ijtimoiy ahamiyatga ega turli loyihalarni amalga oshirmoqda. Shu kunga qadar “Volontyorlar maktabi”ga a’zo bo‘lish istagini bildirib, 2 ming nafardan ziyod yoshlar elektron ro‘yxatdan o‘tgan. Ro‘yxatga olish ishlari davom etmoqda. 688 nafar volontyor stajyorlar agentlik hududiy va mahalliy bo‘limlarida joriy yilning aprel-may oylari davomida faoliyat yuritib, ularga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mablag‘lari hisobidan jami 7 milliard so‘m jamoatchilik shartnomasi asosida haq to‘landi.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish