Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

YANGILIKLAR

17.4.2024 44

Gaz-svet tariflari qimmatlagani bois ayrim shaxslarga kompensatsiya to'lab beriladi

2024-yilning may oyidan boshlab aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflar o‘zgarishi munosabati bilan kam ta’minlangan oilalarga va ayrim toifadagi iste’molchilarga ijtimoiy yordamlar ko‘rsatiladi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lum qildi. Pensiya va nafaqalarning minimal miqdorlari oshiriladi 1-maygacha bo‘lgan muddatda yoqilg‘i-yenergetika resurslari narxlari oshishini hisobga olib, minimal iste’mol xarajatlari qiymati qayta ko‘rib chiqiladi. Bunda, 1 millionga yaqin eng kam pensiya va nafaqa oluvchilarning pensiya va nafaqa miqdorlari minimal iste’mol xarajatlari qiymatidan kam bo‘lmagan miqdorda qayta hisoblanadi. Kam ta’minlanganlarga noyabrda 270 ming so‘m moddiy yordam beriladi Aholining muhtoj qatlamlarini isitish mavsumida qo‘shimcha ijtimoiy himoyasini ta’minlash uchun 2024-yil noyabrda “Ijtimoiy himoya” yagona reyestri orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlangan oilalarga 270 ming so‘m miqdorida bir martalik kompensatsiya ajratiladi. Bu kompensatsiya bilan qariyb 1,5 millionta kam ta’minlangan oilalar qamrab olinadi. Kompensatsiya “mahalla yettiligi” xulosalari asosida, “Ijtimoiy himoya” yagona reyestriga kirmagan qo‘shimcha 200 mingdan ortiq muhtoj oilalarga ham to‘lab beriladi. Bunda, “mahalla yettiligi” tomonidan muhtoj oilalar ro‘yxatlari uyma-uy yurgan holda shakllantiriladi. Gaz va svetdan bazaviy me’yordan ortiq foydalanilganda xarajatlarning bir qismi qoplanadi Elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha quyidagi miqdorlardagi iste’mol uchun bazaviy me’yor doirasidagi hamda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi: tabiiy gaz uchun – oyiga bazaviy me’yordan ortiq foydalanilgan 250 kub metrgacha; elektr energiyasi uchun – oyiga bazaviy me’yordan ortiq foydalanilgan 150 kWh'gacha. Ijtimoiy me’yordan ortgan iste’mol uchun kompensatsiya olish uchun ehtiyojmand oila “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga ariza beradi va kompensatsiya keyingi oyda haqiqiy iste’molidan kelib chiqib to‘lab beriladi. Mazkur kompensatsiya to‘lovlari davlat budjeti mablag‘lari hisobidan, Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali to‘lab beriladi.

16.4.2024 56

Endi ko‘p ishlatganlar ko‘p to‘laydi: yangi energetika ta'riflari belgilandi

2024-yil 16-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yoqilgʻi-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq, yoqilgʻi-energetika resurslarining 2024-2025-yillarda bosqichma-bosqich oʻzgaradigan yangi narxlari hamda shu yilning 1-may sanasidan eʼtiboran, aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bir oylik isteʼmolining bazaviy meʼyorlari tasdiqlandi. Joriy yilning 1-mayidan boshlab, elektr energiyasi narxi isteʼmolchilarning I va II guruhlariga kiruvchi qismiga oʻzgarishsiz – 1 kVt·soat uchun 1000 soʻm hamda 900 soʻmdan qolmoqda. Isteʼmolchilarning III guruhi, shu jumladan, ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan koʻp qavatli uy-joylar va yotoqxonalarda yashovchi maishiy isteʼmolchilar uchun bir oydagi isteʼmoldan kelib chiqib: oyiga 200 kVt·soatgacha – 225 soʻm; oyiga 201 kVt·soatdan 1 000 kVt·soatgacha – 450 soʻm; oyiga 1 001 kVt·soatdan 5 000 kVt·soatgacha – 675 soʻm; oyiga 5 001 kVt·soatdan 10 000 kVt·soatgacha – 787,5 soʻm; oyiga 10 000 kVt·soat va undan yuqori – 900 soʻmdan etib belgilanmoqda. Qolgan maishiy isteʼmolchilar uchun esa bir oydagi isteʼmoldan kelib chiqib: oyiga 200 kVt·soatgacha – 450 soʻm; oyiga 201 kVt·soatdan 1 000 kVt·soatgacha – 900 soʻm; oyiga 1 001 kVt·soatdan 5 000 kVt·soatgacha – 1 350 soʻm; oyiga 5 001 kVt·soatdan 10 000 kVt·soatgacha – 1 575 soʻm; oyiga 10 000 kVt·soat va undan yuqori – 1 800 soʻmdan etib belgilanmoqda. Isteʼmolchilarning IV guruhi uchun ham narxlar oʻzgarishsiz – 1 kVt·soat uchun 900 soʻmdan qolmoqda. Qarorda tabiiy gaz yetkazib berish narxidagi oʻzgarishlar ham belgilangan. Barcha isteʼmolchilar uchun toʻlov miqdori oʻzgarishsiz, yaʼni bir kubometr uchun 1 500 soʻmdan qolmoqda. Yirik ulgurji isteʼmolchilar hamda byudjet tashkilotlari uchun ham tabiiy gaz narxi oʻzgarishsiz – bir kubometr uchun 1 800 soʻmdan qolmoqda. Kommunal-maishiy ehtiyojlar uchun aholiga mavsumga qarab narx belgilanmoqda. Xususan, noyabr-fevral oylari davomida bir oydagi isteʼmoldan kelib chiqib tegishli narx belgilanmoqda. oyiga 500 kub metrgacha – 650 soʻm; oyiga 501 kub metrdan 2 500 kub metrgacha – 1 500 soʻm; oyiga 2 501 kub metrdan 5 000 kub metrgacha – 1 950 soʻm; oyiga 5 001 kub metrdan 10 000 kub metrgacha – 2 275 soʻm; oyiga 10 001 kub metr va undan yuqori miqdorda tabiiy gaz isteʼmol qiladiganlar bir kub metr uchun 2 600 soʻmdan toʻlashlari belgilanmoqda. Mart – oktyabr oylarida isteʼmolchilar bir oydagi isteʼmolidan kelib chiqqan holda quyidagicha haq toʻlaydi. oyiga 100 kub metrgacha – 650 soʻm; oyiga 101 kub metrdan 2 500 kub metrgacha – 1 500 soʻm; oyiga 2 501 kub metrdan 5 000 kub metrgacha – 1 950 soʻm; oyiga 5 001 kub metrdan 10 000 kub metrgacha – 2 275 soʻm; oyiga 10 001 kub metr va undan yuqori miqdorda tabiiy gaz isteʼmol qiladiganlar bir kub metr uchun 2 600 soʻmdan toʻlaydilar. Aholiga maishiy ehtiyojlar uchun sotiladigan suyultirilgan gazning bir kilogrammi uchun toʻlov 1 600 soʻm etib belgilanyapti. 2024-yilning 1-iyunidan boshlab esa avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalari uchun bir kub metr tabiiy gaz 1 800 soʻmdan yetkazib beriladi. Qaror bilan 2025-yilning 1-aprelidan eʼtiboran bosqichma-bosqich oʻzgaradigan narxlar ham belgilab berilmoqda. Xususan, 2025-yil apreldan boshlab, elektr energiyasi narxi isteʼmolchilarning I guruhiga kiruvchi qismiga oʻzgarishsiz – 1 kVt·soat uchun 1 000 soʻm etib belgilanyapti. II guruh isteʼmolchilar uchun ham bir kilovatt·soat elektr energiyasi 1000 soʻmdan yetkazib beriladi. Isteʼmolchilarning III guruhi, shu jumladan, ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan koʻp qavatli uy-joylar va yotoqxonalarda yashovchi maishiy isteʼmolchilar uchun bir oydagi isteʼmoldan kelib chiqib: oyiga 200 kVt·soatgacha – 300 soʻm; oyiga 201 kVt·soatdan 1 000 kVt·soatgacha – 500 soʻm; oyiga 1 001 kVt·soatdan 5 000 kVt·soatgacha – 750 soʻm; oyiga 5 001 kVt·soatdan 10 000 kVt·soatgacha – 875 soʻm; oyiga 10 000 kVt·soat va undan yuqori – 1 000 soʻmdan etib belgilanmoqda. Qolgan maishiy isteʼmolchilar uchun esa bir oydagi isteʼmoldan kelib chiqib: oyiga 200 kVt·soatgacha – 600 soʻm; oyiga 201 kVt·soatdan 1 000 kVt·soatgacha – 1 000 soʻm; oyiga 1 001 kVt·soatdan 5 000 kVt·soatgacha – 1 500 soʻm; oyiga 5 001 kVt·soatdan 10 000 kVt·soatgacha – 1 750 soʻm; oyiga 10 000 kVt·soat va undan yuqori – 2 000 soʻmdan etib belgilanyapti. Isteʼmolchilarning IV guruhi ham keyingi yilning1-aprelidan eʼtiboran bir kVt·soat elektr energiyasi uchun1 000 soʻmdan toʻlaydilar. Tabiiy gaz yetkazib berish narxi esa quyidagicha oʻzgaradi. Barcha isteʼmolchilar uchun toʻlov miqdori bir kubometr uchun 1 800 soʻmdan etib belgilanmoqda. Avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalari uchun bir kub metr tabiiy gaz 2 500 soʻmdan yetkazib berilsa, issiqlik elektr stansiyalari va issiqlik elektr markazlari buning uchun 1 800 soʻmdan toʻlaydilar. Aholining kommunal-maishiy ehtiyojlar uchun isteʼmol qiladigan tabiiy gazi uchun narxlar oʻzgaradi. Yaʼni, kelgusi yilning 1-aprelidan eʼtiboran, noyabr-fevral oylari davomida bir oydagi isteʼmoldan kelib chiqib: oyiga 500 kub metrgacha – 1 000 soʻm; oyiga 501 kub metrdan 2 500 kub metrgacha – 1 800 soʻm; oyiga 2 501 kub metrdan 5 000 kub metrgacha – 2 100 soʻm; oyiga 5 001 kub metrdan 10 000 kub metrgacha – 2 500 soʻm; oyiga 10 001 kub metr va undan yuqori miqdorda tabiiy gaz isteʼmol qiladiganlar bir kub metr uchun 3 000 soʻm etib belgilanyapti. Mart – oktyabr oylaridagi bir oylik isteʼmol uchun esa quyidagicha haq toʻlanadi: oyiga 100 kub metrgacha – 1 000 soʻm; oyiga 101 kub metrdan 2 500 kub metrgacha – 1 800 soʻm; oyiga 2 501 kub metrdan 5 000 kub metrgacha – 2 100 soʻm; oyiga 5 001 kub metrdan 10 000 kub metrgacha – 2 500 soʻm; oyiga 10 001 kub metr va undan yuqori miqdorda tabiiy gaz isteʼmol qiladiganlar bir kub metr uchun 3 000 soʻmdan toʻlaydilar. Aholiga maishiy ehtiyojlar uchun sotiladigan suyultirilgan gazning bir kilogrammi uchun toʻlov 2 000 soʻm boʻladi. Aytish kerakki, qaror bilan 2024-yil 1-maydan aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bir oylik isteʼmolining bazaviy meʼyorlari ham belgilanmoqda.Unga koʻra, elektr energiyasi bir oylik bazaviy meʼyori 200 kVt·soatni, tabiiy gaz uchun esa isitish mavsumida 500 kub metrni, boshqa mavsumda esa 100 kub metrni tashkil qilmoqda. Isitish mavsumi Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida oktyabr – fevral oylarini, boshqa hududlarda esa noyabr – fevral oylarini qamrab oladi. Isitishdan tashqari mavsum Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida mart – sentyabr oylarini, boshqa hududlarda esa mart – oktyabr oylarini qamrab olishi nazarda tutilmoqda.

16.4.2024 46

O‘zbekistonda mobil internet narxi qimmatmi yoki arzon?

Mamlakatdagi o‘rtacha ish haqi asosida mobil internet mavjudligini baholovchi Mobil ma’lumotlarning arzonligi indeksida (Mobile Data Affordability Index) O‘zbekiston 179 davlat orasida 43-o‘rinni egalladi. Bu haqda ushbu indeks saytida ma’lum qilindi. Mobil ma’lumotlarning arzonligi reytingini aniqlash uchun mualliflar 10 Gb dan ortiq ma’lumotga ega bo‘lgan oylik mobil telefon rejasining o‘rtacha narxini o‘rtacha ish haqi bilan solishtirgan. MDH davlatlaridan mobil internet mavjudligi bo‘yicha Rossiya 26, O‘zbekiston 43, Armaniston 55, Belarus 61, Qozog‘iston 63, Qirg‘iziston 90, Ozarbayjon 114, Tojikiston 163-o‘rinni egallagan. Afg‘oniston internetdan foydalanish imkoniyati bo‘yicha Tojikistonni reytingda ikki pog‘onaga ortda qoldirib, 161-o‘rinni egallagan. Reytingga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab 10 Gb dan ortiq ma’lumotlarga ega mobil telefon rejasining o‘rtacha narxi 24,20 dollarni tashkil etadi, odamlar bunga o‘z maoshlarining 4,1 foizini sarflaydi. MDH davlatlari orasida internet narxlari reytingida Qirg‘iziston 8-o‘rinda (1 gigabaytning o‘rtacha narxi 0,17 dollar), Rossiya 15-o‘rinda (0,25 dollar), O‘zbekiston 22-o‘rinda (0,30 dollar). Qozog‘iston 35-o‘rinda (0,41 dollar), Belarus 66-o‘rinda (0,67 dollar), Armaniston 88-o‘rinda (0,98 dollar), Ozarbayjon 146-o‘rinda (1,76 dollar) joylashgan.

3.4.2024 127

Endi o'quvchilarga “Matnshunoslik” darslari o'tiladi

Prezident qaroriga koʻra, 2024/2025 oʻquv yilidan Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi ijod maktablarida bir qator yangiliklar boʻlishi kutilmoqda. Jumladan, mazkur taʼlim maskanlarida ijtimoiy va ijodiy faol, keng jamoatchilik oʻrtasida obroʻ-eʼtibor qozongan adiblar va jamoat arboblari ishtirokida mahorat darslari oʻtkaziladi. Shuningdek, “Yosh tarjimonlar” klublari faoliyati tashkil etiladi. Ushbu maktablarda “Matnshunoslik” darslari ham oʻtiladi. Har yili 2 marotaba oʻquvchilarning “Ijod bogʻidan guldasta” nomli toʻplamlarini nashr etish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi. Dars jadvaliga “Tasviriy sanʼat va chizmachilik” oʻrniga “Sanʼat” (ART) fani kiritiladi. 7–9-sinflarga oʻtiladigan “Texnologiya” fani doirasida robototexnika asoslari ham oʻrgatiladi. 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab esa umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilari oʻrtasida badiiy adabiyot va sanʼat sohasida iqtidorli yoshlarni saralashga qaratilgan koʻrik-tanlov oʻtkaziladi. Bundan tashqari, “Mening birinchi kitobim” loyihasi doirasida har bir ijod maktabidan kamida ikki nafar oʻquvchining ijodiy ishlar toʻplami nashr etiladi.Anʼanaviy “Zomin seminari”da ham har bir ijod maktabidan kamida 5 nafardan ijodkor oʻquvchilarning ishtiroki taʼminlanadi.Har bir ijod maktabi “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli 100 jilddan iborat kitoblar majmuasi bilan taʼminlanib, bu turdagi maktablar oliy taʼlim muassasalari va Oʻzbekistonning xorijiy davlatlardagi elchixonalariga biriktiriladi.

3.4.2024 108

To‘xmanbiy maqbarasi saqlab qolinadimi?

Samarqand shahar Kimyogarlar shaharchasida “To‘xmanbiy” nomi bilan ataluvchi qabriston mavjud. Bu yerda Islom diniga e'tiqod qiluvchi mahalliy aholi bilan birga boshqa din va millatga mansub kishilar ham dafn etilgan. Qabriston hududida XVI-XVII asrlarda qurilgani taxmin qilinadigan To‘xmanbiy maqbarasi mavjud va shuning uchun mozorot shunday nomlangani aytiladi. Xo‘sh, To‘xmanbiy kim bo‘lgan, nima uchun uning sharafiga maqbara qurilgan? Qabriston tarixi o‘rganilganmi? Maqbarachi? Muhofazaga olinganmi? – Tumanimizdagi qabristonlar va qabrtoshlarini o‘rganish chog‘ida ushbu qadamjoga kelib, eski maqbaraning tarixi bilan qiziqib ko‘rdim, – deydi bizga bu haqda xabar bergan Pastdarg‘om tumanidagi maktab o‘qituvchisi Akmalxon Hamroyev. – Bu maqbara qozoq nayman urug‘ining taniqli kishilaridan biri To‘xmanbiyga tegishli ekanligini aytishdi. Haqiqatdan ham mazkur hududda nayman urug‘iga mansub aholi yashaydi. Bu joy dastlab Pastdarg‘om tumanining Nayman mahallasi qabristoni bo‘lgan. To‘xmanbiy ayrim tarixiy manbalarda yirik savdogar, urug‘ kattasi deb ta'riflansa, ba’zilarida sarkarda deyiladi. Menda bu haqda aniq ma'lumot yo‘q. Lekin maqbara Shayboniylar davri inshooti ekanligi aniq. Lekin afsuski, maqbara e'tibordan chetda qolgan va u haqda ma’lumotlar juda kam. Men bu haqda Samarqand viloyati madaniy meros boshqarmasi mas'ullariga, o‘zim tanigan tarixchi olimlarga aytganman. O‘rganib ko‘ramiz, deyishgan. Ammo hozircha bu borada ishlar boshlanmagan. Nayman mahallasida yashovchi yana bir ziyoli, shu hudud o‘tmishi bilan qiziquvchi Yaxshiboy Tojiboyev ham obida tarixi bilan qiziqib, ayrim ma’lumotlarni to‘plagani, lekin mukammal tadqiqot ishlarini olib borish uchun mutaxassislar ko‘magi zarurligini ta’kidladi.  – Qishlog‘imiz oqsoqollari bu hududda qozoq nayman urug‘ining paydo bo‘lishini To‘xmanbiy nomi bilan bog‘laydilar, – deydi Yaxshiboy Tojiboyev. – Men bu bilan qiziqib, ayrim tarixiy manbalarni o‘rganganimda XX asr boshlarida Samarqandda yashagan tarixchi olim Manashe Abramovning “Samarqand qabristonlari” nomli asarida bu maqbara haqidagi ma’lumotlarni o‘qiganman. Kitobda qayd etilishicha, XVI asr boshlarida temuriylar davrida asos solingan janubiy-g‘arbiy darvoza Korizgoh tomonda o‘zbek xonlaridan bo‘lgan Shayboniy avlodidan Buxoro xoni Ubaydulloh II davrida naymanlarning “biya” urug‘i bu joyda juda katta obodonlashtirish ishlarini olib borgan. Bu joyda shaharga kirish oldidan katta karvonsaroy, savdo rastalari, toza suv olish uchun quduqlar, choyxonalar qurilgan. Chunki barcha karvonlar shaharga kirishdan oldin bu yerda to‘xtagan, maxsus ko‘riklardan o‘tgan va shaharga kirish uchun ruxsatnoma olgan. Bu haqda akademik I.Mo‘minov o‘zining “Samarqand tarixi” asarida ham ma'lumotlar bergan. Mening bobom va buvim o‘tgan asrning 60-70-yillarigacha maqbaraning tashqi tomonidagi sirli koshinlar saqlangani, maqbara gumbazi juda salobatli bo‘lgani va gumbazning tepasida sariq metal chuqmor borligini aytib berishgan. Maqbara peshtoqining sirli koshinlar bilan bezatilganini o‘zim ham ko‘rganman. Ichkarida esa yerto‘la qismida 3-4 ta qabrtosh bor edi. Afsuski, o‘sha paytda hududdan o‘tgan ariq bir necha bor toshib, qabristonni suv bosishi natijasida bu toshlar ko‘milib ketgan. Hozir yerto‘laga tushish ham imkonsiz bo‘lib qolgan, chunki maqbara devorlari ostigacha qabrlar paydo bo‘lgan. Samarqand viloyatida shu uslubda qurilgan bir nechta ziyoratgohlarni borib ko‘rdim, ular bir-biriga juda o‘xshash.

3.4.2024 103

“SHAXMAT ABADIYDIR...” O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov nomidagi shaxmat maktabiga sayohat

  Joriy yil 15-fevral kuni davlatimiz rahbari Andijon viloyatiga tashrifi doirasida Marhamat tumanidagi shaxmat maktabida bo‘lib, yoshlar bilan samimiy muloqot qilgandi. Aytish joizki, bu dargohda yaratilgan sharoit va imkoniyatlarni ko‘rgan har qaysi kishi, avvalo, bundan unumli foydalanayotgan yoshlarning kelgusida ulkan marralarni qo‘lga kiritishiga amin bo‘ladi. “Yoshlar ovozi” mehmonda loyihasining navbatdagi manzili ushbu shaxmat maktabi bo‘ldi. Fidoyi tadbirkor tashabbusi Marhamatning “Alitepa” mahallasida joylashgan shaxmat maktabi loyihasining umumiy qiymati 4 milliard 300 million so‘mni tashkil etadi. Bu dargohni barpo etish va yuzlab yoshlarni shaxmatga jalb etish tashabbusi mahalliy tadbirkor Qobiljon Obidovga tegishli bo‘lgan. Tadbirkor sport zali qurib, sport mashg‘ulotlarini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan. Inshoot qurilishi yakunlangach, Qobiljon Obidov bu joyni to‘liq davlat tasarrufiga o‘tkazishga qaror qildi. Tadbirkorning ezgu tashabbusi bilan dargohda bir vaqtning o‘zida 150 nafar o‘g‘il-qiz bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, sport bilan muntazam shug‘ullanishiga yo‘l ochildi. “Alitepa”dagi shaxmat maktabidan tashqari, Qobiljon Obidov 2018-yilda qurib bitkazilgan 150 o‘rinli “Bolalar akademiyasi” nomli maktabgacha ta’lim muassasasini ham davlat tasarrufiga o‘tkazgan.   O‘ziga xos g‘oya Shaxmat maktabiga O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov nomi berilgani bejizga emas. Shoir suhbatlarining birida “Shaxmat abadiydir, she’r ham abadiy!”, deb ta’kidlagandi. Negaki, Erkin Vohidovning shaxmatga ixlosi baland bo‘lganini va yosh shaxmatchilarni doimiy qo‘llab-quvvatlaganini adabiyot ahli ko‘p ta’kidlaydi. Nom tanlashda loyiha tashkilotchilarining topqirligi tahsinga loyiq. – Taniqli ma’rifatparvarlarimiz Erkin Vohidov va Ozod Sharofiddinov ijodkorlar, adabiyot ahli o‘rtasida o‘tkazilgan shaxmat musobaqalarida peshqadam bo‘lgan, – deydi Erkin Vohidov nomidagi shaxmat maktabi murabbiyi Najmiddin Umarov. – Shunday ekan, maktabimizga sevimli shoirimizning nomi berilishi ramziy ahamiyatga ega. Hozir shaxmat darslaridan tashqari, sport zalida ham qo‘shimcha sport mashg‘ulotlarini muntazam o‘tkazyapmiz. Maqsadimiz nafaqat intellektual qobiliyatli, balki sog‘lom va barkamol yoshlar safini kengaytirishdan iborat. Maktabga 200 ga yaqin o‘quvchi jalb etilgan bo‘lib, ular tumanning 48 ta mahallasi va Asaka, Andijon tumanlaridan keladi. Respublikada yetakchi o‘rinda! Tarixsiz kelajak yo‘q, deyishadi. Maktab qoshida ham shaxmat va voleybol muzeylari tashkil etilgan. 1-qavatda joylashgan muzeylardan shaxmat va voleybolning ommalashishi, bu sport turlari bilan shug‘ullangan sportchilar, jahon va Osiyo chempionatlarida ishtirok etgan marhamatlik yoshlar haqida ma’lumotlar, fotosurat va boshqa o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar o‘rin olgan. Bu o‘z navbatida, yoshlarni sport bilan shug‘ullanishga, pirovardida, yangi yutuq va zafarlarni qo‘lga kiritishdagi mashaqqatlarni yengishga da’vat etadi. Negaki, yuqoridagi kabi muzeylar yurt bayrog‘ini dunyoga tanitgan har qaysi sportchining muvaffaqiyatga erishishi oson bo‘lmasligi, harakat va izlanishdan to‘xtamasligini kirib kelayotgan yoshlar ongiga singdirishida muhim ahamiyatga ega. Maskanda Yoshlar ishlari agentligining “Uz-Chess” loyihasi asosida tashkil etilgan interaktiv shaxmat hamda 10 dan ortiq zamonaviy kompyuterlarga ega axborot texnologiyalari xonalarining mavjudligi o‘qitish tizimi bo‘yicha boshqa shaxmat maktablaridan farq qilishini anglatadi. Natijalar chakki emas! Maktabda yaratilgan zarur shart-sharoit va imkoniyatlardan yoshlar qay darajada unumli foydalanayotgani qo‘lga kiritayotgan natijalari, yutuqlarida namoyon bo‘ladi. Maktab murabbiyi Najmiddin Umarovning ma’lum qilishicha, “Besh tashabbus olimpiadasi” 2-mavsum bellashuvlarining shaxmat yo‘nalishi 16-21 yosh toifasi bo‘yicha respublika bosqichida shaxmat maktabi o‘quvchisi Shohjahon Murotaliyev ikkinchi o‘rinni egallagan. 12 yoshgacha bo‘lgan yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida Abdulboriy Abduvaliyev kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritgan. Odinaxon Yo‘ldoshboyeva “Yoshlar ishlari agentligi kubogi” respublika musobaqasining viloyat bosqichi g‘olib bo‘lib, Osiyo chempionatida ham munosib ishtiroki bilan ustozlari ishonchini oqladi.   Rejalar aniq, harakatlar dadil! Yurtimizda yuqori malakali murabbiy kadrlarni jalb qilgan holda iqtidorli yosh shaxmatchilarni tayyorlash, shaxmatni insonning aql va tafakkur jarayonini rivojlantiruvchi sport turi sifatida yanada ommalashtirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Bu bo‘yicha Prezidentimizning 2022-yil 5-avgustdagi “Shaxmatni yanada ommalashtirish va rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori aholi, ayniqsa, yoshlarni shaxmatga jalb etishda muhim dasturilamal vazifasini o‘tayotir. Shaxmat maktabi ham ayni qaror ijrosini ta’minlash maqsadida faoliyat olib bormoqda. E’tiborlisi, maktab viloyatda shaxmatni rivojlantirish maqsadida tanlab olingan umumta’lim maktablariga tayanch vazifasini o‘taydi. Mahalliy va xalqaro shaxmat musobaqalarida munosib ishtirok etuvchi yoshlar zaxirasini shakllantirish, jahon va Osiyo chempionatlariga munosib tayyorgarlik ko‘rish ishlari belgilangan reja asosida amalga oshirilmoqda. Ayni paytda maktabda Qozog‘istonda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Osiyo chempionatiga nomzodlarni saralab olgan holda ular bilan chuqurlashtirilgan darslar olib borilmoqda. Biz maqola tayyorlash jarayonida sport, xususan, shaxmatni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tiborga birgina ushbu maktab faoliyati misolida guvoh bo‘ldik. Erkin Vohidov nomidagi shaxmat maktabining qisqa davr mobaynida e’tirof etsa arziydigan yutuqlarni qo‘lga kiritgani har quvonarli, albatta.     AKU: Dunyo miqyosida 605 million kishi shaxmat bilan shug’ullanadi. Ularning 40 foizga yaqin qismini yoshlar tashkil etadi.

3.4.2024 180

“Mutolaa” bilan yangi marralar sari

Yoshlar yetakchisi etib tayinlanganimdan buyon shu kunga qadar “Yoshlar daftari”ga roʻyxatga olingan yoshlarning qiynab kelgan muammolarini hal etdik. Bunda “Yoshlar daftari” platformasi va mahallamiz saxovatpesha insonlari yaqindan yordam berdi. 2023-yilda “Yoshlar daftari”ga roʻyxatga olingan 33 nafar yoshning 4 nafariga safarbarlik chaqiruv rezervi toʻlovlari qoplab berildi, 4 nafar tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida boʻlgan yoshlarga mahalladagi hokim yordamchisi hamkorligida kredit ajratildi, 7 nafar ishsiz yoshni xususiy tashkilotlarga ishga joylashtirdik. 5 nafar yoshning toʻlov kontrakt puli toʻlab berildi. Oilasi kam taminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan 10 nafar yoshga “Ayollar daftari”dan bir martalik moddiy yordam, 3 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz yoshlarga subsidiya asosida zarur asbob-uskuna, noutbook taqdim etildi. Mahallamiz aholisi, xususan, yoshlar muammolarini bartaraf etish maqsadida “xonadonbay” ishlash tizimi yoʻlga qoʻyildi. 2023-yilda Yoshlar ishlari agentligi va “Xalq banki” koʻmagida yaratilgan “Mutolaa” loyihasi yoshlarning kitobxonlikka ishtiyoqini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. “Mutolaa” eng sara kitoblarning elektron, audio hamda video shaklidagi sifatli va tizimli platformasi, loyiha harakatdan, izlanishdan kitob oʻqishdan toʻxtamaydiganlarga koʻprik vazifasini bajaradi. U mutlaqo bepul, yoshlarning qiziqishlariga mos tarzda tuzilgan. Kitobxonlar uchun yosh chegarasi belgilanmagan. Qarshi shahrida loyihaning ilk targʻibot jarayonlarini maktab, yoshlar gavjum joylarda mahalla raisi boshchiligida amalga oshirdik. Loyiha mahallamiz yoshlari tomonidan iliq kutib olindi. Bundan tashqari, “Kitobxonlik” toʻgaragini yoʻlga qoʻydik. Toʻgarak aʼzolari bilan yil soʻngiga qadar 30 ta kitob oʻqishni maqsad qilganmiz. Joriy yilda “Yoshlar kutubxonasi” tashkil etishni maqsad qilganman. Kitobxonlik orqali barcha sohalarni rivojlantirish imkoniyatiga ega boʻlish mumkin. Chunki barcha illatlarning sababi ilmsizlikdir.      

3.4.2024 95

12 shaxmatchimiz FIDE reytinglarida

Xalqaro shaxmat federatsiyasi mart oyi yakunlariga ko‘ra, turli yo‘nalishlar va yosh toifalari bo‘yicha dunyoning eng kuchli shaxmatchilarining yangilangan reytinglarini e’lon qildi. O‘zbekistonning 12 nafar mahoratli shaxmatchisi FIDEning yangilangan reyting ko‘rsatkichlaridan joy oldi. FIDE ning aprel oyi holatidagi yangilangan eng kuchli shaxmatchilarning TOP-100 lik reytingini Magnus Karlsen, Fabiano Karuana, Xikaru Nakamura boshqarayotgan bo‘lsa, hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov 4-o‘rinda qayd etildi. O‘zbekiston shaxmat maktabi vakillaridan Rustam Qosimjonov 48, Javohir Sindorov 50, Nodirbek Yoqubboyev 69-pog‘onalardan joy olishdi.  FIDE e’lon qilgan 20 yoshgacha bo‘lgan eng kuchli shaxmatchilar yuzligini Nodirbek Abdusattorov boshqarayotgan bo‘lsa, Javohir Sindorov 6, Muhiddin Madaminov 46-o‘rinda ko‘rinish berdi. 20 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchi qizlarning kuchli yuzligida Afro‘za Hamdamova 17-o‘rindan joy oldi, ayollar o‘rtasidagi blits va rapid yo‘nalishidagi kuchlilar ro‘yxatida Afro‘za va Umida Omonovaning nomlari keltirilgan. Bundan tashqari, FIDEning turli reytinglaridan mamlakatimiz aql gimnastikachilaridan Muhammadzohid Suyarov, Shamsiddin Vohidov, Olmos Rahmatullayev, Humoyun Bekmurodov ham o‘rin egalladi.

3.4.2024 99

“Ibrat farzandlari”da 101 kunlik chellenj

Ko‘pchilikka ma’lum, “Ibrat farzandlari” loyihasi orqali xorijiy tillarni mutlaqo bepul, oson va kreativ usulda o‘rganish mumkin. Endi esa ushbu loyiha rus tilini o‘rganmoqchi bo‘lganlar uchun 101 kunlik chellenj e’lon qildi. Bu chellenjda rus tilini o‘rganishga o‘zida motivatsiya topa olmayotgan, rus tilini bilmagani uchun ishga kira olmayotgan, to‘g‘ri “roadmap” tuza olmayotgan, shu loyiha darsliklari orqali o‘rganishni boshlab, keyin tashlab qo‘yganlar qatnashishlari mumkin. Ishtirokchilar 1-apreldan boshlab 101 kun davomida “Rus tili/Ibrat farzandlari” telegram kanali orqali berilgan vazifalarni bajarish, chat orqali fikr almashib, rus tilida suhbatlashish imkoniyatlariga ega. Eng asosiysi, ishtirokchilar bilan suhbatimiz davomida ular uchun chellenj so‘ngida beriladigan sertifikat va sovg‘alar emas, rus tilida bemalol suhbatlasha olish muhimligini bilib oldik.

3.4.2024 153

Endilikda migrantlarning viza, chipta, til o‘rganish xarajatlari qisman qoplab beriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyevga migratsiyani tartibga solish va mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflar taqdimot qilindi. Mamlakatimizda bunday fuqarolarni chet elga tartibli va xavfsiz jo‘natish bo‘yicha muayyan ishlar qilinmoqda. Oxirgi ikki yilda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan 70 ming kishi rivojlangan davlatlarga yuborilgan. Davlat rahbari sohada fuqarolarga qulayliklar yaratish, mehnat migratsiyasidan qaytgan shaxslarning bandligini ta’minlash vazifalarini qo‘ygan edi. Shu bois mehnat migratsiyasi tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, Bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi davlat muassasasi shaklida boshqaruv organiga aylanadi. Agentlik direktori bir vaqtning o‘zida Bandlik vaziri o‘rinbosari bo‘ladi. U mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini ham boshqaradi. 24 soat ishlaydigan "koll markazlar" Buyuk Britaniya, Germaniya, Polsha, Vengriya, Yaponiyadagi elchixona va konsulliklarda mehnat migratsiyasi bo‘yicha attashe, Saudiya Arabistonida agentlik vakili lavozimi joriy qilinadi. Xorijdagi fuqarolarimiz masalalarini tezkorlik bilan hal qilish uchun elchixonalar va tegishli vazirliklarda 24 soat ishlaydigan “koll-markazlar” tashkil etiladi. “Xorijga ish – mahalladan” tamoyili “Xorijga ish – mahalladan” tamoyili yo‘lga qo‘yiladi. Bunda, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqaroni aniqlab, “Onlayn mahalla” platformasiga kiritadi. Nomzodlar xorijdagi ish beruvchilar tanlovlariga jalb qilinadi. Kasbiy malakasi yo‘q va tilni bilmaydigan fuqarolarni kasbga o‘qitish va profta’lim muassasalarida maqsadli tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi huzurida fuqarolarni xorijiy tillarga o‘rgatish va ishlashga maqsadli tayyorlash markazi ochiladi. Qanday xarajatlar qoplab beriladi? Xorijda ishlash istagida bo‘lganlar muayyan xarajatlarga ham duch keladi. Shu bois endi migrantlarning ishchi viza, yo‘l chiptasi, xorijiy til va kasb bo‘yicha malakani baholatish xarajatlari qisman qoplanadi. Chet tili bo‘yicha xalqaro yoki unga tenglashtirilgan sertifikat olgan fuqaroga til o‘rganish uchun sarflagan xarajatining 50 foizi qoplab beriladi. Mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarning bandligiga ko‘maklashish ham muhim masala. Shu bois, Sayxunobod tajribasi asosida ularga tomorqada mahsulot yetishtirib, daromad olishi uchun moliyaviy ko‘mak beriladi hamda boshqa turdagi bandlik xizmatlari ko‘rsatiladi. “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturiga muvofiq imtiyozli kreditlar ajratiladi. Tibbiy muassasalar migratsiyadan qaytgan shaxslar va ularning oila a’zolarini bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi. “Inson” markazlari tomonidan ota-onasi xorijda mehnat qilayotgan bolalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi. Mehnat migratsiyasidan qaytganlarga subsidiya Mehnat migratsiyasidan qaytganlarni ishga olgan korxonaga har bir xodim uchun bir yil davomida Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan oyiga 500 ming so‘m subsidiya beriladi. Ushbu tadbirlarga bu yil uchun barcha manbadan 100 milliard so‘m ajratiladi. Davlatimiz rahbari bu tizimni samarali yo‘lga qo‘yib, fuqarolarga sifatli xizmat ko‘rsatish, bandlikni oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

2.4.2024 119

G'olibga elektromobil: “Eng toza mahalla” tanlovi qay tartibda o'tkaziladi?

O‘zbekistonda har yili “Tabiat uyg‘unligi himoyachisi” va “Eng toza mahalla” tanlovlari o‘tkazilishi belgilangandi. Ushbu tanlovlarni o‘tkazishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi. Qaror loyihasi bilan ushbu tanlovlarni o‘tkazish, g‘oliblarni aniqlash va ularni taqdirlash tartibi belgilanmoqda. Ekofaollarga rag'bat Unga ko‘ra, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi 2024-yilning iyun oyidan boshlab sanitar tozalash korxonalarining chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash ishlari bilan shug‘ullanuvchi ishchilari hamda obodonlashtirish boshqarmalarining tozalash ishlari bilan shug‘ullanuvchi ishchilari, ekofaollar va jamoatchilik ekologiya nazoratchilarining 100 nafarini har oyda bir marotaba velosiped va boshqa mukofotlar bilan taqdirlashni yo‘lga qo‘yadi. Tanlovlarni o‘tkazish va g‘oliblarini taqdirlash bilan bog‘liq xarajatlar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining Ekologiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi. “Eng toza mahalla” tanlovi Tanlovda ishtirok etish uchun nomzod mahallalar har yili 1-noyabrdan 30-noyabrgacha O‘zbekiston mahallalari uyushmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalariga ariza topshirаdi. Arizalar bilan birga quyidagilarni tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalari, fotoalbom yoki 10 daqiqadan oshmagan videolavhali taqdimot materiali taqdim etiladi: ijtimoiy obyektlardagi mavjud konteynerlar, ko‘chalarga o‘rnatilgan chiqindi qutilari soni;chiqindilarni yig‘ish shoxobchalari soni va ularning holati;ko‘rsatilgan sanitar tozalash xizmatlari bo‘yicha to‘lov intizomi (debitor qarzdorlik);mahallada chiqindilarni to‘plash, saralash, olib chiqib ketish ishlari tashkil etilganligi hamda mahallani chiqindilardan holi hudud sifatidagi amalga oshirgan ishlari;aholining ekologik tarbiyasi hamda ekologik madaniyatini oshirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari;atrof-muhitni muhofaza qilishga oid jarayonlarni ommaviy axborot vositalarida yoritish ishlari;daraxt va butalarni parvarishlashda suvni tejaydigan texnologiyalarni qo‘llagan holda sug‘orish ishlarini tashkil etganligi;ekologik madaniyatni yuksaltirish, targ‘ibot va tashviqot tadbirlaridagi faol ishtiroki;tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash borasidagi tashabbusi;chiqindilarni saralab yig‘ish tizimi joriy etilgani;yashil makon doirasida ekilgan daraxt va butalarning holati;energiya tejovchi texnologiyalardan foydalanish darajasi. Tanlov qachon o'tkaziladi? Tanlov har yili dekabr—yanvar oylarida quyidagi bosqichlarda o‘tkaziladi: hududiy saralash bosqichi — dekabr oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida;respublika final bosqichi — yanvar oyida hududiy saralash bosqichlari g‘oliblari o‘rtasida respublika miqyosida.Respublika komissiyasi baholash natijalariga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha eng ko‘p ball to‘plagan bittadan mahalla saralab oladi va g‘olib deb topadi. G'olibga qanday mukofot bor? G‘olib bo‘lgan mahallalarning tegishli jamg‘armasiga chiqindi yig‘ish maydonchalarini qurish, mahalladagi ijtimoiy obyektlarga chiqindi konteynerlarini o‘rnatish va daraxtlarni ekish uchun 500 million so‘mdan pul mablag‘i hamda xizmatda foydalanish uchun 1 tadan elektromobil topshiriladi. “Eng toza mahalla” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash 21-mart — Navro‘z bayrami arafasida amalga oshiriladi. “Tabiat uyg‘unligi himoyachisi” tanlovi Tanlovda ishtirok etish uchun sanitar tozalash korxonalari chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash ishlari bilan shug‘ullanuvchi xodimlari, obodonlashtirish boshqarmalarining tozalash ishlari bilan shug‘ullanuvchi xodimlari orasidan eng uzoq (kamida 10 yil) va sadoqatli xizmat ko‘rsatgan ko‘pi bilan 3 nafar nomzod taqdim etiladi. Nomzodlar topshiradigan hujjatlar Nomzodlar o‘z arizalari bilan birga quyidagilarni ham taqdim etadi: nomzodning ma’lumotnomasi (obyektivka);nomzodning shaxsini tasdiqlovchi hujjat;nomzodning so‘nggi uch yil davomida atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatni asrash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish borasidagi faoliyati, shuningdek, chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish, saralash va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida alohida tashabbuslari aks ettirilgan tavsifnoma;nomzodning farzandi yoki nabirasining to‘lov kontrakt asosida davlat oliy ta’lim muassasasida ta’lim olayotganligi haqida ma’lumotnoma va shartnomasi;davlat oliy ta’lim muassasasida ta’lim olayotgan shaxsning nomzodga qarindoshligini tasdiqlovchi ma’lumotlar.Komissiya saralash natijalarini komissiya yig‘ilishida ko‘rib chiqib, eng ko‘p ball to‘plagan nomzodlarni ketma-ketlik tartibida saralaydi va saralash natijalarini 10-noyabrga qadar tasdiqlab, eng ko‘p ball to‘plagan 100 nomzodni g‘olib deb topadi. Ularni taqdirlash har yili 8-dekabr — O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan kuni arafasida vazirlik rahbariyati yoki uning ko‘rsatmasiga muvofiq boshqa mas’ul shaxslar tomonidan tantanali tarzda amalga oshiriladi. Kontrakt to'lab beriladi G‘olib bo‘lgan nomzodlarning davlat OTMlariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirgan farzandlari yoki nabiralariga kontraktining bir yillik to‘liq summasi, biroq BHMning 30 baravaridan ortiq bo‘lmagan qismi to‘lab beriladi. Bunda, talabalarga kelgusida davlat organlari va tashkilotlarida kamida uch yil ishlab berish majburiyati yuklatiladi.

2.4.2024 146

Bilimli yoshlar endi bir oyda 1 mln so‘m qo‘lga kiritishlari mumkin!

Yoshlar ishlari agentligi va “Mening yurtim” telekanali hamkorligidagi “Mavzu” onlayn olimpiadasini taqdim etadi. Endilikda fanlar kesimida – matematika, fizika, kimyo, biologiya, tarix, ona tili va adabiyot fanlaridan @mavzubot Telegram botida onlayn olimpiadada ishtirok etish mumkin. Olimpiadaning birinchi mavsumi 2-apreldan 30-aprelga qadar o‘tkaziladi. Bunda ishtirok etishni istagan barcha @mavzubot orqali ro‘yxatdan o‘tadilar va o‘zlariga mos fonni tanlaydilar. Bitta ishtirokchi bir mavsumda faqatgina bitta fanni tanlashi va shunda ishtirok etib, g‘olib bo‘lishi mumkin. Har bir mavsum 4 ta turdan iborat bo‘lib, har dushanba kuni soat 00:00 da yangi tur savollari @mavzubot Telegram botida avtomatik e’lon qilinadi va bu shu haftaning yakshanba kuni soat 23:59 gacha faol bo‘ladi. Ya’ni hafta davomida ishtirokchilar o‘zlariga qulay paytda test ishlashlari imkoni bor. Har bir ishtirokchi bitta fanni tanlagach bir oy davomida (4 ta turda) aynan shu fandan taqdim etilgan testlarni ishlaydilar va ball yig‘ib boradilar, oy oxirida natijasi eng yuqori bo‘lgan ishtirokchilar, ya’ni har bir fandan 5 tagacha g‘oliblar aniqlanadi va ularning har biriga 1 mln so‘mdan mukofot beriladi. Barcha yoshlarga omad tilaymiz. Olimpiadaning 1-turida hoziroq @mavzubot orqali ro‘yxatdan o‘tib, ishtirok etishni boshlang!

28.3.2024 192

VATANPARVAR YETAKCHI

Zangiota tumani “Vatanparvar” mahallasi yoshlar yetakchisi Shohsanam Meliqo‘ziyeva o‘zining qat’iyati, shijoati bilan ajralib turadi. U 2022-yildan 2024-yilgacha tumandagi “Bog‘zor” mahallasida yetakchi sifatida faoliyat yuritgan. Joriy yildan “Vatanparvar” mahallasi yoshlar yetakchisi sifatida ishlamoqda. Shohsanam oilalardagi ma’naviy muhitni yaxshilash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, sport tadbirlarini ommalashtirish, oilalar farovonligini oshirish, oilaviy qadriyatlarni saqlash va an’analarni kundalik tarbiya tizimiga joriy etish, notinch oilalar bilan ishlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqib, tizimli amalga oshirishda jonbozlik ko‘rsatmoqda.   Bildirilgan ishonch o‘zini oqladi U mahalladagi jinoyatga moyil yoshlarni turli mashg‘ulotlar bilan band qilishga erishgan. Ayrimlarini kosibga shogirdlikka yollagan bo‘lsa, boshqalari dehqonchilikka jalb etilgan. Sport bilan muntazam shug‘ullanish istagidagi yoshlarning musobaqalarda ishtirok etishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan. Yetakchi tashabbusi bilan homiylik mablag‘lari hisobidan 2022-yilda 90 million so‘mlik bolalar maydonchasi qurib bitkazildi. “Bog‘zor”da 2021-yilda 17 nafar yosh jinoyatchilik sodir etgan bo‘lsa, 2022-yilda bu ko‘rsatkich 2 tani tashkil etgani Shohsanamning yoshlar bilan ishlashdagi yutug‘ini ko‘rsatmoqda. Shohsanam “Bog‘zor” mahallasidagi 2 yillik faoliyat davomida 46 nafardan ziyod ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlariga issiq kiyim-bosh, 200 dan ortiq xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. 1 nafar nogiron yoshga aravacha ajratildi. Mahalladagi 2 ta yosh oila ajrimining oldini olishga erishdi. Ijtimoiy holati og‘ir bo‘lgan 1 nafar yoshga sog‘lig‘ini tiklashi uchun 40 million so‘m homiylik yordami ajratildi. 1 nafar ko‘zi zaif ko‘ruvchi yoshga homiylik asosida davolanish xarajatlari qoplab berildi va 1 nafar jazoni ijro etish muassasidan kafillik asosida olib chiqilgan yoshni “Besh tashabbus olimpiadasi” loyihalarida ishtiroki ta’minlanib, sportning yengil atletika turi bo‘yicha tuman birinchiligini qo‘lga kiritdi. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va bandlik markazlari bilan hamkorlikda migratsiyadagi yoshlarni qaytarishga ham erishgan. Chet davlatga ishlash uchun ketgan 2 nafar yoshni qaytarib doimiy ish bilan ta’minladi. Xorijda ishlash istagida yurgan yoshlar kasb-hunarga o‘qitildi.   Hindiston safari Shohsanam Meliqo‘ziyeva 2023-yil O‘zbekistonning faol yoshlaridan iborat delegatsiya tarkibida Hindistondagi xalqaro forumda ishtirok etdi. Safar davomida Hindiston yoshlari bilan fikr almashdi, ta’lim tizimini qiziqib o‘rgandi. Shohsanam O‘zbekistonda yoshlarga yaratilgan sharoitlar havas qiladigan darajada ekanligini alohida ta’kidlaydi: – Hindistonlik yoshlar bizdagi yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tiborni kuzatib borisharkan. Hindiston va O‘zbekistondagi yoshlarga yaratilgan imkoniyatlarni taqqoslaganda Vatanimiz ular uchun ertakka o‘xshab ko‘rinadi. U yerda faqat puli borlar o‘qiydi. Qolganlar bilimsiz qolib ketaveradi. Ular bilan suhbatda O‘zbekistondagi yoshlarga berilayotgan e’tiborga havasi kelishini, bizning yurtimizda yashashga qiziqib qolganliklarini aytishdi. Ana shu jarayonda o‘zimda faxr tuyg‘usini his qildim, o‘zbek ekanligimdan faxrlandim. Hindistonlik yoshlarni yurtimizga taklif qildim.   JIEMdagi hayot Zangiota tumanidagi jazoni ijro etish muassasalari “Bog‘zor” mahallasi hududida joylashgan. Qahramonimiz muassasa yoshlari bilan ham tizimli ishlarni yo‘lga qo‘ygan. Voyaga yetmagan bolalar va ayollar qamoqxonasida jazoni o‘tayotgan yoshlarning vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida “Besh tashabbus olimpiadasi” tadbirlari, e’tibordan chetda qolgan, umidi so‘ngan yoshlarni hayotga qaytarish, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlash maqsadida malakali psixologlar bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda. 24-sonli tarbiya kaloniyasidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj 1 nafar yoshga oliy ta’lim kontrakt pulining 50 foizi to‘lab berildi. Shohsanam JIEMdagi ayol-qizlar bilan aloqa o‘rnatib, ularni mashg‘ulotlarga jalb etib boradi. Kimlardir adashib bu yerga kelib qolgan, yana kimlardir oilaviy tazyiq sabab jinoyatga qo‘l urgan. Muassasadagi qizlarning ko‘pchiligi ota-onasidan erta yetim qolgan. Yetakchi tashabbusi haftada ikki marta JIEMdagi ayol qizlar va psixolog uchrashuvi belgilangan.   Tajriba almashamiz! Yoshlar siyosati yo‘nalishidagi faoliyat yangi bilim va katta tajriba talab etadi. Shohsanam Meliqo‘ziyeva bu yil “Vatanparvar” mahallasi yoshlar yetakchisi etib tayinlandi. U dastlabki kundanoq mahalla taqdiriga o‘zini mas’ul deb bilib, tizimli ishlarni yo‘lga qo‘ydi. Mahalla bilan tanishish uchun xatlov o‘tkazdi, yoshlarning murojaatlarini eshitdi.   “Vatanparvar” mahallasi balansi: Aholi: 845 nafar Xonadon: 168 ta Yoshlar: 147 nafar Ayol-qizlar: 440 nafar Og‘ir toifadagi yoshlar: 4 nafar Yetakchi uch o‘tgan qisqa vaqr ichida mahalla yoshlari bilan individual ishlash tizimini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘ydi. Har bir yoshning murojaatini ijobiy hal etishga intilmoqda. Og‘ir toifadagi yoshlar Davlat xizmatlari markazi sho‘ba boshlig‘i Abdumajid Maxitdinovga biriktirilgan bo‘lib, ularning bandligini ta’minlash va vaqtini bekor o‘tkazmasligi alohida nazoratga olingan. Ayni paytda “Yoshlar daftari”ga kiritlgan yoshlar ro‘yxati shakllantirilib, ularga tegishli yordam ko‘rsatish ishlari davom etmoqda. – “Vatanparvar” mahallasida aholi ham, yoshlar soni ham. Bu ular bilan ko‘proq ishlash imkonini beradi, – deydi “Shohsanam Meliqo‘ziyeva. – Har biri bilan birma-bir ishlashga, ularni tinglashga harakat qilyapman. Hozir “Vatanparvar” mahallasi yoshlari bilan “Besh tashabbus olimpiadasi”ga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Og‘ir toifadagi 4 nafar yoshni ham musobaqalarga jalb etganman.

28.3.2024 148

KAM, SEKIN VA SIFATLI OVQATLANING

Wisetover internet nashri 2023-yilda dunyo davlatlari aholisining ovqatlanish jarayonini tahlil qilib, natijalarini e’lon qildi. Indeksda ovqatlanish sifat ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston 76,3 foiz bilan 51-o‘rinni, ovqatlanish xavfsizligi bo‘yicha 65,2 foiz natija bilan 48-o‘rinni band qildi. Xo‘sh, o‘zbek ratsioni jahon standartlariga javob beradimi? Ayni maqola shu xususda. Ovqatlanish tabiiy biologik jarayon, tiriklik omili. Ovqatlanish ratsionining to‘g‘ri tuzilishi insonni kuch-quvvat bilan ta’minlash barobarida kasalliklarga chalinish ehtimolini pasaytiradi, immunitetni mustahkamlab, umrni uzaytiradi. Ya’ni sog‘lom turmush tarzining asosiy shartlaridan biri. Biroq dunyoning ko‘plab xalqlari qatori o‘zbeklar ham sog‘lom ovqatlanish tartibiga ko‘p holda rioya etmaydi. Barcha kasalliklarning tub ildizi Mutaxassislarning fikricha, barcha turdagi kasalliklar noto‘g‘ri ovqatlanish va ruhiy siqilishdan kelib chiqadi. – Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga koʻra, oʻnta kasallik turi va oʻlim sabablaridan oltitasi — semirish, kamqonlik, yurak-qon tomir, jigar va buyrak kasalliklari hamda diabet, notoʻgʻri ovqatlanish bilan bogʻliq, – deydi tibbiyot fanlari doktori Guli Shayxovaga. – Sogʻlom turmush tarzi tushunchasi keng maʼnoga ega boʻlib, u jismoniy faollik, zararli odatlar, yaʼni giyohvandlik, tamaki (nosvoy) chekish, spirtli ichimliklar isteʼmoliga qarshi kurash va ratsional ovqatlanish kabilarni oʻz ichiga oladi. Shu oʻrinda inson organizmiga taʼsir etuvchi minglab omillar ichida ovqatlanish, ayniqsa, oʻz vaqtida va meʼyorida, zarur boʻlganda esa parhezbop taomlar yeyish muhim ahamiyatga ega ekanini yodda tutish lozim. Guli Shayxovaga ko‘ra, dunyodagi yetakchi ilmiy markazlarda olib borilgan kuzatuvlarda hayvon yogʻidan va yuqori sifatli un mahsulotlaridan tayyorlangan taomlar hamda shirinliklarni meʼyoridan ortiq tanovul qilish, ovqatlanish tartibi va ritmiga amal qilmaslik oziq-ovqatlarning asosiy tarkibiy qismlari oʻrtasidagi muvozanatning buzilishi va oqibatda kasalliklar kelib chiqishini  tasdiqlanmoqda. Chunki ular qonda xolesterin (yogʻsimon zarrachalar) miqdorining oshishi, qon bosimining koʻtarilishi, miokard infarkti, bosh miyaga qon quyilishi yoki ishemik insult (bosh miya va boʻyin tomirlarida yogʻlar oʻtirib qolishi oqibatida unda qon aylanishining oʻtkir buzilishi), qandli diabetga moyillik tugʻilishining asosiy sabablaridan biri hisoblanadi. O‘ldirsa ham osh o‘ldirsin(mi?)  “Kuningdan bir kuning qolsa ham, pulingdan bir puling qolsa ham osh ye”, degan ibora har bir o‘zbekka tanish. Yaxshi kun, to‘y-u, tantanalarda har bir o‘zbek elga dasturxon yozsam, osh bersam deb niyat qiladi. Mana shunday kabi azaliy odatlar yuqorida tilga olingan kasalliklarning rivojlanishiga qo‘yilgan tamal toshlardek gap. Umuman, o‘zbeklarning ertalabki kamtarona, tushlik paytidagi o‘rtamiyona va kechki shohona tarzdagi ovqatlanishi jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti belgilab bergan talablarga mutanosib emas. Natijada, qandli diabet, gipertoniya, anemiya, har xil turdagi saraton va infeksiyalar, yurak-qon tomir kasalliklari va dislipidemiya kabi kasalliklar ko‘payib bormoqda. Buni tadqiqotlar ham isbotlaydi. Germaniyadagi Fridrix Shiller nomidagi universitet olimlari noto‘g‘ri ovqatlanish sabab yuz beradigan o‘lim holatlari darajasi bo‘yicha dunyo reytingini tuzdi. Mazkur  tadqiqot 1990-yildan 2016-yilgacha bo‘lgan davrdagi ma’lumotlarga asoslangan. Unga ko‘ra, zararli ovqatlanish odatlari tufayli eng yuqori o‘lim darajasi MDH mamlakatlarida qayd etilgan. O‘zbekiston o‘limlar soni bo‘yicha “yetakchi” bo‘lgani, qolaversa, mamlakatda noto‘g‘ri ovqatlanish oqibatida har 100 ming kishidan 394 kishi hayotdan ko‘z yumgani qayd qilingan.   Sog‘lom ovqatlanish qanday bo‘lishi kerak? Tibbiy nuqtayi nazardan, kunda toʻrt marta va bir vaqtda ovqatlanish maqsadga muvofiq. Uning taxminan 25 foizi birinchi nonushtaga, 15 foizi ikkinchi nonushtaga, 35 foizi tushlikka, 25 foizi esa kechki ovqatga toʻgʻri kelishi sogʻlom ovqatlanishning asosiy shartidir. Mutaxassis Guli Shayxova yegulik tarkibiy qismiga eʼtibor berish juda muhimligini ta’kidlaydi. Professor so‘zlariga ko‘ra, oqsilga boy oziq-ovqatlar asab tizimi qoʻzgʻaluvchanligini oshirgani sababli ularni kunning birinchi yarmida, yaʼni inson faol harakatda boʻlgan davrda isteʼmol qilish maʼqul. Kunlik taomnomada sabzavot va mevalardan tayyorlangan salatlar, vinegretlar, karam, pomidor, bodring, qovoq, kashnich yetarli darajada boʻlishi, dukkaklilar, yaʼni noʻxat, loviya, mosh, turli qoʻziqorinlar chegaralangan miqdorda ishlatilishiga ahamiyat beriladi. Pishloq va tvorogning ham yogʻsizlantirilgan sutdan tayyorlangani foydalidir. Ichish uchun achchiq boʻlmagan choy, meva sharbatlari, oʻtli damlamalar tavsiya etiladi. Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” asarida turli kasalliklarni muolaja qilish bilan birga, sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotiga, to‘g‘ri ovqatlanishga ham keng o‘rin berilgan. Xususan, Ibn Sino ochlik hissi bo‘lganda faqat yangi pishirilgan ovqatlarni ruhiy va jismoniy tinch holda yeyishni maslahat beradi. Qolaversa, shoshmasdan, yaxshilab chaynab yeyish va ko‘p yeyishdan tiyilishni ta’kidlaydi.

28.3.2024 114

Sanoat zonasi – mahallaning “o‘sish nuqtasi”

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida Uychi tumanidagi “Qumtepa” mahallasida joylashgan “Qumtepa” yoshlar kichik sanoat zonasida ham bo‘ldi. Mahallalarda shakllangan kasb-hunarlarni rivojlantirib, drayverga aylantirish, shu orqali aholi bandligi va daromadlarini oshirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Uychi tumanidagi Qumtepa, Dehqon, Balandariq va Jiydakapa mahallalarida temirchilik shunday yo‘nalish sirasiga kiradi. 2021-yilda bu yerda temirchilikka ixtisoslashgan sanoat zonasi tashkil etilib, xonadonlardagi usta-hunarmandlarga zarur sharoitlar yaratib berildi. Uch gektar maydonni egallagan majmua yo‘l, energiya, ichimlik va oqova suv kabi barcha infratuzilma bilan ta’minlandi. Shu bilan birga, energiya tejamkor usullar joriy etilib, quyosh panellaridan samarali foydalanilmoqda. Davlatimiz rahbari bu yerda ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi, temirchi hunarmandlar bilan suhbatlashdi. Prezidentimiz mutasaddilarga sanoat zonasi maydonidan samarali foydalanish, yoshlarni va ishsiz fuqarolarni hunarga jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Shu yerda mahallabay ishlash orqali ishsizlikni kamaytirish bo‘yicha vazifalar muhokama qilindi. Sayxunobod tajribasi asosida 14 ta tumandagi 788 ta mahallaga iqtisodiy idoralarning rahbar va mas’ul xodimlari biriktirilgan. Ular “mahalla yettiligi” bilan birga 557 ming xonadondagi imkoniyatlarni o‘rgangan. – Men Sayxunobodda “bu yil iqtisodiyotimizda hayotiy uyg‘onish va yuksalish yili bo‘ladi” dedim. Maqsad – inson salohiyatiga kapital yo‘naltirish, uni harakatga undash, dunyoqarashni o‘zgartirish. Uychi tumani ham iqtisodiyoti og‘ir hudud. Ushbu tizim asosida ishsizlarga tomorqadan daromad topish, o‘z ishini ochish, qobiliyatini yuzaga chiqarishga ko‘maklashish kerak, – dedi Prezident. Davlatimiz rahbari “Qumtepa” mahallasi markazida ham bo‘lib, aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Mazkur mahallada 5 ming 200 nafarga yaqin aholi yashaydi. Xonadonlar metalni qayta ishlash, dehqonchilik va xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan. Bu yil mahalla qiyofasi yaxshilandi. Mahalla idorasi uchun yangi bino qurildi. Barcha xonadonlar ichimlik suvi ta’minotiga ulandi. Ichki yo‘llar, elektr tarmoqlari ta’mirlandi. “Yashil makon” dasturi doirasida yo‘l bo‘ylariga mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Mahallada tikuvchilik sexi, go‘zallik saloni, sport maydonchalari, tibbiyot punkti, kutubxona, oziq-ovqat do‘konlari hamda dorixonalar aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Yangi mahalla binosida Tadbirkorlarga ko‘maklashish markazi ham tashkil etildi. Bu yerda aholi va tadbirkorlar ayrim davlat xizmatlaridan foydalanishi mumkin. Prezident buni ma’qullab, davlat idoralari bilan bog‘liq masalalarni iloji boricha mahallalarning o‘zida hal etish zarurligini ta’kidladi.