Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“KELAJAK BUNYODKORI” MEN UCHUN MUKOFOT EMAS, ISHONCH VA MAS’ULIYAT

18.7.2022 1116

Zabarjad Qahhorova Qarshi davlat universiteti 3-bosqich talabasi, “Kelajak bunyodkori” medali sohibasi

Men Zabarjad Qahhorova Qarshi davlat universiteti 3-bosqich talabasi, Qashqadaryo viloyati “Kelajak liderlari” klubi a’zosi, Respublika “Qizlar ovozi” klubi Mirishkor tumani boʻlimi rahbari hamda Navoiy davlat stipendiyasi sohibasiman.

Sport yurtni dunyoga tanitadi, ilm esa rivojlantiradi. Men ham ilm yoʻlidagi insonman. Yaqinda Germaniya Federativ Respublikasi tomonidan Oliy taʼlim muassasalari talabalari uchun moʻljallangan “DAAD-Deutscher Akademischer Austauschdienst” Sommerkurs-2022 ta’lim dasturi gʻolibi boʻldim va Germaniya Federativ Respublikasiga yozgi kurs uchun 100 % grant sohibasi boʻldim. Yaqinda Germaniyaga ketyapman. Quvonarlisi shundaki, bakalavr bosqichini tugatgandan soʻng magistratura bosqichini Germaniya davlatida oʻqish imkoniyatiga ham ega boʻlyapman.

Bu yilgi yoshlar kuni mening hayotimda oʻchmas iz qoldirdi. Sababi mening eng katta orzularimdan biri amalga oshib, muhtaram Prezidentimizning shaxsan qoʻllaridan “Kelajak bunyodkori” medalini qabul qilib oldim. Oʻsha vaqtdagi hayajonimni, quvonchimni hozir soʻz bilan ta’riflab berolmayman. Ayniqsa, muhtaram Prezidentimizning yonlariga yurib borar ekanman, “O, qashqadaryolik Zabarjadxonim” degan soʻzlari hali-hamon qulogʻim ostida jaranglab turibdi. “Kelajak bunyodkori” men uchun shunchaki bir mukofot emas, balki ishonch va mas’uliyat degani.

Bugungi kunda yoshlarga berilayotgan imkoniyatlardan, muhtaram Prezidentimizning otalarcha gʻamxoʻrliklaridan biz yoshlar kuch olayapmiz. Ortimizda shunday Buyuk togʻimiz borliklaridan gʻururlanib, marralarni ulkan olayapmiz. Menga bildirilgan ushbu yuksak ishonch va e’tirofga javoban shunday deyman: nasib etsa jonajon yurtimizda ilm-fan rivojiga hissa qoʻshadigan, kerak boʻlsa muhtaram Prezidentimiz ishonadigan, ular olib borayotgan islohotlarda kamarbasta boʻladigan xalqimizning haqiqiy qizi boʻlishga va’da beraman!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish