Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

BAXT

3.8.2022 758

Erkin HOJIMUHAMMAD, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va Dizayn instituti 3-bosqich talabasi.

Ko‘zimni yumaman, O fusunkor baxt!

Eslatar ko‘zingni xotiralar – oq.

Yaxshiyam ko‘ngilni yozishga bor xat,

Yaxshiyam, ko‘ngil bor, senga yaqinroq...

 

Dilni ozurlading, men bemor kimsa

Hijronda o‘rtandim jonim tunlari.

Men yo‘q kunlar seni baxtiyor qilsa,

Meni shoir qilar sensiz kunlarim...

 

Qaydimga ismingni yozdim qaytalab,

Aynimadim sendan, xafaman ayni.

May ichdim, yomg‘ir ham yog‘di maydalab,

Maylingga sodiq qol,

sevmagin mayli...

 

Bezovta qilish yo‘q, yetar, bo‘ldi bas,

Tugadi vaslingga yetmoq ilinji.

Qanday baxt, eng uzoq yaqining emas,

Hech kimlaring ichra bo‘lish birinchi!

 

AVTOBUSDA

 

Derazadan qarab ketasan,

Jigarrang ko‘z,

dili oppoq qush.

Xomush bo‘lib, xomush etasan

va

kamiga dilni faromush...

 

Derazadan qarab ketasan,

Bu termulish tanho ochunda.

O‘y, xayolim sendadir shaxsan

Seni esa hayoling kimda?!

 

Derazadan qarab ketasan,

Ko‘nglim kabi keng bu shaharga.

Boqqim kelar, hech yo‘q bir lahza

Ko‘z atalmish derazalarga.

 

Derazadan ketasan qarab,

Kelmasak-da bunda yuzma-yuz.

Qarab ketsam bitar dil yara,

To‘xtab qolmasaydi avtobus.

 

Derazadan qarab ketasan...

 

 

U

 

...rost,

ko‘nglim bor,

yuzi sepkilga

boy,

dil uni sevishga qodir.

Mening unga bo‘lgan sevgimday,

uning oppoq yuragi bordir.

 

Yuragimga hijron bo‘lib jo

o‘rtanaman,

osmonim

dubbsiz.

Undan qolgan dilda yara bor,

tunday qora,

ummonday

tubsiz.

 

 – Sog‘inganim raso,

to‘g‘ri gap,

...uchramasdan,

xayolim oldi.

U yechimim bo‘lish o‘rniga,

...tugunimga aylandi,

qoldi.

 

Yurakdagi yolg‘iz sirim

– U!

Sog‘inch qiynar

huda

– behuda.

Tushlarimga kirmay qo‘ydiyu,

ko‘nglim qolib ketdi uyqudan.

 

Hech kelmadi,

ko‘zi quralay,

hijron unga

biror

xat yo‘lla.

Men sizlarni yomon ko‘raman,

uni menga keltirmas yo‘llar.

 

Yurakdagi yolg‘iz sirim

– U!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish