Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

BARCHA BITIRUVCHILAR BANDLIGI TAʼMINLANDI

17.12.2022 580

Iqbol PARDAYEVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Sirdaryo viloyati Shirin shahridagi Mirzo Ulug‘bek mahallasi yoshlar yetakchisi Shahzod Tojiqulov ishsizlik bilan kurashgandan uning ol­dini olgan yaxshi, deb hisoblaydi. Shu bois ma­hallasida istiqomat qilayotgan bitiruvchilarning bandligini taʼminlash uchun yangicha loyihaga qo‘l urdi. Natijada loyihada ishtirok etgan barcha bitiruvchilarning bandligi taʼmin­landi. Bu loyiha siz uchun ham qiziq bo‘lsa, loyiha muallifining tajribasi bilan tanishing.

Shahzod TOJIQULOV, Shirin shahridagi Mirzo Ulug‘bek mahallasi yoshlar yetakchisi:

– Faoliyatim davomida 24 na­far maktab bitiruvchisini yoshlar­ga yaratilayotgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Guliston shahriga safar uyushtirdik. Ular Guliston davlat universitetidagi sharoitlar, o‘quv va amaliyot xonalari, talabalar turar joylari bilan tanishib, yosh kadrlar bandligini taʼminlash maqsadida yo‘lga qo‘yilgan karyera markazi­da ham bo‘lishdi. Ay-Ti parkning Sirdaryo viloyati bo‘limida Ay-Ti va dasturlash sohalarida yaratilayot­gan imkoniyatlar, logistika marka­zi faoliyati bilan tanishdi. Ulardan qay biri IELTSdan 6,5 ball olib, ingliz tilida so‘zlasha olsa, 800 AQSh dol­lari miqdorida maoshli ishga qabul qilinishi va ish vaqti kechki paytda bo‘lganligi sababli ham o‘qib, ham ishlashi mumkinligi haqida tak­liflar berildi. Hozir 4 nafar yosh shu markazga ishga joylashish uchun ingliz tilini o‘rganishni boshlab yuborgan.

Qiziqishiga ko‘ra, yana bir guruh yoshlarni tadbirkorlik va hunar­mandlik yo‘nalishlarida o‘zini sinab ko‘rishi uchun “Tadbirkorlar va hu­narmandlar markazi”ga olib bordik. U yerda viloyatimizdagi korxonalar ishlab chiqargan mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishishdi. So‘ng viloyat Savdo-sanoat palatasi xo­dimlari yosh tadbirkorlarga davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyatlar va imtiyozli kreditlar haqida tushuncha berdi.

Yoshlarimiz “Ishga marha­mat” monomarkazida bo‘lib, 25 xil yo‘nalishdagi qisqa muddatli kasb-hunarga o‘qitish kurslari bilan tanishdi, bu yerda o‘qiyotgan yosh­lar bepul yotoqxona va o‘quv mud­dati davomida oylik stipendiya bi­lan taʼminlanishidan ham xabar­dor etildi. Harbiy sohaga qiziqishi bo‘lgan yoshlarni esa Shirin shahri­da joylashgan harbiy qismdagi sharoitlar bilan tanishtirdik.

Hozir ularning 6 nafari oliy taʼlim muassasasida o‘qiyapti. 4 nafari monomarkaz va qurilish kollejlarida o‘qiyotgan bo‘lsa, 5 nafari muddatli harbiy xizmatga tayyor­garlik ko‘rmoqda. 2 nafar yosh usta hunarmandlarga shogird tushdi, 6 nafari esa kelajakda o‘z tadbir­korligini yo‘lga qo‘yish maqsadida xususiy tadbirkorlik subyektlariga ishga joylashdi. Yana 3 nafari das­turlash va Ay-Ti sohasini o‘rgan­moqda.

Mahalla yoshlar yetakchisi sifa­tida o‘z faoliyatimni boshlaganim­da imkoniyati cheklangan yoshlar bilan ishlashga alohida ahamiyat beraman, deb niyat qilgan edim. Shu maqsadda Shirin shahar tibbi­yot birlashmasi bilan hamkorlikda hududimizda istiqomat qiluvchi 17 nafar nogiron yoshlar holidan doimiy xabar olib, birlamchi tibbiy dori vositalari uzluksiz tarqatilishini o‘z nazoratimga oldim. Davolanishga muhtoj 2 nafar yoshni “Yoshlar daftari”ga ro‘yxatga olib, “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan ularning davolanishi uchun zarur bo‘lgan 6 million so‘mlik mablag‘ ajratib berildi. Natijada ularning ik­kisi ham sog‘ligini tiklab oldi.

Mahallamiz yoshlarining voley­bolga qiziqishi juda baland. Ammo mahallamizda bu sport bilan shug‘ullanish uchun sharoit yo‘q edi. Shuning uchun hududimizda ochiq voleybol maydonchasi qurish va 24 soat davomida yoshlarga bepul xizmat qilish chorasini izladim. Ho­zir maydoncha qurilib, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, 16-21 yosh toifasidagi voleybolchi yoshlarimiz “Besh tashabbus olim­piadasi”ning viloyat bosqichida ham faol qatnashdi.

Tadbirkorlik qilish istagidagi yoshlarimizni ham qo‘llab-quvvat­lab kelyapmiz. Natijada bir nafar yosh “Har bir oila – tadbirkor” dasturi orqali 15 million so‘m imtiyozli kredit olib, tikuvchilik bo‘yicha tadbirkorlikni boshladi va o‘zi bilan birga yana ikki nafar yoshning ham bandligini taʼminlashga erishdi. Yana bir yosh 30 million so‘mlik imtiyozli kredit olib, umumiy ovqatlanish shoxobcha­si faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Bundan tashqari, bir nechta yoshlarimizga subsidiya asosida ish qurollari ajratib, bandligini taʼminlashga erishdik.

Hali amalga oshirmoqchi bo‘lgan loyihalarim juda ko‘p va bularning barchasi mahallamiz yoshlarining orzu-istaklari ro‘yobiga xizmat qiladi.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish