Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

7 YOSHDA 15 MILLION

27.7.2022 896

Sardor SA’DULLAYEV tayyorladi. Foto: Ziyoda RAHIMBOYEVA

7 yosh. Hayot faslining eng yodda qolarli davrlaridan biri. Bu yoshda bolalar mak­tabga chiqishadi, yangi o‘rtoqlar orttirishadi, yozishni, o‘qishni o‘rgani­shadi. Lekin shunday bo­lalar borki, bu yoshida o‘z yo‘nalishini topib, xalqaro musobaqalarda yuqori o‘rinlarni egallamoqda.

Kichkinagina jussasi bilan katta yutuqlarga erishgan Ibro­him Jumanazarov shunday yosh­lardan. U joriy yilning 15–25-iyun kun­lari shaxmat bo‘yicha Maldiv orollarida 8-18 yoshlilar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan G‘arbiy Osiyo chempionatida 1 ta kumush, 2 ta bronza medal­ni qo‘lga kiritdi.

Kuni kecha 7 yoshli chempion poytax­timizdagi Yoshlar ijod saroyida 15 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi. Tadbirda Ibro­him singari G‘arbiy Osiyo chempionatida g‘olib va sovrindorlikni qo‘lga kiritgan yana bir nech­ta yosh shaxmatchilarga jami 186 million so‘m pul mukofotlari taqdim etildi. Ularning ko‘zidagi quvonchni yurak-yuragingizdan his qilar ekan­siz, xalqimiz orasida keng tarqalgan “Rag‘bat – kelajak mevasi” degan naql qay darajada to‘g‘ri ekaniga yana bir bor amin bo‘lasiz.

Har qanday vaziyatda ham doimo sen bilan birga bo‘ladigan inson bu, albatta, ota-onadir. Ular biz uchun bizdan ko‘ra ko‘proq qayg‘uri­shadi, g‘alabaga erishsak, bizdan ko‘ra ko‘proq xursand bo‘ladilar va shunday farzandi bor ekanligini og‘zidan bol tomib gapirib yuradilar. Bugun yosh shaxmatchilar erishgan yutug‘idan ota-onalarining boshi osmonda.

Mahmudaxon ISMOILOVA, G‘arbiy Osiyo chempionati g‘olibi Abdumajid Botiraliyevning onasi:

– O‘g‘lim 6 yoshdan buyon shaxmat bilan shug‘ullanib keladi. G‘arbiy Osiyo chempionatida 3 ta oltin medalni qo‘lga kiritib, yurtimiz sharafini munosib himoya qilganidan juda xursand­man. Erishgan yutuqlari uchun bugun u 31 mil­lion so‘m pul mukofo­ti bilan taqdirlandi. Men chempionning onasi sifa­tida boshqa ota-onalarga muvaffaqiyat yo‘lida sabrli bo‘lishlarini, farzandini doimo qo‘llab-quvvatlashi kerakligini aytgan bo‘lar edim.

Yosh chempionlarni taqdirlash marosimidan so‘ng mamlakatimizda shaxmatni yana­da rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi raisi Alisher Sa’dulla­yev hamda O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Husan Turdialiyev so‘zga chiqib, yoshlar o‘rtasida sportning shax­mat turini yanada keng targ‘ib qilish, mahal­lalarda havaskor va professional shaxmatchilar avlodini shakllantirish, yosh shaxmatchilarning xalqaro turnirlarda munosib ishtirok etishiga shart-sharoit yaratish va ularni har tomonla­ma qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratishda olib borilayotgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berdi. Yosh shaxmatchilar, ularning ota-onalari ham­da ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan samimiy muloqot o‘tkazildi.

 

Alisher SA’DULLAYEV, O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi raisi:

– Bugun oldimizdagi asosiy maqsad Hindistonning Chennay shahrida bo‘lib o‘tadi­gan Butunjahon shaxmat olimpiadasiga ter­ma jamoamizning munosib ishtirokini ta’min­lashdir. Bu yil biz uchun mas’uliyatli yil bo‘ladi. Sababi 28-iyul–8-avgust kunlari Hindiston­ning Chennay shahrida FIDE bo‘yicha Bosh assambleya yig‘ilishida 2026-yilgi Butunja­hon shaxmat olimpiadasi mezbonligi uchun ariza topshirgan nomzodlar o‘rtasida ten­der va taqdimot marosimlarida O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etadi. Agar biz ushbu tenderda g‘alaba qozonsak, bu voqea O‘zbekiston shaxmati kelajagi uchun tash­langan katta qadam bo‘lar edi. Barchamiz­ga yaxshi ma’lumki, yaqinda FIDEning yangi reytingi e’lon qilinganda O‘zbekiston o‘z tarix­ida ilk bor kuchli 20 talikdan joy olib, 19-o‘rinni qayd etdi. Agar biz shaxmatni rivojlantirishga maksimal darajada ahamiyat qaratib, hozir­giday tizimli rag‘batlantirish ishlarini davom ettirib, bor imkoniyatimizni ishga solsak, oldimizga qo‘ygan maqsadimizni intizomli tashkil etsak, albatta, kuchli 3 talikka ham kirishimiz mumkin.

Ko‘tarinki kayfiyatda tashkil etilgan tadbir so‘ngida tashkilotchilar ommaviy axborot vo­sitalari xodimlarini qiziqtirgan savollarga javob berdilar.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish