Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

IELTS UCHUN O‘QIMOQCHIMISIZ? UNDA CHO‘NTAGINGIZNI BAQUVVAT QILING

13.7.2022 713

Mashhura NASRIDDINOVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Kun sayin rivojlanib bo­rayotgan dunyoda qo‘shimcha til bilmas­lik odamni biroz xijolat qiladi. Chunki biror joy­da ishlash yoki o‘qish uchun ham ingliz yoki rus tilini bilish muhim. Bu yildan esa bakalavr bosqichini tamomlab, magistraturaga hujjat topshirgan talabalardan ham til bilish darajasi, yaʼni IELTS sertifikati talab qilinadi.

Til bilgan yaxshi, ammo tanganing boshqa tarafi ham bor degan­laridek, bu baʼzilar uchun biznesdek bo‘lib qoldi. Poytaxt ko‘chalarida yu­rarkansiz, har qadamda til kurslarining afishalariga ko‘zingiz tushadi. Metro bekatlari-yu, yerosti yo‘llari ham qisqa muddatda oson til o‘rganishingizga kafolat beruvchi eʼlonlar bilan to‘lgan.

Metroning “Chilonzor” yo‘lidan “Yunusobod” yo‘liga o‘tarkansiz, bun­day reklamalar sizni aslo zeriktirmaydi. Reklama beruvchilar marketingning yaxshi usulidan foydalangani sabab inson miyasi bir yoki ikki daqiqa ket­ma-ket bir narsani ko‘rsa, ko‘z va miya xotirasi uni o‘ziga saqlab qoladi.

Abituriyentlikda IELTS kursiga qatnaganim uchun unchalik ko‘p vaqt sarflamayman, deb shunday tez­kor kurslarning biriga telefon qildim. Sinov darsiga ham borib ko‘rdim, ammo dars tugagach, menga sinov uchun deyilgan dars aslida 3 oylik kursning birinchi darsi ekanligini, oldindan to‘lovning 50 foizini, yaʼni 2 mil­lion 500 ming so‘m to‘lashim kerakligi haqida chek berdi. Biroz tortishuvdan so‘ng faqat o‘sha darsga pul to‘lab chiqib ketdim. Faqat marketingi yax­shi bo‘lgan bunday kurslar qancha yoshlarning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirgan bo‘lsa ajab emas.

Chet tilini o‘qitishning umumyevropa tizimida ingliz tilini o‘rgana olishning ko‘plab sabablari ko‘rsatib o‘tilgan. Unga ko‘ra, sizning ayni damdagi ingliz tili darajangiz, ona tilingiz, o‘rganish va mashq qilish uchun qancha vaqt sarflay olishingiz muhim hisoblanadi. Shu bilan birga, bu hujjatda ingliz tilidan maʼlum da­rajaga chiqish uchun necha soat shug‘ullanish zarurligi belgilangan.

A1 (boshlang‘ich) darajadan B2 (IELTS 5,5) natijani qo‘lga kiritish uchun 720 soat davomida ingliz tili bilan mashg‘ul bo‘lish kerak. Bundan xulosa qilish mumkinki, 2 oyda IELTS sertifika­tini qo‘lga kiritish uchun har kuni eng kamida 12 soatdan vaqt ajratish kerak.

Yaqinda O‘zbekiston davlat ja­hon tillari universitetida o‘qiy­digan dugonam IELTS sertifikatidan 7 balni qo‘lga kiritdi, buning uchun 1 yarim yil davomida qattiq shug‘ul­landi. Ammo juda yaxshi esimda, abituriyentlikda ham ingliz tilidan tayyorlanib yurardi. Suhbatimiz davomida 1 yarim yilda til kurs­larining o‘ziga 10 million so‘mdan oshiqroq pul sarflaganini aytdi.

Til o‘rganishning foydasi juda ko‘p. Ammo til kurslarining narxlariga biroz insofni qo‘shsak yomon bo‘lmas edi. Misol uchun, Toshkent shahridagi “Inter Nation School” o‘quv markazi. Sharoitlari juda yax­shi, xonalari zamonaviy uslubda bezatilgan. Kurs narxlari ham shun­ga yarasha, bir oy uchun 600 ming so‘m. Poytaxtimizda ancha mashhur “Everest” o‘quv markazida ham kurs narxlar 350 ming so‘mdan boshlanib, 500 ming so‘mgacha boradi.

Poytaxtda talab yuqori, shunga qarab narx ham belgilanadi. Ammo bu markazlarning asosiy o‘quvchi­lari viloyatlik yoshlar. Tasavvur qiling, kurs narxi o‘rtacha 400 ming so‘m deb olaylik, bundan tashqari, turar joy uchun 500 ming so‘m, ovqatlanish, yo‘l haqi kabi moddiy ehtiyojlarsiz ham 1 million so‘mga yaqin bo‘ladi. O‘quv kursida odam kam bo‘lib, siz bilan alohida shug‘ullansa ham, bergan pulingizga achinmay­siz, ammo o‘zim borib ko‘rgan kurs­da 30-40 tinglovchi bor. Ikki soatlik dars davomida o‘qituvchi dars o‘ta­dimi yoki uyga berilgan vazifani tek­shiradimi?

Har kimning sharoit har xil. Oddiy oilaning farzandi uchun 1 yil Tosh­kentda bunday narxga til o‘rganish biroz og‘irlik qiladi. Cho‘ntagi ko‘tar­ganlarning esa do‘ppisi osmonda. Magistraturaga hujjat topshiraman deb harakat qilayotgan talabalar, cho‘ntagingiz baquvvatmi?

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish