Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

BAXTLI MAMLAKATLAR REYTINGIDA NECHANCHI O‘RINDAMIZ?

1.8.2022 792

Shahruza SATTOROVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Dunyo bo‘yicha har yili turli yo‘nalishlar bo‘yicha davlatlar reytingi e’lon qilinadi. Bu mamlakatning imijini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Reytingda bir qator omillar e’tibor­ga olinadi. Masalan, tabiiy boyliklar, aholining yashash tarzidan mamnunligi, korrupsion holatlar, so‘z erkinligi, fuqarolarning to‘kis hayoti ta’minlanishi va boshqalar. Xo‘sh, yangi O‘zbekiston nufuz­li tashkilotlar tomonidan e’lon qilinayotgan shu kabi reytinglarda qanday o‘rinlarni band qilmoqda?

Gallup”ning an’anaviy “World Happiness Report – 2022” baxtlilikni ko‘rsatuvchi reytingida O‘zbekiston 146 mamlakat orasi­da 53-o‘rinni egalladi. Bu 2021-yil­gi ko‘rsatkichdan 11 pog‘ona past. Shuningdek, O‘zbekiston MDH­ga a’zo davlatlar orasida yetak­chilikni boy bergan. Finlandiya reytingda besh yildan beri yetak­chilik qilmoqda. U eng baxtli dav­lat deb topilgan. Keyingi o‘rinlar­ni Daniya, Islandiya, Shvetsari­ya, Niderlandiya, Lyuksemburg, Shvetsiya, Norvegiya, Isroil va Yangi Zelandiya egallagan.

Shuningdek, “Chegarasiz re­portyorlar” xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan tuziladigan So‘z erkinligi indeksining 2022-yilgi reytingida O‘zbekiston o‘z ko‘rsat­kichlarini birdan 24 pozitsiyaga yaxshilab, 157-o‘rindan 133-o‘ringa ko‘tarildi.

OZIQ-OVQAT XAVFSIZLIGI INDEKSI

Global oziq-ovqat xavfsizligi indeksining (The Global Food Se­curity Index) o‘ninchi nashri e’lon qilindi. O‘zbekiston reytingda 113 ta davlat ichida 53,8 ball to‘plab, 78-o‘rinni egalladi. To‘plangan ball O‘zbekistonga oziq-ovqat xavfsizli­gi o‘rtacha darajada bo‘lgan dav­latlar guruhida o‘z o‘rnini saqlab qolish imkonini bergan.

Global indeks oziq-ovqat xavfsizligi holatini to‘rtta mezon bo‘yicha tekshiradi: oziq-ovqat mavjudligi, miqdori, sifati va xavfsizligi, tabiiy resurslarning xil­ma-xilligi va barqarorligi.

O‘zbekiston oziq-ovqat mav­judligi bo‘yicha 49,3 ball bilan 81-o‘rinni, miqdori bo‘yicha 51,3 ball bilan 76-o‘rinni, sifati va xavfsizligi bo‘yicha 65,1 ball bilan 60-o‘rinni, tabiiy resurslarning xil­ma-xilligi va barqarorligi bo‘yicha 55,4 ball bilan 30-o‘rinni egallagan. Reytingda birinchi o‘rinni 84 ball bilan Irlandiya, ikkinchi o‘rinni 81,3 ball bilan Avstriya, uchinchi o‘rinni 81 ball bilan Buyuk Britani­ya, to‘rtinchi o‘rinni 80,9 ball bilan Finlandiya va beshinchi o‘rinni 80,4 ball bilan Shvetsariya band qilgan.

RAQOBATBARDOSH SANOAT

Birlashgan Millatlar Tashkilo­tining Sanoatni rivojlantirish tash­kiloti (UNIDO, Avstriya) tomonidan “Raqobatbardosh sanoat unum­dorligi indeksi – 2022” hisoboti e’lon qilindi. Hisobotda O‘zbekiston 154 mamlakat orasida 89-o‘rinni egal­lagan va so‘nggi hisobotga ko‘ra, reytingda 5 pog‘onaga ko‘tarilib, bu indeks metodologiyasiga mu­vofiq, sanoat rivojlanishining o‘rta kvintiliga ega mamlakatlar toi­fasiga o‘tish imkoniyatini yarata­di. Mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlar natijasida, in­deksning oxirgi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston 8 ta indikatorning 6 tasida ijobiy o‘zgarishlarni qayd etgan, shu bilan birga, 2 ta indika­torda pasaygan.

TOSHKENT DUNYODAGI ENG QIMMAT SHAHARLAR REYTINGIDA

“Numbeo” tadqiqot xizma­ti tahlilchilari dunyoning eng yirik shaharlarida yashash narxini hisoblab, bu bo‘yicha reytingni e’lon qildi. Tadqiqotchilar reytingni tuzishda uy-joy ijarasi, oziq-ovqat va restoranlardagi narxlarni hisoblab chiqqan. Ro‘yxatdan jami 510 ta shahar o‘rin olgan, Bermud orollari poytaxti Hamilton birinchi o‘rinda qayd etilgan.

O‘zbekistondan faqat Toshkent shahri reytingga kiritilgan bo‘lib, u 465-o‘rinni egallagan. Yashash narxi bo‘yicha Top-10 shaharlardagi aksariyat o‘rinlarni Shvetsari­ya shaharlari egallagan. Rossiya shaharlari orasida Sankt-Peterburg 279-o‘rin, Moskva 287-o‘rin, Olmaota va Nursulton (Qozog‘iston) mos ravishda 466 va 475-o‘rin, Bishkek (Qirg‘iziston) 477-o‘rindan joy olgan.

“Numbeo”ning jinoyatchilik da­rajasi bo‘yicha mamlakatlar reytingida O‘zbekiston 142 mamlakat ichida 104-o‘rinda ko‘rsatilgan. Mamlakat indeksi 33,68 ni tash­kil qildi. Reytingga ko‘ra, O‘zbekistonning ko‘rsatkichlari Belarus, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya va boshqa davlatlarga qaragan­da yaxshiroq. Jinoyatchilikning eng yuqori darajasi Venesuela, Papua- Yangi Gvineya va Afg‘onistonga to‘g‘ri kelmoqda. Jinoyatchilik eng past darajasi Qatarda.

O‘ZBEKISTON TINCHLIKSEVARLIK GLOBAL INDEKSIDA YUQORILADI

“Global Peace Index – 2022” reytingida O‘zbekiston 7 pog‘ona­ga yuqorilab, 163 davlat orasida 86-o‘rinni egalladi. Hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston “Rossiya va Yevroosiyo” guruhida eng katta yaxshilanishni ko‘rsatdi – 1,5 foiz.

Qo‘shni mamlakatlar orasida Qozog‘iston 97-o‘rinda, Qirg‘iziston 91-o‘rinda, Tojikiston 92-o‘rinda, Turkmaniston 104-o‘rinda joylash­gan. Eng tinchliksevar davlatlar deb Islandiya, Yangi Zelandiya va Irlandiya topildi. Indeksi eng past bo‘lib turgan mamlakatlar: Afg‘oniston, Yaman, Suriya, Rossiya va Janubiy Sudan.

Xalqaro reytinglardagi yaxshi natijalar mamlakatning investitsi­yaviy jozibadorligini oshiradi. Soha­larga faol investitsiyalarning kirib kelishi esa shubhasiz mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladi. Ammo reytinglarda qanchalik yuqori o‘rin­larda bo‘lmaylik, muhimi, xalqa­ro hamjamiyat e’tirof etayotgan islohotlar amalda to‘laqonli o‘zini namoyon etmasa, bari befoyda. Axir qilinayotgan ishlar qanday­dir reytinglarda yuqori natijalar­ni egallash uchun emas, avvalo, vatandoshlarimizning turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan bo‘lishi kerak.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish