Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

IMTIHONGA OZ QOLDI, SIZ TAYYORMISIZ?

7.8.2022 380

Ziyoda RAHIMBOYEVA tayyorladi.

Imtihon oldi hayajonlari: uyqusizlik, ishtaha yo‘qolishi, asabiy bo‘lib qolish. Agar bir necha kundan keyin imtihonga kirishingiz kerak bo‘lsa-yu, yuqoridagi holatlarni bartaraf etmasangiz, imtihon kuni o‘zingiz xohlamagan holda xotira pasayishi va diqqatni jamlay olmaslikdan qiynalishingiz mumkin.
Buning oldini olishda taomnoma, yaʼni ovqatlanish ratsioni muhim ahamiyatga ega.
Tarkibida kalsiy va temir mavjud bo‘lgan mahsulotlar, ayniqsa, yangi uzilgan mevasabzavotlar aqliy faoliyatingizni yanada yaxshilab, diqqat jamlashga yordam beradi.
Ruhiy holatni yaxshilashda uyqu ham kerakli o‘rin tutadi. Ko‘pchilik abituriyentlar imtihonga
bir necha kun qolganda ovqatlanish, uyqudan voz kechib bo‘lsa-da, ko‘proq o‘qish va yodlashga, bilganlarini takrorlab olishga shoshilishadi.
Afsuski, bu yo‘lni tutish doim ham yaxshi natijalarga olib kelavermaydi. O‘z vaqtida dam olmaganingiz va tanaffuslarsiz ishlaganingiz sabab sizda imtihon kuni quvvatsizlik, uyqusirash
kuzatilishi mumkinligini unutmang.
Imtihongacha o‘qib ulgurmagan kitoblaringiz bo‘lsa, bir necha kun ichida o‘zlashtirib
olishingiz ilojsiz, agar buni uddalagan taqdiringizda ham, organizmingizni ruhiy va aqliy jihatdan zo‘riqtirasiz. Bu esa o‘zining salbiy taʼsirini ko‘rsatmay qolmaydi.
NIMA QILISH KERAK?
Imtihon oldi mahallangizdagi yoshi ulug‘, nuroniy otaxon-onaxonlarni ziyorat qilib, duolarini olsangiz nur ustiga nur. Bu bilan ancha xotirjamlikni his qilasiz, ularning duolari siz uchun
eng yaxshi motivatsiya bo‘ladi.
O‘zingiz yoqtirgan muzqaymoq yoki biror shirinlik bilan sokin joylar: xiyobon, ko‘l yoki anhor bo‘ylarini aylanishingiz, tabiat qo‘ynida dam olib, sevimli qo‘shig‘ingizni tinglashingiz mumkin.
Bu o‘z-o‘zidan paydo bo‘layotgan shoshqaloqlik va asabiylikni yengish uchun juda yaxshi yo‘l.
Yaqinlaringiz davrasida oilaviy albomni yoki sevimli kinoni tomosha qilish orqali ham o‘zingizga ishonchni yana bir pog‘ona ko‘tarishingiz mumkin. Imtihonlardan aʼlo natija bilan o‘tishingizga biz ham tilakdoshmiz, ammo shuni ham unutmangki, yomon natija ko‘rsatgan taqdiringizda ham, yaqinlaringiz sizni yaxshi ko‘rishadi va qadrlashadi.
Qunt va mashaqqat bilan bilim olib, talabalik sari intilayotgan har bir abituriyentga omad
tilaymiz!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish