Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

KITOB DIZAYNERI YOXUD SOTIB OLISHGA UNDAYDIGAN MUQOVALAR

21.1.2023 1572

Shahribonu RAHMATOVA tayyorladi.

Kitoblar ajoyib muqovasi bilan ham eʼtiboringizni tortishi mumkin. Soʻng beixtiyor shu kitobni sotib olasiz. Uyingizdagi javonga terib qoʻyilgan kitoblarning muqovasi va ranglari bilan eslab qolasiz, hattoki nomini oʻqimay turib ham qaysi asar ekanini bilasiz. Siz-u bizning kitoblarga bo‘lgan mehrimizni uygʻotishiga sabab boʻladigan, asosan, “sahna ortidan turib xizmat qiladigan” insonlar kitob dizaynerlaridir. Ularning nomi emas, tayyorlagan muqovalari mashhur boʻladi.

Kitoblar uchun tayyorlagan muqovalari bilan insonlarni kitob sotib olishga majburlayotgan yosh dizayner Bobur Murodov “Yangi asr avlodi” nashriyotida faoliyat olib boradi. “December” taxallusi bilan ijod qilayotgan Boburning oʻzi ham didli kitobxon, kitoblarga boʻlgan mehri sabab biror asarga muqova tayyorlashdan oldin uni oʻqib chiqadi.

U bu sohaga kirib kelishidan oldin videomontaj va ijtimoiy tarmoqlar dizayni bilan shugʻullangan. Kitob uchun ilk bor muqova tayyorlashi bundan ikki yil avval yozuvchi Nodirabegim Ibrohimovaning kitobiga dizayn qilishi bilan boshlandi. Yozuvchining Amerikada “My, dad and alzheimer” nomli kitobi ham nashrdan chiqdi. Bobur Ernest Xemenguey, Knut Hamsung, Ibrohim Gʻofurov, Gyote, Gerbert Uells kabi yozuvchilarning seriyasiga hamda “Martin Iden”, “Xayrlashuv maktubi”, “Faust” kabi biz sevib oʻqiydigan asarlarga muqovalar yaratgan. “Jeyn Eyr”, “Bavari xonim”, “Jenniy Gerxard”, “Ikki Diana”dan iborat ayollarga bagʻishlangan asarlar seriyasining yaratilishi haqida shunday deydi: “Jeyn Eyr” asariga muqova qilishim kerak edi. Illyustrator dasturida rasm chizib, uchta variantni tayyorladim. Ochigʻini aytsam, illyustratorda rasm chizish koʻp mehnat va sabrni talab qiladi. Keyin boshqa gʻoya kelib qoldi, sahifada faqat bitta gulcha boʻladi deb tasavvur qildim va 5 daqiqada yana bir muqovani tayyorladim. Eng qizigʻi, 4 kun mobaynida tayyorlagan muqovalarim qolib, oxirgi qilgan ishim jamoamizga maʼqul boʻldi. So‘ng kitobxonlar tili bilan aytganda “gulchali kitoblar seriyasi” birin-ketin nashr etildi”.

Kitob dizayni bilan shugʻullanish boshqa dizayn sohalariga qaraganda ancha murakkab. Chunki kitobga qoʻyiladigan talabalar yuqori. Biror kitobga dizayn qilishdan oldin uni oʻqib chiqish, audio variantini eshitish yoki taqrizlar bilan tanishish lozim. Kitob muallifi va muharrir bilan suhbatlashish ham katta foyda beradi. Asar asosida ishlangan film mashhur boʻlsa, muqovada oʻsha filmlardagi taniqli obrazlardan foydalanish mumkin. Bu kitobning sotilishiga ham yaxshi xizmat qiladi.

Baʼzi dizaynerlar oʻzi qilayotgan kitob haqida toʻliq maʼlumotga ega boʻlmasdan yoki internetdagi tayyor shablonlardan foydalanib, muqova qiladi. Buni kitobxon yoki muallif sezmasligi mumkin, lekin December kabi shu soha vakillari bir koʻrishda ajrata oladi. Boburning oʻzi va boshqa kitob dizaynerlari duch keladigan muammolar haqida ham bilib oldik.

– Baʼzi yoshi katta mualliflar eski uslubdagi muqovalarni xohlaydi. Ular eksperimentlarni va yangiliklarni qabul qila olmaydi. Shu sabab ular bilan ishlash qiyin, iloji boricha bunday vaziyatlarda oltin oʻrtalikni tanlashga harakat qilamiz. Dizaynerlar xushlamaydigan yana bir holat – kitob muallifining dizayner yonida koʻrsatma berib, erkin ishlashiga, fantaziya qilishiga xalal berishi. Biz bunday holatlarni juda yomon koʻramiz, – deydi Bobur Murodov.

Qahramonimizning maqsadi, oʻzimizda jahon standartlariga mos, ular bilan raqobatlasha oladigan dizaynlarni yaratish va shu orqali kitobxonlarning sonini oshirishga hissa qoʻshish. Buning uchun esa doim soha yangiliklarini kuzatib borish, oʻz ustida ishlash lozim. Shu sabab u ham rasm chizishni oʻrganmoqda. Dizaynerning fikricha, sizda shu sohaga qiziqish boʻlsa, dastlab “Adobe Photoshop”, “Adobe Illustrator”, “CorelDraw” kabi dasturlarini mukammal oʻrganishingiz kerak. Bu yo‘lda esa hech qanday toʻsiq yoʻq. YouTube platformasida 100 dan ortiq kurslar, “VideoSmile”, “Zero2Graphic”, “Photoshop Tutorials” kabi kanallar, shuningdek, dizaynerlik bilimlarini oʻrgatuvchi taʼlim markazlari mavjud.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish