Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

47 LIDER RAHBARLIK LAVOZIMLARIGA TAYINLANDI

18.5.2022 525

Abdulaziz MO‘MINOV, Yoshlar ishlari agentligi Inson resurslarini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i

Klub birinchi marta Samarqand viloyatida Yoshlar ishlari agentligi va viloyat hokimligining hamkor­lik to‘g‘risidagi qo‘shma qaroriga asosan tashkil etildi. Maqsad dav­lat fuqarolik xizmati uchun yangi avlod kadrlari­ni shakllantirish, yoshlarni, ayniqsa, xotin-qizlarni davlat fuqarolik xizmatiga keng jalb qilish edi.

Dastlab “Kelajak liderlari” klubi a’zolari uchun Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Yoshlar oromgohi”da “Jamoani shakllantirish”, “Time management” hamda ularning bilim-ko‘nik­malarini aniqlash imkonini beradigan kvest-treninglar o‘tkazildi. Liderlar treninglar davomida orttirgan bilimlarini viloyat yoshlari orasida targ‘ib qilish hamda ularning bo‘sh vaqtlarini mazmun­li tashkil etish maqsadida mashg‘ulotlar o‘tkazdi. Jarayonlar yoshlar tomonidan ijobiy kutib olingani bois hududda klubga qiziquvchi yoshlar soni ortdi.

Shundan so‘ng mazkur loyihani butun res­publika bo‘ylab ommalashtirishga qaror qilin­di va yurtimizning barcha hududlaridan jami

680 nafar a’zosi 4 bosqichli tanlov asosida “Kelajak liderlari” klubiga saralab olindi. Ichki tanlov asosi­da klub prezidenti va bir nafar klub vitse-preziden­ti hamda 8 nafar koordinator saylandi.

Bundan tashqari, “Hokim bilan bir kun”, “Dublyor”, “Agentlikda bir kun”, “Davlat tashkilotlarida stajirovka o‘tash” kabi loyihalar amalga oshirilib, klub a’zolarida rahbarlik ko‘nikmasi, tashkilotchilik, strategik fikrlash kabi bilimlar shakllandi.

Tinimsiz mehnat, albatta, o‘z mevasini be­radi. “Kelajak liderlari” klubi faoliyati davomida klub a’zolaridan 47 nafari rahbarlik lavozimlariga ko‘tarilgan. Joriy yilning fevral oyida klub a’zolarining 9 nafari O‘zbekiston Respublikasi Preziden­ti nomidagi, Islom Karimov nomidagi, Alisher Navoiy nomidagi, To‘lepbergen Qayipbergenov nomidagi nomdor stipendiyalar sovrindori bo‘ldi.

Bundan tashqari, mahalladagi yoshlar ye­takchisi lavozimiga klub a’zolaridan 15 nafari ochiq tanlov orqali tanlab olindi. Shu bilan birga, klub a’zolari “Toshkent yoshlar forumi – 2021”da respublikaning 14 ta hududi orasidan Xorazm viloyati “Kelajak liderlari” klubining “Biznes bond”, Sirdaryo viloyati “Kelajak liderlari” klubining “Raqamli innovatsion o‘rgimchak tarmog‘i” loyihalari g‘olib deb e’tirof etildi.

Joriy yilning ikkinchi yarmida respublikaning 14 ta hududidagi “Kelajak liderlari” klubiga ochiq tanlov e’lon qilinishi rejalashtirilgan. Yosh­lar ishlari agentligi tomonidan yoshlarni davlat hokimiyati va boshqaruv organlaridagi mas’ul lavozimlarga bosqichma-bosqich tayyorlab borish maqsadida faoliyat yuritayotgan “Ke­lajak liderlari” maxsus malaka oshirish dasturining 1- va 2-mavsumlariga respublikaning bar­cha hududlaridan davlat xizmatchilari saralab olingan bo‘lsa, kelgusida mazkur dasturning 3-mavsumiga faqat klub a’zolaridan 50 nafar eng faol yoshlarni o‘qitish rejalashtirilgan. Ular O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida­gi Davlat boshqaruvi akademiyasida mediasavodxonlik, kreativ va tanqidiy fikrlash, o‘zgarishlarni boshqarish, global siyosiy-iqtisodiy jarayonlar va ularda O‘zbekistonning ishtiroki kabi mashg‘ulotlar hamda mahorat darslarida qatnashishi belgilangan.

Mazkur maxsus dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilar “Kelajak liderlari” loyihalarning mantiqiy zanjiri natijasi sifatida Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilishi orqali malakali yosh rahbar kadrlar qatlami shakllandi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish