Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

KUTUBXONA QAMOQXONA BO‘LMASIN

11.8.2022 480

Shahribonu RAHMATOVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri. Foto muallifi: Behruz RAJABOV

Kutubxonalar maʼnaviy-madaniy markaz si­fatida jamiyatning axborot ehtiyojlarini qondi­rish, fan, maorif, milliy madaniyatni boyitishga xizmat qiladi. Yurtimizdagi eng yirik kutubxo­nalardan biri Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekis­ton milliy kutubxonasidir.

Kutubxona 1870-yili may oyida Toshkent ommaviy kutubxonasi sifatida ochilgan. 1948-yil­da kutubxonaga Alisher Navoiy nomi, 2002-yil esa Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi maqomi berilgan. Foydalanuvchilar uchun qiroatxona, internet markaz, media markaz, inter­netga ulangan o‘quv kompyuter markazi, oshxona va yana bir qancha sharoitlar bor.

Bir qarashda bu yerda barcha imkoniyatlar yaratilgan, deb ayta olamiz. Ammo hech narsa to‘kis bo‘lmaydi – bir kam dunyo. Keling, kutubxonaga birgalikda sayohat qilamiz.

Kutubxonaga kirish kuchli nazoratga olingan, dastlab metal­lodetektordan o‘tishingiz lozim, so‘ng gvardiya xodimi boshdan oyoq tekshirib chiqadi. Yozmi-qish­mi, kiyimingiz qalinmi-yupqami ahamiyati yo‘q, sizni titkilab ko‘rish­lari shart. So‘ng esa sumkangizni tekshirishadi.

Keyingi manzil “garderob”. U yerda “shirinso‘z” xodimalar tarbiya darsini o‘tishadi, har bir yosh bun­day siylovdan bebahra qolmaydi. Sumkangizni olib kirishingiz mum­kin emas, shu bilan birga, sumkangizda narsalarni qoldirib kirishin­giz ham ilojsiz, katta qilib yozib qo‘yishgan: “Sumkangizning ichidagi nar­salarga javob bermaymiz!”.

Qiziq-a? Sumkadagi narsalarga javob ber­masliklarini aytib turish­sa, qanday qilib ishonib topshirib ketasiz?! Buyum­laringiz yo‘qolishidan hadiksirab, bor narsani olasiz: kompyuter, quvvatlagich, kitoblar, daftarlar, ruchkalar va hokazo. O‘zingiz bilan olib kirayotgan har bir kitob uchun ruxsatnoma ham olishingiz kerak.

Kutubxonaning asosiy qismi­ga guvohnomasiz kira olmaysiz, ID-karta uchun rasmga tushish kerak. ID-kartani olgach, ikkinchi tekshiruv postiga kelasiz. Postda odamlarni ko‘raverib zerikib ket­gan gvardiya xodimi “muloyimlik” bilan tekshiruvdan o‘tkazadi, gu­vohnomangizni so‘raydi, undagi rasmni sizga o‘xshatishga harakat qilib ikki-uch bor qaraydi. Kitoblarning har birini tezda varaqlab chiqadi.

Navbat yuqoridagi qavatlar­ga. U yerda hammasi yaxshi deb o‘ylasangiz, adashasiz. Kutubxo­na ichidagi atmosfera o‘qishga motivatsiya beradigan joy emas. Baʼzi bo‘limlardagi xodimlarning qarashi mutolaa ishtiyoqini so‘ndi­radi. Ularga bir marta savol berib, qayta yoniga yaqinlashmaydigan bo‘lasiz. Xodimlarga tabassum qilish bo‘yicha trening o‘tish kerak, chamasi.

Kutubxona ichi­da ko‘p narsa, shu jumladan, telefondan foydalanish, hattoki oshxonada ham gapirish,o‘zingizga kerakli kitobni nusxalab olishingiz mumkin emas. To‘g‘rirog‘i, 15 foizini nusxalash mumkin, mualliflik huquqi sabab shun­day taqiq qo‘yilgan. Lekin bu taqiq nashr etilganiga 50 yildan oshib ketgan kitoblarga ham tegishli ekani taajjubga soladi.

Chiqib ketishda ham jiddiy yuz ifodasidagi gvardiya xodimi yana guvohnomani so‘raydi, “talab shunaqa” deyishadi. Chiqib keta­yotganda kirish guvohnomasini so‘raydigan O‘zbekistondagi yagona tashkilot milliy kutubxona bo‘lsa kerak.

Kutubxonaga kirishda hatto ustingizdagi kiyim sa­bab ham taqiqqa uchrashingiz mumkin. Ishon­maysizmi? Unda talaba Surayyo Xayrullayevaning so‘zlarini tinglang:

– 16-iyul kuni IELTSga tayyorla­nadigan qizlar telefon qilib “reading”ini tekshirib berishimni so‘rash­di. Birga kutubxonaga bordik. Chunki “book cafe”da o‘tirishning 2 soati 50 ming so‘m bo‘ladi, bog‘da o‘tiramiz desak, havo juda issiq. Egnimga oq kofta (hech qayeri ochiq emas) va shortik kiygan edim. Shortikda bo‘lganim uchun eshikdan kirgizish­madi. “Nega shortikda kirish mumkin emas?” – desam, kutubxona xodimi: “Bu yerga odamlar o‘qigani keladi”, dedi. A?! Tasavvur qiling, Toshkent­daman, bir qancha xalqlar yashay­di, yozda shunday kiyimlar barcha yoshlarga qulay, lekin kutubxonaga shuni deb kirgizmasa-ya?!

Aslida kutubxonalardagi muhit erkinlikni his etishga yordam beri­shi kerak. Shundagina o‘quvchilar­ni ohanrabo kabi o‘ziga chorlaydi. O‘zbekiston milliy kutubxonasidagi muhit insonni qafas ichiga solib qo‘ygandek bo‘ladi.

Baʼzi o‘quvchilar bosma va elek­tron kitoblar, dissertatsiyalar resur­si juda kattaligidan boshqa tanlov yo‘qligidan, baʼzi yoshlar esa shun­chaki dars qilish uchun borishadi. Kutubxonani muzey kabi qo‘riqlash, shuncha taqiqlarni o‘rnatish shart­mi?

Nazarimda, kutubxonaga kirish erkin bo‘lishi kerak. Katta kutubxonalarda noyob qo‘lyozmalar bor, ularni asrashimiz kerak, deyishingiz mumkin. Lekin bunday qo‘lyozmalar doim yopiq fondlarda bo‘ladi va u yerga maxsus ruxsatnoma yoki xat bi­lan kiriladi. Yuqoridagi tartiblar esa odamni bezdiradi, charcha­tadi, xolos.

Biz, kitobxonlar milliy kutubxona rahbarlari va masʼullar ku­tubxona tartibi, g‘oyasi, faoliyati mohiyatini qayta ko‘rib chiqish­larini so‘ragan bo‘lardik.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish