Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

HUDUDLARGA TOIFASIGA QARAB IMTIYOZLAR BERILMOQDA

6.1.2023 950

Shahruza SATTOROVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tengsizlikni qisqartirish, tuman va shaharlarni ularning sharoiti, salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib rivojlantirish bo‘yicha yangicha yondashuvlarni joriy etish, shuningdek, tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash, davlat ko‘magini berish tartibini takomillashtirish va uning samaradorligini oshirish maqsadida respublika hududlarini toifalarga ajratish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning tabaqalashtirilgan tizimi joriy etildi.

Yangi tizimga ko‘ra, 2023-yil 1-yanvardan O‘zbekistondagi 208 ta tuman va shahar iqtisodiy ahvolidan kelib chiqib, 5 ta toifaga ajratildi. Respublika bo‘yicha 20 ta tuman 5-toifaga, 40 ta tuman 4-toifaga, 76 ta tuman 3-toifaga, 46 ta tuman ikkinchi toifaga hamda 26 ta tuman 1-toifaga kiritildi. Toifaga qarab bu tumanlarga soliq imtiyozlari, subsidiya ajratish tartibi va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash choralari ham belgilanmoqda.

Foyda solig‘i 1 foiz etib belgilandi

Tuman va shahar toifasidan kelib chiqib, tadbirkorlarga berilgan soliq imtiyozlarida 2023-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvargacha soliq solishning tabaqalashtirilgan tartibi joriy etildi. Unga ko‘ra, 5-toifadagi tumanlarda ro‘yxatdan o‘tgan va shu hududlarda faoliyat yuritadigan tadbirkorlarga bir qator imtiyozlar berildi.

Endi ular foyda solig‘i (15 foiz), aylanmadan olinadigan soliq (4 foiz) va ijtimoiy soliq (12 foiz)ni 1 foiz miqdorda to‘laydi. Shuningdek, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq (1,5) va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i (0,95 foiz) mazkur soliqlar bo‘yicha hisoblangan summaning 1 foizi miqdoridagi soliq stavkalari bo‘yicha belgilanadi.

Bundan tashqari, 5-toifadagi tumanlarda ro‘yxatdan o‘tgan va shu hududlarda faoliyat yuritadigan yakka tartibdagi tadbirkorlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining qat’iy belgilangan summalarini to‘lashdan ozod qilinadi. Yirik soliq to‘lovchilar, doimiy muassasa, byudjet tashkiloti va davlat korxonasi, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ko‘proq miqdorda bo‘lgan yuridik shaxslar esa bundan mustasno.

Davlat bog‘chalarida to‘lovlar miqdori kamaytirildi

 2023-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvarga qadar davlat bog‘chalarida bola ta’minoti uchun to‘lovlar tumanlarning toifasidan kelib chiqib, belgilanadi. Unga ko‘ra, 5-toifadagi tumanlarda – 50 foiz; 4-toifadagi tumanlarda – 50 foiz; 3-toifadagi tumanlarda — 30 foiz miqdorda to‘lov kamaytiriladi.

TUMAN VA SHAHARLAR TOIFASI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi “Respublika hududlarini toifalarga ajratish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning tabaqalashtirilgan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq 2023-yil 1-yanvardan O‘zbekistondagi barcha — 208 ta tuman va shahar iqtisodiy ahvolidan kelib chiqib, 5 ta toifaga ajratildi. Toifaga qarab bu tumanlarga soliq imtiyozlari, subsidiya ajratish tartibi va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash choralari belgilanadi.

 

Hududlar toifasi:

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

1-toifa: —

2-toifa: Nukus shahri va Qo‘ng‘irot tumani;

3-toifa: Beruniy, Qorao‘zak, Taxiatosh, To‘rtko‘l, Xo‘jayli, Chimboy, Ellikqal'a;

4-toifa: Amudaryo va Nukus tumanlari;

5-toifa: Bo‘zatov, Kegeyli, Qonliko‘l, Mo‘ynoq, Taxtako‘pir, Shumanay.

 

Toshkent shahri

1-toifa: barcha tumanlar;

2-toifa: —

3-toifa: —

4-toifa: —

5-toifa: —

 

Andijon viloyati

1-toifa: Andijon shahri;

2-toifa: Andijon, Asaka va Shahrixon tumanlari, Xonobod shahri;

3-toifa: Baliqchi, Buloqboshi, Qo‘rg‘ontepa, Oltinko‘l va Xo‘jaobod;

4-toifa: Jalaquduq, Izboskan, Marhamat va Paxtaobod;

5-toifa: Bo‘ston va Ulug‘nor.

 

Buxoro viloyati

1-toifa: Buxoro shahri;

2-toifa: Kogon shahri, Kogon, Qorovulbozor va Romitan tumanlari;

3-toifa: Buxoro, G‘ijduvon va Qorako‘l tumanlari;

4-toifa: Vobkent, Jondor, Olot, Peshku, Shofirkon;

5-toifa: —

 

Jizzax viloyati

1-toifa: Jizzax shahri;

2-toifa: G‘allaorol;

3-toifa: Do‘stlik, Zarbdor, Zafarobod, Zomin, Mirzacho‘l, Paxtakor, Forish, Sharof Rashidov;

4-toifa: Baxmal, Yangiobod;

5-toifa: Arnasoy;

 

Qashqadaryo viloyati

1-toifa: Qarshi shahri;

2-toifa: Shahrisabz shahri, G‘uzor, Kitob va Shahrisabz tumanlari;

3-toifa: Kasbi, Koson, Ko‘kdala, Qarshi, Chiroqchi va Yakkabog‘ tumanlari;

4-toifa: Qamashi, Mirishkor, Muborak, Nishon;

5-toifa: Dehqonobod.

 

Navoiy viloyati

1-toifa: Navoiy shahri;

2-toifa: Zarafshon shahri, Karmana, Navbahor va Uchquduq tumanlari;

3-toifa: G‘ozg‘on, Qiziltepa, Nurota;

4-toifa: Konimex, Xatirchi;

5-toifa: Tomdi.

 

Namangan viloyati

1-toifa: Namangan shahri, Yangi Namangan va Davlatobod tumanlari;

2-toifa: To‘raqo‘rg‘on, Uychi, Uchqo‘rg‘on;

3-toifa: Kosonsoy, Namangan, Pop, Chortoq, Chust va Yangiqo‘rg‘on tumanlari;

4-toifa: Norin;

5-toifa: Mingbuloq.

 

Samarqand viloyati

1-toifa: Samarqand shahri;

2-toifa: Jomboy, Samarqand va Toyloq tumanlari;

3-toifa: Kattaqo‘rg‘on shahri, Bulung‘ur, Ishtixon, Narpay, Oqdaryo, Pastdarg‘om va Urgut tumanlari;

4-toifa: Kattaqo‘rg‘on, Nurobod, Paxtachi, Payariq;

5-toifa: Qo‘shrabod.

 

Sirdaryo viloyati

1-toifa: —

2-toifa: Guliston va Shirin shaharlari, Sirdaryo tumani;

3-toifa: Yangier shahri, Mirzaobod va Oqoltin tumanlari;

4-toifa: Boyovut, Guliston, Sayxunobod va Xovos tumanlari;

5-toifa: Sardoba.

 

Surxondaryo viloyati

1-toifa: Termiz shahri;

2-toifa: Jarqo‘rg‘on va Termiz tumanlari;

3-toifa: Angor, Denov, Qumqo‘rg‘on, Sariosiyo;

4-toifa: Boysun, Muzrabot, Uzun, Sherobod, Sho‘rchi;

5-toifa: Bandixon, Qiziriq, Oltinsoy.

 

Toshkent viloyati

1-toifa: Ohangaron va Chirchiq shaharlari;

2-toifa: Angren, Bekobod, Nurafshon, Olmaliq va Yangiyo‘l shaharlari, Bo‘stonliq, Zangiota, Qibray, Quyichirchiq, Toshkent, Chinoz va Yuqorichirchiq tumanlari;

3-toifa: Oqqo‘rg‘on, Ohangaron, Parkent, O‘rtachirchiq va Yangiyo‘l tumanlari;

4-toifa: Bekobod, Bo‘ka va Piskent tumanlari;

5-toifa: —

 

Farg‘ona viloyati

1-toifa: Farg‘ona shahri;

2-toifa: Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlari, Buvayda tumani;

3-toifa: Quvasoy shahri, Beshariq, Bog‘dod, Dang‘ara, Quva, Qo‘shtepa, Oltiariq, Rishton, Toshloq, O‘zbekiston, Uchko‘prik va Farg‘ona tumanlari;

4-toifa: Furqat;

5-toifa: So‘x, Yozyovon.

 

Xorazm viloyati

1-toifa: Urganch shahri;

2-toifa: Bog‘ot;

3-toifa: Xiva shahri, Gurlan, Tuproqqal'a, Urganch, Hazorasp, Xonqa, Shovot tumanlari;

4-toifa: Qo‘shko‘pir, Xiva va Yangibozor tumanlari;

5-toifa: Yangiariq.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish