Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

ADABIYOT O'LMAYDI

5.1.2023 616

Jonibek ALIJONOV

Jonibek ALIJONOV - 1999-yilda Qashqadaryo viloyati, Kasbi tumanida tug'ilgan. O'zbekiston milliy universiteti, Xorijiy filologiya fakulteti, ingliz tili yo'nalishi talabasi. She'rlari viloyat va respublika nashrlarida chop etilgan.

VOKZAL. POYEZD

Shu mo'jaz vokzaldan boshlandi bari...
Kechikmaslik uchun ertaroq keldim.
Ko'zlarimga tushib qoldi ko'zlaring,
Men endi tinch yashay olmayman - bildim.

"Qarshi - Toshkent. Soat 7:10da" -
Kutishlar zalida kutadi hamma.
"Ko'proq qarasaydim yana ko'zingga" -
Men poyezd kelishin kutmadim, ammo.

Ko'zlar ko'zga tusha boshlar har onda,
Bir o'yni quvaman hayoldan nari:
"Menimcha, u ketar boshqa vagonda,
Va boshlanmay turib tugaydi bari".

Vokzal e'lon qilar: "Poyezdga chiqing",
Odamlar qo'zg'alar - qo'lida patta.
...Vo ajab, u bilan manzilimiz bir,
Vo ajab, u bilan vagon ham bitta.

Qo'lda bilet bilan topib boraman:
15-vagon, 9-joy.
10 daqiqadan so'ng da'fatan
Ro'paramga kelib o'tiradi OY.

...Yurak qadaladi ko'ksimga o'qday,
Nahotki, shu bilan kelajak ham bir.
She'rimga shu yerda qo'yaman nuqta.
Qolgani she'r emas, qolgani - taqdir.

 

ADABIYOT O'LMAYDI

Ista dil,guliston bo'lsin bu olam,
So'nmas sado bersin dillarda nolam.
Ey,yiroq manzilga otlangan Odam,
Chiqdikmi,bu yo'ldan qaytib bo'lmaydi,
Adabiyot o'lmaydi!

Qalb nadir? U Xudo yuborgan sasdir,
Chin So'zning qoshida odamzot mastdir.
Bu yo'lga loqaydlar loyiq emasdir,
Shahd kerak,shiddatda tartib bo'lmaydi,
Adabiyot o'lmaydi!

Rost So'zlar-boqiydir,shuhrat-havoyi.
Aziz jon botqoqda bo'lmagay zoe.
Tirikki, ko'ngilda Hazrat Navoiy
Quyonlar qo'shig'in aytib bo'lmaydi,
Adabiyot o'lmaydi!

Ilhomsiz kamolga yetgay qay ilm?
Bormisan,maydonda chin o'yna dilim!
Shuhratga o'chlikni iste'dod bilib,
Haqiqat ustidan chartib bo'lmaydi,
Adabiyot o'lmaydi!

Iste'dod ne o'zi? U bashar dardi.
Chin shoir tush ko'rib yozmas hech baytni.
,,She'riyat o'lgay”-deb sizga kim aytdi?
Bu mayda gaplardan ko'ngil to'lmaydi,
Adabiyot o'lmaydi!

Inson-adashguvchi, barkamol-Xaqdir.
Hali zulmatlarni yoritgay taqdir.
She'riyat ming boshli mavjudot axir,
Qancha tahqir etmang zinhor so'lmaydi,
Adabiyot o'lmaydi!

Biz uchun Cho'lponlar mislsiz shondir,
Biz uchun So'z Uyi qutlug' makondir.
Shul uy o'chog'ida ko'ngilni yondir,
Yondir! Tutamoqqa yurak ko'nmaydi,
Adabiyot o'lmaydi!

Bulbulsiz bog' yo'qdir, shoirsiz diyor,
So'zni ne'mat bilgan Vatanlar bisyor.
Kuylayver,ortingda O'zbekiston bor!
Kuylasang butoqqa qarg'a qo'nmaydi,
Adabiyot o'lmaydi!

She'riyat! Misoli olovli tandir,
Unga Abdullolar nonin yopgandir.
Halimalar undan tole topgandir,
Biz kafil,bu otash abad so'nmaydi,
Adabiyot o'lmaydi!

Qo'linga qalam ol,nazmiy xamrohim,
Shu mening maqsadim,shu mening ohim.
O'zing qo'lla endi bizni panohim,
Chiqdikmi,bu yo'ldan qaytib bo'lmaydi,
Adabiyot o'lmaydi!

BESHIK

Qiyinchilik keldi ayovsiz,
Tushdi oila boshiga kulfat.
Qoldi to'rtta yosh farzand nonsiz-
Ota-ona qalbida g'urbat.

Bor-budini sotdilar- savdo,
Xatto pulga sotildi eshik.
Sotilmadi birgina , ammo
Shu farzandlar ulg'aygan beshik.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish