Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

BESH TASHABBUS OLIMPIADASI SO‘ZI MADANIYAT, SANʼAT, SPORT, KITOBXONLIK KABI 14 DAN ORTIQ TANLOV VA MUSOBAQALARNI QAMRAB OLDI

5.7.2022 555

Indira XOLDOROVA, Yoshlar ishlari agentligining Besh tashabbus loyihalarini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i

– Yoshlarni “Besh tashabbus olimpiadasi”ga to‘liq qamrab olish bo‘yicha yaratilgan “beshtashabbus.uz” sayti va telegram ijtimoiy tarmog‘idagi bot orqali respublikamizning turli hududlaridan qariyb 6 million nafardan ortiq yoshlar onlayn ro‘yxatdan o‘tdi. Olimpiada doirasida o‘tkazilgan tanlov va musobaqalarda 5 million nafarga yaqin yoshlar qatnashdi. “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” doirasidagi futbol va mini-futbol musobaqalari 16-30 yoshdagi 291 ming nafar yoshlarni birlashtirgan bo‘lsa, “Yoshlar ishlari agentligi kubogi” shaxmat musobaqasida 327 878 nafar yoshlar va nuroniylar ishtirok etdi. Sportning voleybol, yengil atletika, stritbol, vorkout, shashka, stol tennisi turlari bo‘yicha musobaqalar jami 945 mingdan ortiq yoshlarni, “Quvnoqlar va zukkolar” tanlovi 274 267 nafar, “Zukko kitobxon” intellektual o‘yini 200 916 nafar, Kibersport musobaqasi 326 138 nafar, “Yosh kitobxon oila” tanlovi 55 958 nafar, “Mushoira” tanlovi 267 968 nafar, “Yoshlar ovozi” tanlovi 238 mingdan ortiq yoshlarni o‘z atrofida jamlay oldi. “Besh tashabbus olimpiadasi”dagi hech bir loyihani alohida eʼtirof etishning imkoni yo‘q. Sababi har biri kutilgan natijalarni berdi. Har bir yo‘nalish mahalladagi barcha yoshlarni qamrab oldi.

SHERXON AZAMATOV, Paxtachi tumanidagi “Amirabod” mahallasi voleybol jamoasi sardori:

– 14 yoshimdan voleybol bilan shug‘ullanaman. Birinchi ustozim Shahobiddin To‘xtapo‘latov bo‘ladilar. Quvonarlisi, mahallamizda mashg‘ulot uchun imkoniyatlar yetarli. “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkazilgan voleybol musobaqasining respublika bosqichida faxrli birinchi o‘rinni oldik. Finalda kuchsizlar bo‘lmaydi. Shu bois o‘yinlar ham oson bo‘lmadi, murosasiz kechdi. Barcha kuchli, tajribali jamoalar to‘plandi. Ustozimizning ko‘rsatmalari, jamoamizdagi hamma o‘yinchilar o‘z ishlarini qoyillatib bajargani uchun g‘alabaga erishdik. Eng muhimi, musobaqa jarayonida katta taassurotlarga ega bo‘ldik, ko‘plab do‘stlar orttirdik.

ZOKIR SHERMATOV, Shayxontohur tumanidagi “Chorsu” mahallasi kibersport jamoasi sardori:

– Kibersportning “CS:GO” turi bo‘yicha ikki yildan beri shug‘ullanaman. Hammasi qiziqishdan boshlangan. Men shunday qoidaga amal qilganman: biror ishni boshladimmi eng yuqori nuqtasiga chiqmagunimcha to‘xtamayman. Tinimsiz izlanaman, mashq qilaman, ustozlardan o‘rganaman. Dastlab mahalla bosqichida shunchaki qiziqish sabab ishtirok etgandim, g‘olib bo‘lgach esa respublikada ham oliy o‘rinni olaman, degan maqsadni oldimga qo‘ydim. Bugun bunga erishib turibman. Ilk bosqichdan o‘tgach, jamoa a’zolari bilan tun-u kun mashq qildik. Albatta, bu bosqichga yetib kelish, finalda g‘oliblikni qo‘lga kiritish oson bo‘lmadi. Shuncha mehnatning rohatini ko‘rish esa juda ajoyib. Jamoaning mahorati yaxshi bo‘lsa, jamoa bilan ahillikda kurashilsa, yuqori marralarni zabt etish mumkin!

IRODA SHOKIROVA, Kattaqo‘rg‘on shahridagi “Bahoriston” mahallasi stritbol jamoasi sardori: 

– Stritbol bo‘yicha musobaqa birinchi marta tashkil etilmoqda. Bu sport turiga qiziqishim sabab qatnashdim. Finaldagi barcha raqiblar juda kuchli edi. O‘z hududining eng kuchlilari, liderlari jam bo‘lgandi. Har bir o‘yin qiyin bo‘ldi va katta mashaqqat, kuch talab etdi. O‘yinlar murosasiz va keskin kurashlarga boy bo‘ldi. Har bir ochko uchun “ayovsiz jang” olib bordik. Bu g‘alaba faqat men yoki jamoaning g‘alabasi emas, bu bizni qo‘llab turgan “Bahoriston” mahallasining yutug‘idir.

FARANGIZ ROFIYEVA, Urgut tumanidagi “Andak” mahallasi shashka jamoasi sardori:

– “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida Jizzax shahrida o‘tkazilgan shashka musobaqasining final bosqichi quvonchli voqealarga boy bo‘ldi. Bunday natijaga erishaman deb o‘ylamagandim. Ustozim Shohyusuf Rofiyevdan o‘rganganlarim va tayyorgarlik jarayonlarida olgan bilimlarim musobaqada ustunlik berdi va g‘oliblikni qo‘lga kiritdim. Jizzaxda shashka musobaqasi bilan birga sayohat uchun ham katta sharoit yaratildi. Biz davlat arbobi Sharof Rashidov haykali poyiga gul qo‘ydik, Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim uy-muzeylariga sayohat qilib, ularning ijodi haqida bilimlarga ega bo‘ldik. Jizzaxga tashrif xotiramda bir umrga muhrlandi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish