Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

TEXNOLOGIYA

26.3.2024 244

ITga qiziquvchi eng faol qizlar Birlashgan Arab Amirliklariga ta’lim sayohatiga yuboriladi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘quvchilarni IT sohasiga qiziqtirish hamda shu yo‘nalishdagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida "Raqamli avlod qizlari-2024" respublika tanlovi bo‘lib o‘tmoqda.Zamonaviy axborot texnologiyalariga qiziqib borayotgan, bu sohada o‘z iqtidori va salohiyatini dadil namoyon etayotgan qizlar safi tobora ortib bormoqda. "Raqamli avlod qizlari-2024" respublika tanlovi bu borada o‘quvchi qizlarning bilimlarini yanada oshirish, ularning bilim va salohiyatini yuksaltirishdek maqsadlarga qaritilgani bilan ahamiyatlidir. Tadbir joriy yilning 29-martiga qadar davom etadi. Unda offlayn tarzda 200 nafarga, onlayn shaklda esa 3000 nafarga yaqin qizlar qamrab olinmoqda. Bu yilgi tadbirda Digital Art, 3D Modelling, sun’iy intellekt, startap loyihalar, grafik dizayn kabi yo‘nalishlarda gibrid darslar o‘tkazilmoqda. Shuningdek, bu yil ilk bor loyiha doirasida "Liderlar maktabi" yo‘nalishi qo‘shilgan bo‘lib, unda mustaqil loyihalar ustida ishlash hamda IT sohasida xalqaro grantlar yutish haqida ma’lumot berilmoqda. Bugun mashg‘ulotlardan tashqari xorijiy va mahalliy spikerlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Xususan, "Yangi O‘zbekiston" universiteti professsor-o‘qituvchisi, misrlik Islom Elhadary tomonidan "Ayollarning veb dizayn bilan shug‘ullanishi haqida 5 afsona", Tet-a-tet taraqqiyot asoschisi Tursunoy Usmonova tomonidan “Ayol-qizlar uchun chet elda o‘qish grantlari va dasturlari” mavzularida davra suhbatlari tashkil etildi. Respublika tanlovi mashg‘ulotlarida eng faol qatnashgan qizlar Birlashgan Arab Amirligiga ta’lim sayohatini qo‘lga kiritishlari mumkin.

25.11.2023 1368

Endi ifloslangan suvdan toza ichimlik suvi olish mumkin

Kembrij universiteti tadqiqotchilari ifloslangan yoki dengiz suvidan toza ichimlik suvi va vodorod yonilg‘isi ishlab chiqaruvchi qurilma yaratishdi. Qurilma quyosh energiyasida ishlaydi. Qurilma haqiqiy ochiq suv manbalarida sinalgan. Masalan, Kembrij markazidan oqib o‘tuvchi Kem daryosi suvlari, qog‘oz sanoatining loyqa chiqindi suvlari tozalab ko‘rildi. Sunʼiy dengiz suvi bilan sinovlarda qurilma 154 soatdan keyin ham boshlang‘ich salohiyatining 80 foizini saqlab qoldi. Tadqiqotchilarga ko‘ra, fotokatalizator suvdagi ifloslanishlardan yaxshi himoyalangani va nisbatan quruq saqlangani bois, qurilma uzoq vaqt ishlab berishi mumkin. Ushbu ishlanma uchinchi dunyo mamlakatlarida ichimlik suvi va yonilg‘i muammosini hal etishi mumkin.

7.11.2023 1626

Ruchka – katta ixtiro

Bir qaraganda jo‘n ko‘rinadigan har qanday narsa ortida mashaqqatli mehnat yotadi. Hozir maktabga ilk qadam qo‘ygan kezlarimizdanoq bizga hamroh bo‘lgan , sumkamizning kichik qismidan joy egallagan katta ixtiro, xat-hujjatlar tayyorlashdagi beminnat ko‘makchi haqida ma’lumot bermoqchimiz. Anglaganingizdek, bugun sharikli ruchkaning tug‘ilganidan to bugungi kundagi rivoji qandayligi xususida so‘z yuritamiz. Inson fikrlar ekan, o‘z tasavvurlarini bayon etishning bir necha usullarini o‘ylab topa boshladi. Ibtidoiy odamlar o‘tkir tig‘li qurollar bilan g‘orlarda o‘z turmush tarzini aks ettirgan bo‘lsa, o‘rta asrlarda pat qalamlar yordamida nodir asarlar yaratildi. XIX asrga kelib sharikli ruchkaning paydo bo‘lishi esa fanda alohida hodisaga aylandi. Sharikli ruchka uchun birinchi patent bundan 135 yil oldin 1888-yil 30-oktabrda Jon J.Loudga berildi. Loudning ruchkasi rozetkadan ushlab turgan kichik aylanuvchi po‘lat sharga ega edi. U qo‘pol yuzalarni belgilash uchun ishlatilishi mumkin bo‘lsa-da, xat yozish uchun juda noqulayligi bois muvaffaqiyatsizlikka uchradi va Loudning patenti o‘z kuchini yo‘qotdi. XX asrning 30-yillarida vengiriyalik gazeta muhariri Laslo Biro qalamlarni toʻldirish va bulgʻangan sahifalarni tozalash uchun koʻp vaqt sarflaganidan hafsalasi pir boʻlib, gazeta chop etishda ishlatiladigan siyohlar tez qurib, qogʻoz quruq va dogʻsiz qolib ketishini payqadi. U xuddi shu turdagi siyoh yordamida qalam yaratishga qaror qildi. Biro yangi sharikli dizaynlar uchun yopishqoq siyoh formulalarini ishlab chiqish uchun kimyodan foydali bilimga ega bo‘lgan tish shifokori – akasi Dyorjidan yordam so‘radi. Biro innovatsiyasi siyohning yopishqoqligini shar-rozetka mexanizmi bilan muvaffaqiyatli birlashtirdi, bu esa siyohning rezervuar ichida quritilishining oldini olish va boshqariladigan oqimga imkon berdi. Biro 1938-yil 15-iyunda Britaniya patentiga ariza berdi. 1941 yilda aka-uka Biro va do‘sti Xuan Xorxe Meyne Germaniyadan qochib, Argentinaga ko‘chib o‘tishdi va u yerda “Argentinaning Biro qalamlari”ni tashkil qilishdi va 1943-yilda yangi patent oldi. Ularning qalami Argentinada “Birome”, Biro va Meyne nomlaridan kelib chiqqan bo‘lib, bu mamlakatda sharikli qalamlar hali-hamon mavjud. Biro patenti va sharikli qalamlarga oid boshqa dastlabki patentlarda ko‘pincha “shartli qalam” atamasi ishlatilgan. Ikkinchi jahon urushidan keyin ko‘plab kompaniyalar o‘zlarining sharikli qalam dizaynini tijoriy maqsadlarda ishlab chiqarish uchun kurashdilar. Urushdan oldingi Argentinada Birome sharikli ruchkasining muvaffaqiyati cheklangan edi, ammo 1945-yil o‘rtalarida mexanik qalamlar ishlab chiqaruvchi Eversharp Co Eberhard Faber Co bilan hamkorlikda Birome kompaniyasidan ishlab chiqarish huquqini Qo‘shma Shtatlarga sotishni litsenziyalashdi. Xuddi shu davrda amerikalik tadbirkor Milton Reynolds Argentinaning Buenos-Ayresiga xizmat safari chog‘ida Birome sharikli ruchkaga duch keldi va tijoriy salohiyatni tan olib, u bir nechta sharikli ruchka namunalarni sotib olib, AQShga qaytib keldi va “Reynolds International Pen” kompaniyasiga asos soldi. Reynolds Amerika patentini olish uchun yetarli dizayn o‘zgarishlari bilan Birome patentini chetlab o‘tib, Eversharp va boshqa raqobatchilarni ortda qoldirib, qalamni AQSh bozoriga taqdim etdi. 1945-yil 29-oktabrda Nyu-York shahridagi Gimbels universal doʻkonida “Reynolds Rocket” kompaniyasi debyuti har biri 12,50 AQSh dollariga (1945-uildagi 1 AQSh dollari qiymati 2022-yilda taxminan 203 dollarga teng bo‘lgan) narxlandi. Reynolds qalamni sotishda katta muvaffaqiyatga erishdi. Gimbels do‘koni bir hafta ichida minglab sharikli ruchklar sotdi. 1946-yilda sharikli ruchka sotuvi eng yuqori cho‘qqiga chiqqan bo‘lsa-da, keyinchalik bozorning to‘yinganligi sababli isteʼmolchilarning qiziqishi pasaydi . Shu sababli 1950-yillarning boshlarida Reynolds kompaniyasi zavolga yuz tutdi.  Bundan unumli fodalangan Marsel Bich 1950-yillarda Amerika bozoriga Biro tomonidan litsenziyalangan va Argentina dizayniga asoslangan sharikli qalamni taqdim etdi. Bich 1953-yilda o‘z nomini Bic deb qisqartirdi va hozir butun dunyoda tan olingan Bic sharikli brendiga asos soldi. Bic qalamlari kompaniya o‘zining “Har safar birinchi marta yozadi!” shiori ostida faoliyat yuritadi. Shu bilan dastlab boobro‘ kishilar sotib olishga qodir bo‘lgan, keyinchalik raqobat asosida narxlari stabillashgan, siz-u bizga qadrdon sharikli ruchkaning zamonaviy ko‘rinishi vujudga keldi.

4.11.2023 1513

O‘zbekiston qancha mobil telefon import qilgan?

O‘zbekiston 9 oyda qariyb 2,6 mln dona mobil telefon import qilgan Statistika agentligining dastlabki ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2023-yilning yanvar-sentyabr oylarida xorijdan qiymati 178,2 mln AQSH dollariga teng bo‘lgan qariyb 2,6 mln dona barcha turdagi mobil telefonlardan import qilgan. Mobil telefonlar importi 2022-yilning mos davri bilan solishtirilganda 398 361 taga oshgan. O‘zbekiston 2023-yilning 9 oyida eng ko‘p mobil telefon import qilgan davlatlar: — Xitoy – 2,3 mln dona — Vetnam – 223,1 ming dona — Hindiston – 32,5 ming dona — BAA – 7,7 ming dona — Qozog‘iston – 2,5 ming dona

27.10.2023 1633

Rasman: Oʻzbekistonda “mobil qullik” bekor qilindi

Bugun, 27-oktabr kuni “ICTWEEK UZBEKISTAN – 2023” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi mobil aloqa tarmoqlarida abonent raqamini koʻchirish xizmati (MNP) ishga tushirildi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi axborot xizmati xabar berdi. Xizmatning ishga tushirilishi mamlakatimizda faoliyat yuritib kelayotgan mobil aloqa operatorlari oʻrtasida sogʻlom, ijobiy raqobatni yanada kuchaytirish bilan birga ular tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatining oshishiga olib keladi.Uning qulayligi shundaki, endilikda abonentlar mobil aloqa operatorlarining xizmat koʻrsatish sifatiga qarab istalgan kompaniyani tanlashi mumkin.Bu jarayonda mobil aloqa abonentlariga ular boshqa operatorga koʻchganda oʻz abonent raqamini saqlab qolish imkoniyati taqdim etiladi.

19.10.2023 1793

“Metr” o‘lchovi qachon tasdiqlandi?

Bugun butun dunyo metr o‘lchov birligidan foydalanadi. Yagona o‘lchovning borligi ko‘plab chigalliklarning oldini oladi. Tasavvur qiling, siz bozordan 10 metr gazlama sotib olishingiz kerak. Lekin bazzoz sizga matoni 10 gaz o‘lchab beradi. Uyga kelib qarasangiz, mato siz kutgandan taxminan 4 metr kalta va bundan xunob bo‘lasiz. Bunda, albatta, gap o‘lchov birligida bo‘lib, shunday chalkashliklarning oldini olish uchun ham o‘lchov birliklari hamma joyda yagona va bir xil bo‘lishi shart. Hozir dunyoning deyarli barcha davlatlarida yagona o‘lchov tizimi – metrdan foydalaniladi. Lekin bu yagona tizim qabul qilinishidan avval savdogarlarni va oddiy odamlarni ham yuqoridagi kabi birliklardagi chalkashliklar ko‘p adashtirar edi. Jahonning turli mamlakatlarida mutlaqo o‘ziga xos, nostandart birliklar qo‘llanilardi va bu odatda o‘sha joyning mahalliy sharoitidan, an’analaridan kelib chiqardi. Hatto mamlakatlarning ichki hududlarida, aytaylik, viloyat va shaharlarida ham boshqa-boshqa birliklar qo‘llanishi oddiy hol bo‘lib, masalan, XVIII asrda Fransiyaning turli shahar va hududlarida faqat og‘irlik o‘lchov birligining o‘zi uchun 100 xildan ziyod birliklar mavjud bo‘lgan. Bu muhandislik hisob-kitoblarida va dengizchilikda ham katta muammolar tug‘dirar edi. Chunki bir shahar uchun loyihalangan ko‘rkam uylarni boshqa shaharda qurmoqchi bo‘lishsa, xunuk va xatarli binolar yuzaga kelardi, navigatsiya jadvallari esa kemalarni riflarga boshlab borib urar edi. Ayniqsa, Lyudovik XVI hukmronligining oxirgi yillarida, farang inqilobi boshlanish arafasida Fransiyaning soliq amaldorlari dehqonlarni aynan shu o‘lchov birliklari orqali chuv tushirib, katta soliqlarni undirishgan. Qallobliklar tobora ortavergan, dehqonlarga yer maydoni uchun soliq solishda otni kallasidek qiymatlar chiqargan o‘lchovlar, dala maydoniga nisbatan olingan hosil hisobini yuritishda, ya’ni dehqonning o‘zining haqini hisoblashga kelganda mutlaqo boshqacha raqamlarni berib turavergan. Natijada, alamzada dehqonlar bunday qalloblikdan qattiq norozi bo‘la boshlagan. Mamlakatda shundoq ham ijtimoiy-siyosiy vaziyat taranglashib kelayotgan bir paytda yana boshqa ko‘plab omillar o‘laroq, ushbu chigallik ham xalqning g‘azabini keltirar edi. Shu sababli 1780–1790-yillarda avj olgan va tarix kitoblarida “Buyuk Farang inqilobi” deb tilga olinadigan jarayonda oddiy xalq vakillarining hukumat oldiga qo‘ygan talablaridan biri aynan o‘lchovlarni yagona tizimga keltirish va tartibga solish bo‘lgan edi. Inqilob amalga oshib, Milliy ta’sis majlisi faoliyat boshlagach, uning yig‘inlaridan birida Sharl Moris Taleyran (1754–1838) ismli yepiskop nutq so‘zlagan. Taleyran o‘z nutqida xalqning talablarini sanab o‘tish asnosida o‘lchov tizimini ham tartibga solish kerakligini aytib o‘tgan. U aniq fanlar sohasi olimlarida anchadan beri mavjud bo‘lgan taklif – metrni Yer meridiani uzunligiga bog‘lash fikrini o‘rtaga tashlagan. Farang inqilobi juda ko‘p narsalarni radikal o‘zgartirishga bo‘lgan urinishlar bilan yodda qolgan. Xususan, inqilobchilar hatto oy nomlarini ham o‘zgartirish bilan cheklanmasdan, soatni ham 24 soatlik qilmay, balki 100 soat, 100 daqiqa va 100 soniyaga tenglashtirmoqchi bo‘lishgan. Qanchalik absurd bo‘lmasin, o‘nlik sanoq sistemasiga o‘tish harakatlari yuzasidan vaqt hisobini ham shu tizimga solish fikri o‘sha payt jiddiy ko‘rib chiqilgan. Shu mulohazalarga ko‘ra, metr Parij meridiani uzunligining 1/40000000 qismiga teng deb qabul qilingan. Bir metr aniq keltirib chiqarilgach, uning asosida litrni ham olish mumkin edi. G‘oyaga ko‘ra, 10 kub sm roppa rosa 1 litr deb qabul qilinishi va 1 litr suvning vazni esa 1 kg deb olinishi ko‘zda tutilgan edi. Ta’sis kengashining maxsus qarori bilan Parij meridiani uzunligini aniqlash va uning asosida metrning aniq uzunligini keltirib chiqarib, etalon tayyorlash uchun maxsus ilmiy guruh tuzilgan. Uning tarkibiga o‘sha paytning eng yirik olimlari bo‘lgan Jan Batist D’Alamber va Pyer Mishen ham jalb qilinib, ular boshchiligida eng malakali geodeiziya mutaxassislaridan iborat guruh Dyunkerk va Barselona shaharlaridan o‘tadigan meridianning to‘qqiz daraja va 40 daqiqaga teng yoyining uzunligini triangulyatsiya (trigonometrik yechish) usuli bilan o‘lchab chiqqan. Bu ishni uddalash uchun umumiy hisobda yetti yil vaqt ketgan. Shu sababli 1792-yilning 25-iyulida boshlangan o‘lchov ishlarining yakunini kutmasdan, Fransiyaning o‘sha paytdagi muvaqqat hukumati 1793-yilning 1-avgust sanasidan e’tiboran mamlakatda yagona metr o‘lchov tizimini joriy qilish haqida qaror qabul qilgan. Fransuzlarning o‘sha metri hozirgidan biroz farqli va muayyan kichik xatolikka ega bo‘lsa hamki, birliklarni yagona tizimga solish borasidagi ilk rasmiy urinish sifatida tarixga kirgan hamda metr o‘lchov birligi rasman joriy qilingan ilk namuna o‘laroq qayd etilgan. Albatta, keyinchalik Fransiyada inqilob bo‘ronlari tindi va tizim yanada mukammallashtirildi. Metrning kutilgan etaloni esa faqat 1795-yilga kelib platinadan tayyorlandi. Barcha shahar va qishloqlar uchun ushbu etalondan nusxalar tayyorlab jo‘natildi. Fransiya ilk bora butun mamlakat bo‘ylab yagona o‘lchov sistemasidan foydalana boshladi. Joriy qilingan tizimning mohiyati va naqadar muhimligini tez orada nafaqat olimlar, balki endi siyosatchilar, savdogarlar va oddiy xalq ham tushunib yeta boshlagan edi. U naf berayotganini ko‘rgan Milliy Kengash a’zolari qarorga “Barcha zamonlar va xalqlar uchun!” degan bir qarashda o‘ta pafosli jumlani ham kiritib qo‘yishgan edi. Keyinchalik o‘sha zamon Fransiyasi olimlari keltirib chiqargan metr va uning asosidagi etalon biroz xato ekani aniqlandi. Bir litr suv ham aniq bir kilogramm kelmasligi oydinlashdi. Xalqaro standartlar va birliklar sistemasida metrning Parij etalonidan voz kechildi va avvaliga u kripton-86 atomining 2P10 va 5d5 sathlararo o‘tishiga muvofiq keladigan vakuumdagi nurlanishning 1650763,73 qismiga teng ekani belgilandi (1960-yil). 1983-yilga kelib esa u hozirgi ta’rif bo‘yicha o‘zgartirilgan va endilikda bir metr bu yorug‘likning vakuumda soniyaning 1/299792458 qismida bosib o‘tgan masofasiga teng deb qabul qilingan. Ya’ni u o‘zgarib qolishi mumkin bo‘lgan qandaydir buyum etalonlarga nisbatan emas, balki tabiatdagi eng asosiy o‘zgarmas qiymatlardan biri – yorug‘lik tezligiga bog‘lab qo‘yilgan.

9.10.2023 2432

Gugurt

Biz gugurt cho‘pini quti chetidagi dag‘al devorga “chirq” etib ishqalab, osongina olov chiqaramiz. Biroq shu chaqnash lahzasida ko‘z o‘ngimizda qanday kimyoviy reaksiyalar sodir bo‘lgani haqida o‘ylab ham ko‘rmaymiz. Vaholanki, siz-u biz shu tarzda osongina olov chiqarishimiz uchun bir zamonlar ne-ne aql egalari bosh qotirmagan deysiz... O‘rta asrlarda olov yoqish uchun bir-biriga qattiq urganda o‘zidan uchqun chiqaradigan chaqmoqtoshni qo‘llashgan. Chaqmoqtoshdan chiqqan uchqun oson alangalanadigan suyuqlik yoki xas-xashakka yo‘naltirilgan. U esa uchqundan alangalanib ketgan. Lekin bu usul ancha murakkab bo‘lib, har doim ham muvaffaqiyatli chiqavermagan. Shu sababli, odamlar olovsiz qolmaslik uchun imkon qadar yonib turgan o‘tni o‘chirib qo‘ymaslikka intilgan va cho‘g‘ni ehtiyot qilgan. Birinchi ajdodi Keyinchalik quruq cho‘pning uchini erigan oltingugurtga botirib olib, uning cho‘pga yopishib qurishini kutishgan. Va shu tarzda hozirgi gugurtning eng birinchi ajdodini yasashgan. Kallagi qotgan oltingugurtdan iborat cho‘p qizib turgan biror jismga ishqalansa undan olov chiqqan va tezkorlik bilan quruq va yonuvchan narsalarni, masalan, shox-shabbalarni yoki qog‘ozni tutashtirib olish mumkin bo‘lgan. Shunday davrlarda kimyogar olim Bertolle olov, ya’ni yonish hodisasi aslida kimyoviy reaksiya natijasi ekanini birinchi bo‘lib isbotladi. Agar kaliy gipoxlorit (KCIO) moddasiga oltingugurt kislotasi tomizsa, bir zumda olov chiqishini ko‘rsatib bergan. Bertollening bu kashfiyoti oson olov yoqish masalasiga butunlay boshqa tarafdan yondashish imkonini berdi. Turli yetakchi laboratoriyalarda oddiy va qulay gugurt yaratish borasidagi ko‘p yillik izlanishlar avj oldi. Endi ular u yoki bu kimyoviy modda surtilgan va muayyan sharoitda o‘zidan olov chiqaradigan, qulay, yengil va oson kimyoviy o‘t yoqish vositasini ixtiro qilishga kirishdilar. Shapsel gugurti Ilk muvaffaqiyatlardan biri 1812-yilda Shapsel ismli kimyogarga nasib etdi. Uning gugurtlari hali ancha xom bo‘lsa-da, lekin chaqmoqtoshdan ko‘ra ishni ancha tezlatdi. Shapsel gugurti hozirgi gugurtlarga juda o‘xshash bo‘lgan. U ham quruq cho‘pga oltingugurt, kinovar (simob sulfidi – HgS) va Bertolle tuzi qorishmasidan iborat kallak qilingan shaklda bo‘lgan. Biroq Shapsel gugurtining eng katta kamchiligi shu ediki, uni yoqish uchun Quyosh charaqlab chiqib turgan bo‘lishi kerak edi. Ya’ni bu gugurt kallagiga lupa orqali nurni fokuslash zarur bo‘lgan. Bulutli kunda ham, qorong‘ida ham Shapsel o‘z gugurtini yoqa olmagan. Lekin u keyinchalik buning ham yo‘lini topdi. Kechasi gugurt yoqish uchun uning kallagiga ozgina oltingugurt kislotasi tomizsa u alanga oladigan bo‘ldi. Shapsel gugurtlari juda qimmat va boz ustiga xavfli ham edi. Uni qorong‘ida yoqish uchun albatta oltingugurt kislotasi kerak bo‘lardi va bu juda kuchli kislota bo‘lgani uchun ko‘pincha olov yoqmoqchi bo‘lgan odamlarga jiddiy zarar yetkazardi. Shunday vajlarga ko‘ra, Shapsel gugurti omma orasida ommalashish tugul, hatto uni sotib olishga qurbi yetadigan boylar orasida ham talabgorlar bo‘lmadi. Bundan ko‘ra, o‘sha eski qadrdon chaqmoqtosh kishilarga afzal ko‘rindi. Odamlarga esa avvalo xavfsiz va yoqish uchun qandaydir maxsus tayyorgarlik talab etilmaydigan soddaroq gugurt kerak edi. Yana bir kashfiyot Kimyogarlar oltingugurt qorishmalari va kislotasidan ko‘ra xavfsizroq va zararsizroq, oson alangalanishi kerak bo‘lgan boshqa moddalarga e’tibor qarata boshladi. Ko‘p o‘tmay, shunday modda 1669-yilda nemis kimyogari Brandt tomonidan kashf etilgan oq fosfor moddasi bo‘lishi mumkinligi aniqlandi. Bu haqiqatan ham zo‘r g‘oya edi. Chunki fosfor havoda kislorod bilan juda tez reaksiyaga kirishib, bir lahzada alanga olardi. Biroq fosforning kamchiligi aynan shu – tezligi bo‘lgan. Chunki kallagi fosfordan tayyorlangan gugurt chaqilganda olov kerakli joyga tutashib ulgurmay, tez o‘chib qolavergan. Bu muammoni hal qilish uchun o‘sha eski Shapsel usulidagi, ya’ni kallagi oltingugurt qorishmasidan iborat bo‘lgan gugurt sirtiga fosfor surilgan tarzda ishlab ko‘rishgan. G‘oyaga ko‘ra, fosfor juda tez yonib, reaksiyani oltingugurt qorishmasiga berishi, u esa biroz sekin yonish evaziga gugurt cho‘piga ham alanga o‘tkazishi kerak bo‘lgan. Bu vaqtda esa odam gugurtdagi olovni kerakli joyga, masalan, qog‘ozga yoki o‘tinga tutatib olib ulguradi deb o‘ylashgan. Lekin bu reja xomxayol bo‘lib chiqdi. Fosfor sirtli oltingugurt kallakka ega gugurt deyarli yonmadi. Fosforli gugurtning eng omadli tarkibini aynan kim o‘ylab topganini aniq aytish qiyin, lekin manbalar bu borada Avstriyalik kimyogar Irini bo‘lgan deb ishonishga asos bermoqda. U 1833-yil gugurt ishlab chiqarishni birgalikda yo‘lga qo‘yish taklifi bilan Remer ismli tadbirkorga yozgan xati hozir ham saqlanib qolgan va aynan shu fakt Irinini fosforli gugurtning eng optimal tarkibini kashf qilgan, degan fikr uchun asos bo‘ladi. Puldor tadbirkor Remer mazkur loyihani katta qiziqish bilan qabul qiladi va Irini ikkalasi avvaliga gugurtning sinov partiyasini ishlab chiqarishadi. Gugurtning o‘zini Irini ixtiro qilgan bo‘lsa, uning bizga yaxshi tanish, qulay va ixcham qutisini esa tadbirkor Remer o‘ylab topgan. Remer va Irini gugurt tayyorlash texnologiyasini tobora mukammallashtirib, jahonda eng birinchi gugurt fabrikasini ochishgan. Ularning arzon va qulay gugurt mahsulotiga talab shu darajada katta bo‘lganki, fabrika ishlab chiqarish quvvatini bir yilning o‘zida naq 40 barobar oshirsa ham bozordagi talabni to‘liq qondirolmagan paytlar bo‘lgan. Remer favqulodda boyib ketgan. Tez orada Yevropaning barcha katta-kichik shaharlarida gugurt fabrikalari paydo bo‘la boshlagan va ularning aksariyati aynan Remerga qarashli korxonalar bo‘lgan. Irini ko‘plab tekshirishlarni o‘tkazib, muqobil variantlarni, xususan, parafin va stearinni qo‘llash mumkinligini aniqladi. Shuningdek, ancha xavfli modda – Bertolle tuzi o‘rniga ham marganes periksini qo‘llashga o‘tdi. Biroq oradan bir necha yil o‘tib, Remerning moliyaviy muvaffaqiyatlariga soya soluvchi ijtimoiy muammolar yuzaga chiqa boshladi. Bu muammolar gugurt tarkibidagi fosfor sabab paydo bo‘lib, avvaliga uning zaharli ekanini ko‘pchilik bilmagan. Kuniga bir necha o‘n marta foydalanadigan oddiy odamlar buning zararini deyarli sezishmagan, lekin gugurt fabrikalari ishchilarining salomatligi tez yomonlasha boshlagan… “Shved gugurti” Gugurt ishlab chiqaruvchilarning baxtiga, 1847-yil Shreter ismli kimyogar fosforning zaharli bo‘lmagan allotropik shakli – qizil fosforni kashf qildi (Irini gugurtida oq fosfor qo‘llanilgan). Qizil fosforning tabiiy ko‘rinishi amorf modda bo‘lib, uning vositasida gugurt ishlab chiqarish jarayonini salomatlikka zararsiz qilish g‘oyasini birinchi bo‘lib, mashhur nemis kimyogari Betxer amalga oshirdi. Yangi usulda ishlab chiqarilgan gugurtlar bir maromda yonadigan chiroyli sariq alanga chiqarishi bilan odamlarni qiziqtirib qo‘ydi. Shu tariqa Betxer gugurti Irini gugurtida mavjud bo‘lgan yoqimsiz hiddan holi bo‘lgani uchun tez ommalashdi. Betxer ixtirosini sanoatga tatbiq etishni birinchi bo‘lib 1851-yilda Shvetsiyalik aka-uka Lundstryomlar uddalashdi. Shu sababli ham Yevropada uzoq yillar mobaynida qizil fosfor asosidagi gugurtlarni “shved gugurti” deb atashgan. Bunday gugurtlar qutisiga “xavfsiz gugurt” degan yozuv tushirilgan va u Irini gugurtidan ham tez ommalashgan. Siz bu yozuvni hozir ham ayrim gugurt qutilarida uchratishingiz mumkin. Qutilardagi “Safety matches” yozuvi aynan shu ma’noni bildiradi.

9.10.2023 1956

“Jozibali ot”: velosipedning ixtiro qilinish tarixi

Bundan deyarli ikki yuz yil oldin nemis professori baron Karl fon Drayz o‘zining ikki g‘ildirakli “laufmachine” nomli, chavandoz boshqaradigan otsiz transport vositasiga patent oladi. Bu zamonaviy velosipedlarning ilk ajdodi edi. Bugun eng qulay transport vositasi hisoblanuvchi velosiped tarixi haqida hikoya qilamiz. “Yugurish mashinasi” 1812-yil 12-iyun kuni Germaniyaning Manxeym shahrida olomon professor fon Drayzning yangi kashfiyoti —  “Laufmachine”ni ko‘rish uchun shahardagi eng yaxshi yo‘l bo‘ylab yig‘iladi. Professor Drayz yuqoriga harakatlanib, pochta yo‘nalishining strategik manzili Shvinsenger uyi tomon yo‘l oladi. Bir soatdan kam vaqt davomida, ya’ni bu yo‘lga ketuvchi odatiy vaqtning to‘rtdan birida u sayrni yakunlab qaytib keladi. Laufmachine so‘zi “yugurish mashinasi” ma’nosini berib, Angliyada “draisine” nomi bilan tarqalgan. Drayzning yugurish mashinasi yog‘och ramaga birlashgan ikki g‘ildirak, o‘rindiq va ruldan iborat edi. Unda pedallar yo‘q bo‘lib, hozirgi samokat kabi haydalardi. Yangi ixtiro Buyuk Britaniyada tez ommalashadi, bu yerda uni “jozibali ot” deya nomlashadi. Bir qancha britaniyalik kareta ishlab chiqaruvchilar o‘zlarining “laufmachine”larini ishlab chiqarishni boshlaydi. Ulardan eng mashhuri ancha takomillashgan modelni e’lon qilgan Denis Jonson edi.  “Velosiped” so‘zi fransuz ixtirochisi Jozef Nisefor tomonidan amaliyotga kiritilgan bo‘lib, u buni balandligi sozlanuvchi egar bilan jihozlangan velosipedga nisbatan qo‘llagandi. 1839—1840-yillarda shotlandiyalik temirchi Krikpatrik Makmillan velosipedni pedal va egar qo‘shib takomillashtiradi. Makmillan o‘rindiqni orqa va old g‘ildiraklar orasiga joylashtiradi, pedallar maxsus temir tayoqchalar orqali orqa g‘ildirakni harakatlantiradi. Old g‘ildirak rul bilan boshqariladigan bo‘ladi. Shunday qilib Makmillan hozirgi velosipedlarning birinchi prototipini yaratadi, biroq Makmillan ixtirosi e’tibordan chetda qoladi va deyarli ommalashmaydi. Velosipedning ommalashishi 1862-yilda yosh bolalar aravachasi ishlab chiqaruvchisi 19 yoshli fransuz Per Lalmanda ham Makmillannikiga o‘xshash g‘oya paydo bo‘ladi. Lalman Makmillan velosipedi haqida hech nima bilmas edi, uning ixtirosida Makmillannikidan farqli ravishda pedallarni itarish emas, aylantirish kerak edi. Qolaversa, Lalman velosipedida pedallar old g‘ildirakda joylashgandi. Keyingi yil Lalman Parijga keladi va o‘zining birinchi modelini yaratadi. Lalmanning velosipedi Lion sanoatchilar uyushmasi a’zosi Olivye tomonidan yuqori baholanadi. 1864-yili, kareta muhandisi Pyer Misho bilan hamkorlikda velosipedni ommaviy ishlab chiqarish boshlanadi.  Misho velosiped ramasini metaldan yasashga qaror qiladi. Ba’zi manbalarga ko‘ra “velosiped” atamasini ham aynan Misho o‘ylab topgan. Misho va Olivye bilan qisqa hamkorlikdan so‘ng Lalman Amerikaga jo‘nab ketadi. 1866-yil u o‘z ixtirosini patentlaydi. XIX asrning 70-yillarida “penni-farting” deb nomlangan velosipedlar ommalasha boshladi. Penni va farting — ingliz tangalari nomi bo‘lib, farting pennining to‘rtdan biriga teng edi. Bu nom g‘ildiraklar nomutanosibligini ifodalardi, ya’ni old g‘ildirak orqa g‘ildirakdan bir necha barobar katta edi. Penni-fartingda pedallar old g‘ildirak markazida bo‘lib, haydovchi o‘rindig‘i g‘ildirakning ustida joylashgandi. O‘rindiqning balandligi va tortishish markazining old g‘ildirakka ko‘chirilishi bu velosipedni xavfli transportga aylantirdi. 1878-yil ingliz ixtirochisi Lovsen velosiped konstruksiyasiga zanjirli bog‘lamni qo‘shadi. Hozirgi avlod velosipedlari Hozirgi velosipedlarga o‘xshash dastlabki velosipedlar 1884-yilda ingliz ixtirochisi Jon Kemp Starli tomonidan ishlab chiqarilgan. Ular Rover deya nomlanib, bu nom hozirgi kunda ham ba’zi tillarda velosiped so‘zini bildiradi (polyakcha Rower, belaruscha Rovar). Ikkala g‘ildirakning ham o‘lchami bir xil bo‘lganligi sabab roverlar Rossiyada “бисиклет” yoki “бициклет”, Fransiyada “bicyclette”, Angliyada esa “bicycle” deb ataladi. Keyinchalik ingliz tilidan boshqa deyarli barcha tilda “velosiped” atamasi boshqalarini siqib chiqaradi. 1888-yil Jon Boyd Danlop shishiriladigan kauchuk shinalarni ixtiro qiladi. Shundan so‘ng velosipedlar “suyak chayqovchi” nomidan xalos bo‘ladi va bu ularning ommalashishiga turtki beradi. 1890-yillar velosipedlarning “oltin davri” bo‘ldi. 1898-yil oyoq tormozi va erkin harakatlanish mexanizmi ixtiro qilinadi, bu velosiped erkin harakatlanayotganda pedalni bosmaslik imkonini beradi. Xuddi shu yili qo‘l tormozi ham yaratiladi, ammo ular tezda urfga kirmaydi. Birinchi yig‘iluvchi velosiped 1878-yilda, birinchi ligerad (yotgan holda boshqariluvchi velosiped) esa 1895-yilda yaratiladi. XIX asrdagi velosipedlar hozirgisiga o‘xshasa-da aslida farq ancha katta. Zanglamaydigan po‘lat hali ixtiro qilinmaganligi sababli velosipedlar zanglaydigan temirdan qilinardi va bo‘yalmas edi. Natijada ularni tez-tez moylash va benzin yoki kerosin bilan tozalash kerak edi. 1905-yildan boshlab avtomobil sanoati rivojlanishi tufayli velosipedlarga bo‘lgan qiziqish pasaya boshladi. 1940-yilga kelib velosiped AQShda oddiy bolalar o‘yinchog‘i sifatida ko‘rila boshlanadi. 1960-yillar oxiridan sog‘lom turmush tarzining targ‘ib qilinishi va atrof-muhit muammolarining ko‘tarib chiqilishi tufayli velosipedlar yana urfga qaytdi. Bugungi kunda velosipedning o‘rni Garchi avtomobil sanoati keskin rivojlanib, velosipedni bir chekkaga surib tashlaganiga qaramasdan so‘nggi yillarda velosiped targ‘iboti butun dunyoda, ayniqsa Yevropada keng olib borilmoqda. Ekologiya muammolarining ko‘payishi va kuchayishi fonida bu masala yana-da dolzarb ahamiyat kasb etdi. Xususan, Yevropa davlatlarining bir qancha rahbarlari shaxsiy namuna ko‘rsatib ishga velosipedda qatnay boshladi. Velosiped transporti rivoji nafaqat inson salomatligi va atrof-muhitga ijobiy ta’siri bilan, balki shaharlarda yuzaga keluvchi bir necha soatlik tirbandliklarning oldini olishi bilan ham foydalidir. Shularni inobatga olgan holda ko‘plab Yevropa davlatlarida veloyo‘laklar yaratish va ko‘paytirish borasida sezilarli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Boris Jonson ko‘pgina sayrlarga velosipedda chiqishi bilan tanilgan. Osiyo davlat rahbarlari orasida ham bu borada faollar yetarlicha bo‘lib, ulardan Turkmaniston prezidenti, ko‘plab sport turlari “mutaxassisi” Gurbanguli Berdimuhamedovni misol keltirish mumkin. Deyarli har bir tashrifida velosipeddan foydalanuvchi Arkadag‘ hatto Ashxobodda velosiped uchun monument ham o‘rnatgan.

12.11.2022 8406

IMKONIYATLAR PLATFORMASI

Bir kunda 2 milliarddan ortiq inson bu saytda video tomosha qiladi, ularning 50 foizdan ko‘prog‘i 20 yoshdan kichik foydalanuvchilardir. Topdingiz, gap “YouTube” platformasi haqida bormoqda. Rang-barang mavzu va formatdagi videolar, tur­li janrdagi kino, ko‘rsatuv yoki videokliplar “koni” bo‘lgan bu platformadan foydalansangiz, chin­dan ham vaqtingiz qanday o‘tganini sezmay qo­lasiz! Bu yerga joylashtirilgan videolarning bar­chasini ko‘rib chiqish uchun esa 1000 yildan ko‘p vaqt kerak bo‘lar ekan. Buni eshitib, hatto “You­Tube” asoschilari – Stich Chen, Chad Xyorli, Javed Karim ham hayron qolgan bo‘lsa kerak. “YouTube” yuzasidan tengdoshlarimiz orasi­da o‘tkazgan kichik so‘rovnoma natijasiga ko‘ra, ko‘pchilik undan biror shirinlik yoki taom retseptini bilib olish, sevimli serialining o‘tkazib yuborilgan qismini tomosha qilish yoki qaysidir sohaga aloqador videoqo‘llanmalar bilan tanishish uchun foydalanar ekan. Xo‘sh, “mo‘jizalar makoni” deb taʼriflanuvchi platformada biz, yoshlar uchun foydali qanday kontentlar bor? Tan olish kerak, o‘tgan yillarga nisbatan o‘zbek tilida nisbatan sifatli materiallar paydo bo‘la boshladi. Bir qancha blogerlar o‘z sahifasi orqali qiziqarli sayohatlar haqida videolavhalar tayyorlasa, vlogerlar o‘z vloglaridagi chiqishlari bilan omma eʼtiborini tortib, katta auditoriyani jamlay oldi. Ayniqsa, millat yosh­lari uchun manfaatli loyihalarning ko‘payganini, platforma esa targ‘ibot ishlarida yaxshi yordam berayotganini eʼtirof etish lozim. “O‘ZBEKISTONLIK”DAN “SUBYEKTIV”GACHA Juda katta hajmdagi kontentlar to‘plangan saytdan eng keraklilarini ajratib olish mushkul, ammo uddalasa bo‘ladigan ish. Demak, bugun siz bilan mana shunday foydali kontentlar haqi­da suhbatlashamiz. “Mahsulot” deganda uning qay­si tilda uzatilayotgani ham eʼtibor­ga olinishi lozim. Masalan, Yosh­lar ishlari agentligining loyihalari doirasida yoshlarimiz uchun juda ko‘p videokontentlar yaratilib, plat­formaga joylab borilmoqda. Ular orasida, ayniqsa, katta-yu kichik eʼtiborini birdek jalb eta olgan va shov-shuvlarga sabab bo‘lgan “O‘zbekistonlik” hujjatli filmlari ahamiyatli. Dastlab joriy yilning 12-martida AQShda mu­vaffaqiyatga erishgan o‘zbekistonliklar haqidagi taʼsirli hikoyalarni o‘z ichi­ga olgan film namoyishi bo‘ldi. Ungacha eʼlon qilib borilgan kichik lavha va anonslar kuzatuvchilarning kuchli qiziqishlariga sabab bo‘layotgan edi. Ikkinchi qism ham ko‘p kuttirmadi, uni hayot qiyinchiliklarini yengib, mu­vaffaqiyatga erishgan Ger­maniyadagi vatandoshlar hikoyasining mantiqiy davomi deyish mumkin. “Germaniya epizodi” qah­ramonlarining hikoyasi yuk­sak cho‘qqilarni zabt etishga shay yoshlar jahon miqyosi­da O‘zbekistonning ijobiy imijini saqlab qolishga intilayotgan har bir o‘zbekistonlik uchun kuchli motivat­siya beradi. Yana bir ahamiyatli jihati, ikkin­chi qism o‘zbekistonlik talabalarning Germaniyada tahsil ola boshlaganiga 100 yil to‘lishi munosabati bilan suratga olinganidir. Platformadagi “Chegarasiz” loyihasi harakatlanishi yoki salomatligida muammo­lari bor, biroq imkoniyatlari chegaralanmagan o‘zbek yoshlari haqida hikoya qiladi. 7 qism­dan iborat va har bir sonida o‘zgacha dunyo­si bo‘lgan qahramonlar bilan tanishtiruvchi bu kontentni, albatta, tomosha qilishingizni istardik! Shu bilan birga, nafaqat ruhlantiruvchi, balki yangi bilimlar berib, dunyoqarashingizni ken­gaytiruvchi kontenlar ham bor. Ulardan biri Jamshidxon Ziyoxonov muallifligida taqdim etib kelinayotgan “Subyektiv” loyihasidir. Shu kungacha eʼlon qilingan sonlarni tomosha qilib, dunyoda, hatto jamiyatimizda biz bilmagan yoki eʼtibor bermagan juda ko‘p va rang-barang mavzular, muammolar borligiga amin bo‘lasiz. PUL TO‘LAMAYDI… Shuni ham eʼtiborga olish kerakki, tarmoqdan nafaqat tomoshabin sifatida, balki video yaratuvchi sifatida ham foydalanishingiz mum­kin. Eng qizig‘i, bugun “YouTube”dan ham foyda­lanishingiz, ham daromad olishingiz uchun imkoniyat eshiklari ochiq. Bu haqda bizga yutuber va dasturchi Mirshohid Ismatov o‘z faoliyati misolida gapirib berdi: “Bu faoliyat turini mustaqil o‘rgan­moqchi bo‘lganlar uchun bugun biroz qiyinchiliklar bor, chunki oddiy telefonda tayyorlangani va mahsulotning mavzusiga qarab ham uning qanchalik muvaf­faqiyatli bo‘lishini taxmin qilish mumkin. O‘z muallifligimda­gi kanal misolida oladigan bo‘lsam, taʼlim yoki shu kabi foydali mavzudagi videolar “shok xabar” yoki qandaydir “hayp”larga solishtirganda juda kam tomosha qilina­di, baʼzan deyarli ko‘rilmaydi. Masalan, videomontaj qilish bo‘yicha video dars yaratib, kanalimga joyladim, bepul bo‘lishiga qaramay, 3 mingga yaqin kishi ko‘rdi, xolos! Ammo o‘z ustida ishlab, shu sohada muvaffaqiyat qozonish­ni istagan yosh yigit-qizlar uchun, avvalo, yo‘nalish tanlab olishni masla­hat bergan bo‘lar edim – chet elda taʼlim, ingliz yoki koreys tilini o‘rgatish, oshpazlik yoki quruvchilik kabi. Qanday mavzu bo‘lgan taqdirda ham boshqalar uchun manfaat keltirishni birin­chi o‘ringa qo‘ying. Platformadan pul ishlash mumkin, ammo biroz xafa qiladigan jihati ham bor, bu – kanalingizga joylangan videoni O‘zbekiston emas, chet davlatdan turib ko‘ril­gani uchungina pul to‘lashlari mumkin. Bu pullarni esa O‘zbekistonda turib yechib olish mumkin. Sodda qilib aytganda, O‘zbekiston­da turib tomosha qiladigan auditoriya uchun “YouTube” pul to‘lamaydi. Agar siz isteʼdodli va o‘z ishini sevadigan mutaxassis bo‘lsan­giz, tashqi reklamalar – kitob, biror oziq-ovqat yoki kiyim-kechak reklamasi orqali yaxshigina mablag‘ ishlashingiz mumkin”. Aziz tengdoshlar, ko‘rib turganingizdek, qo‘limizdagi har qanday narsadan imkoniyat sifatida foydalana olamiz. Faqat ozgina qunt va harakat qilish kifoya.  

22.8.2022 8737

IT sohasida Prezident sovrini uchun tanlov oʻtkaziladi

Prezident qarori bilan 2023-yildan boshlab har yili yoshlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi startap loyihalarini yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida umumiy mukofot jamgʻarmasi 1 million dollar boʻlgan Prezident sovrini uchun tanlov oʻtkaziladi.

1.8.2022 8718

IT XIZMATLAR EKSPORTI 1 MILLIARD DOLLARGA YETKAZILADI

Kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev Yuqorichirchiq tumani­dagi “Astrum” IT akademiyasiga tashrif buyurib, axborot texnologi­yalari sohasi mutaxassislari, yosh dasturchilar, IT va kommunikat­siya kompaniyalarining rahbar­lari va xodimlari bilan uchrashdi. Uchrashuvda mamlakatimiz IT sektoridagi ishlarning bugungi ahvoli va uni yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi. Davlatimiz rahbarining ta’kid­lashicha, ushbu sohaga so‘nggi besh yilda 2 milliard dollar, shundan 700 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar yo‘naltirildi. “Bundan uch yil oldin IT-parklar tashkil qilib, ularga alohida soliq rejimini joriy etdik. Buning hisobi­ga bugungi kunda IT-parklarda 14 ming nafar yoshlar yuqori daro­madli ish joylari bilan ta’minlan­di. Shu bilan birga, o‘zini o‘zi band qilgan IT mutaxassislari soni yil boshidan 2,5 barobarga o‘sib, 43 mingga yetdi. Joriy yilning o‘zida mamlakatimizda 134 ta yangi, jum­ladan, 50 ta xorijiy IT kompaniyalari tashkil etildi, eksportchi korxonalar soni esa 2 baravarga oshdi. So‘ng­gi uch yilda mobil internet narxi 9 baravarga arzonlashdi va xalqa­ro reytingda 15-o‘ringa ko‘tarildik (68-o‘rindan). IT xizmatlari hajmi va eksporti bir necha barobarga o‘sdi. Eng asosiysi, IT kasblarni egallash yoshlar o‘rtasida trendga aylandi”, – dedi Prezidentimiz. Davlatimiz rahbari uchrashuv chog‘ida boshqa hududlarda ham bunday IT akademiyalar tashkil qilish istagida bo‘lganlarning tashab­buslari har tomonlama qo‘llab-quv­vatlanishini, barcha masalalari hal qilib berilishini aytib o‘tdi. Viloyat hokimlariga bir oy muddatda bu yerga kelib, barcha sharoit va im­koniyatlarni ko‘zi bilan ko‘rib, o‘z hududida kamida 1 tadan shunday IT akademiya tashkil etish loyihasini boshlashga topshiriq berildi. Kelgusi besh yilda mam­lakatimiz IT xizmatlari eksporti 1 mil­liard dollarga yetkaziladi. Uchrashuvda yoshlarni IT kasblarga o‘qitishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, sifatli infratuzilma, kompyuter va kafolatli buyurtma bilan ta’min­lash uchun 4 ta masalani hal etish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, internet qamrovi va sifatini keskin oshirish zarur. Hududlarni optik tolali tezkor mo­bil internet (4G) bilan qamrab olish darajasi 70 foiz atrofida. 118 ta qish­loqqa internet ham, mobil aloqa ham kirib bormagan. Bundan tashqari, IT sohasi­da iqtidorli yoshlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish kerak. Bugungi kunda bunday yoshlarning startaplariga (230 ta) atigi 10 milliard so‘m grant ajratilgan. Yoki kompyuter xaridi uchun 3,5 ming nafar yoshlarga kredit berilgan bo‘lsa, kafil yo‘qligi uchun 6,5 mingdan ziyod yoshlar­ga kredit berish rad etilgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan va Navoiy viloyatlarida esa IT-parklarni tashkil etish ishlari yakuniga yetkazilmagan. “Siz, yoshlardan hamkasblaringiz, hamkorlaringiz, o‘rtoqlaringiz­ga shuni yetkazishlaringizni so‘ray­man. Davlat tomonidan IT sohasini jadal rivojlantirish bo‘yicha kerak bo‘ladigan barcha sharoit va im­koniyatlarni yaratamiz. O‘zimdan boshlab hamma rahbarlar sizlar bilan doimiy muloqotda bo‘lamiz”, – dedi Prezident uchrashuv yakunida. Davlatimiz rahbari soha vakillari bilan ham ochiq fikr almashdi.