Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

ENDI YOSHLAR HAM O‘QIB, HAM MAOSH OLADI

18.6.2022 596

Shahruza SATTOROVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

IMTIHONSIZ KIRISH BEKOR QILINADI

O‘zbekistonda 2023-yildan boshlab texnikumdan oliy ta’lim muas­sasasiga imtihonsiz kirish tizimi bekor qilinadi. Imtiyozli ta’lim krediti yangi o‘quv yilidan texnikum va kollej o‘quvchilari uchun ham joriy etiladi. Kollej va texnikumlarda o‘qish uchun davlat grantlari va ehtiyojmand oila a’zolari uchun subsidiyalar ko‘paytiriladi. Shuningdek, kelgusi yil 1-yan­vardan boshlab, ilmiy darajasi bor texnikum o‘qituvchilarining ish haqi oliy ta’lim o‘qituvchilari maoshiga tenglashtiriladi.

555 MING NAFAR YOSH MEHNAT BOZORIGA KIRMOQDA

Yig‘ilishda so‘nggi 3 yilda “Ish­ga marhamat” monomarkazlari tashkil qilinib, odamlarni kasbga o‘rgatish boshlangani, lekin bu tizim 5–10 foiz ishsizlarni qamrab olishi ta’kidlandi. Bu yil esa res­publika bo‘yicha 555 ming nafar yoshlar mehnat bozoriga kirib ke­ladi. Ularni zamonaviy kasblarga o‘rgatish, munosib ish bilan ta’min­lash masalalari barcha darajadagi hokimlar, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, kollej va texnikum direk­torlarini ham o‘ylantirishi kerakli­gi ko‘rsatib o‘tildi. Negaki birgina 2022-yilning o‘zidayoq 16 milliard dollarlik 9 mingdan ziyod yirik va o‘rta loyihalar ishga tushirilib, ular­ga 300 ming nafarga yaqin malakali ishchilar kerak bo‘ladi.

KOLLEJLAR O‘RNIGA MONOMARKAZLAR TASHKIL ETILADI

Davlatimiz rahbari samara­siz ishlayotgan 70 ta texnikumni tugatishga topshiriq berdi. Yangi tizimga ko‘ra, 45 ta kollej Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimiga o‘tkazilib, ularning o‘rnida monomarkazlar tashkil etiladi. 62 ta texnikumi bor oliy ta’lim muas­sasalarining 60 ta yo‘nalishi tex­nikumlarga o‘tkaziladi. Rektorlar texnikumlarga o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv dastur­lari va darsliklar bilan ta’minlaydi hamda texnikumda o‘zining kafedralari filiallari, o‘quv laboratoriyala­rini tashkil etadi.

DUAL TA’LIM SHAKLI YO‘LGA QO‘YILADI

Hozir respublika bo‘yicha 57 ta professional ta’lim muassasasi­da Germaniya tajribasi asosida ish joyida o‘qitishning dual ta’lim shakli yo‘lga qo‘yilgan. Maktabga­cha ta’lim tizimida bu o‘z natijasini bermoqda. Masalan, pedagogi­ka kolleji o‘quvchilari 2 kun nazariy bilimlarni kollejda olsa, qolgan 4 kun bog‘chalarda amaliyot o‘taydi. Shu tariqa ham ishlab, ham oylik oladi.

Prezidentimiz topshirig‘i aso­sida endilikda dual ta’limni joriy etish uchun kasb-hunar mak­tablarining bo‘sh maydonlarida korxonalarning ishlab chiqarish sexlari tashkil etiladi. O‘quvchilar ushbu korxonada ishlab, oylik ola­di. Korxonadagi ustozlarga asosiy ish haqidan tashqari Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan qo‘shimcha ustama to‘lanadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish