Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

BASKETBOL: QIZIQUVCHI KO‘P, E’TIBOR KAM

18.6.2022 1034

Basketbol o‘yinining tarixi 1891-yilning dekabr oyidan boshlangan. AQShning Massachusets shtati Sprigfild shahridagi ishchilar maktabining anatomiya va fiziologiya o‘qituvchisi doktor Jeyms Neysmit talabalarni qishki paytda jismonan chiniqtirish maqsadida zalda to‘p bilan o‘ynaladigan yangi o‘yinni o‘ylab topdi. U qutiga to‘p tashlash orqali talabalarning merganligini tekshirib ko‘rmoqchi bo‘ladi. Quti topolmagach shaftoli terishga mo‘ljallangan savatchani balandligi 3,5 metr balkonga o‘rnatib qo‘ygan. Savatcha yonidagi narvon ustida farrosh o‘tirgan. Uning vazifasi savatchaga tushirilgan to‘pni olib, o‘yinchilarga uzatib turishdan iborat bo‘lgan.
Keyinchalik savatcha to‘rli temir aylana bilan almashtirilib, shitlarga o‘rnatildi. O‘yin texnikasining takomillashishi sabab jamoadagi o‘yinchilar soni standart holga keltirildi: yaʼni bir vaqtning o‘zida 5 kishidan ortiq o‘yinchi qatnashishiga ruxsat etilmaydigan bo‘ldi...
O‘zbekiston sportchilariga basketbol o‘yinini birinchi marta Moskvadan Turkiston o‘lkasiga xizmat safariga yuborilgan L. Barxash tanishtirgan. U instruktorlardan va harbiy xizmatga chaqiriq yoshiga yetayotgan o‘smirlardan iborat basketbol jamoasini tashkil etadi. 1920-yilning sentabr oyida maktab hovlisida birinchi o‘yin bo‘lib o‘tgan. O‘shanda halqa o‘rniga sport maydonchasining har ikki chekkasidagi ustunlarga osib qo‘yilgan tagi teshik eski chelaklardan foydalanilgan edi. Tashkil etilgan dastlabki namunaviy o‘yinlar mahalliy yoshlarga va jismoniy tarbiya instruktorlariga maʼqul bo‘lib, ularda katta taassurot qoldiradi. Toshkentda o‘tkazilgan o‘sha birinchi basketbol o‘yini qatnashchisi M.Mogilevskiyning hikoya qilishicha, yigitlar kunlik kiyimlarida o‘yinga tushishgan va ko‘plari yalangoyoq o‘ynagan. O‘yin boshdan-oyoq bir-biriga to‘p otish va qo‘liga tushgan to‘pni osib qo‘yilgan eski chelakka tashlashdan
 borat edi. O‘yinning barcha qoidalariga rioya qilinmasa-da, yangi o‘yin odamlarda kuchli hayajon uyg‘otgan, o‘smirlar va yoshlarning diqqatini o‘ziga tortgan. Keyinchalik bu sport turi bo‘yicha O‘zbekiston ayollar va erkaklar jamoalari tuzildi, milliy toifadagi hakamlar tayyorlandi. Har yili Respublika kubogi va birinchiligi musobaqalari o‘tkazilmoqda, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoa o‘yinchilariga “Sport ustasi” unvoni berib kelinmoqda

Shunday o‘yinchilardan biri Muhammadjon Po‘latov hisoblanadi.
U basketbol bilan 2010-yildan buyon shug‘ullanadi, 2012-2013-yillarda 1996-1997-yillarda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasida O‘zbekiston chempioni, “MHSK U-18” kubogi g‘olibi, “Barkamol avlod” sport o‘yinlari sovrindori bo‘lgan. 2016-yilda O‘zbekiston davlat
jismoniy tarbiya va sport universitetiga o‘qishga kirib, milliy terma jamoa bosh murabbiyi Botir Miradilov qo‘l ostida “MHSK” tayanch jamoasida o‘ynadi. Shu yillarda Oliy liga chempioni va O‘zbekiston kubogi sohibi bo‘ldi. Hozir u milliy terma jamoa aʼzosi va Navoiy shahrida murabbiylik faoliyati bilan shug‘ullanmoqda. Sportchimiz bilan basketbolga bugungi kun yoshlarining munosabati, bu sport turini yanada ommalashtirish usullari va muammolari haqida suhbatlashganimizda shunday dedi: “Yurtimiz yoshlari orasida basketbolga qiziqish yuqori, ammo ko‘pchilik balog‘at yoshi da bu sport turi mashhur emasligi sabab basketbolni tark etadi.
Shu bois basketbolni yurtimizda ommalashtirish, barcha hududlarda o‘yin maydonchalari qurish, bahslarni televizorda ko‘rsatish,
jamoalarga homiy topish zarur. Shunda o‘zbek o‘yinchilari yaxshi natija ko‘rsatishadi. Basketbolni keng targ‘ib qilish uchun bizda teleko‘rsatuvlar yoki basketbol bilan bog‘liq yaxshi reklamalar yo‘q, musobaqalar ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya qilinmaydi. Shu sabab odamlar O‘zbekistonda basketbol rivojlanmagan deb o‘ylashadi. Ularga mamlakatimizda basketbol bo‘yicha yaxshi turnirlar borligini ko‘rsatishimiz, yosh yigit-qizlarning basketbol bilan shug‘ullanishi uchun ommaviy tadbirlarni o‘tkazishimiz kerak. Ko‘proq mahorat darslarini tashkil qilsak, ko‘chalarda basketbol maydonchalarini qursak va yoshlar qalbida bu sport turiga nisbatan mehr uyg‘otsak, ular xalqaro turnirlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritishlari aniq”. Har bir sport turi, shu jumladan, basketbolga ham eʼtiborni kuchaytirish, yoshlar orasidan jahon chempionlarining yetishib chiqishiga ko‘maklashishimiz zarur. Zero,  mavjud muammolarni hal etishga, sportchilarni qo‘llab-quvvatlashga qodir yurtda yashayapmiz.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish