Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

MILLIY VALYUTAMIZ RAMZI MILLIY BO‘LSIN

11.6.2022 798

Abduvohid HAYIT, filologiya fanlari nomzodi

Yaqinda matbuotda o‘zbek valyutasi ramzini ishlab chiqish bo‘yicha tanlov yakunlanganligi bildirildi. Rasmiy xabarda aytilishicha, tanlovda 508 loyiha ishtirok etgan, loyihalarni baholashda
Hakamlar hay’ati: “o‘ziga xoslik (unikal), originallik; universallik; oson tanib olinishi; ramziy va farqli jihatlari; so‘m ramzining turli formatlarda grafik qo‘llanilishining qulayligi” kabi mezonlarga tayangan. Bizningcha, milliy valyuta ramzini tanlashda uning asosiy
sifati – milliyligi ham inobatga olinsa, yaxshi bo‘lardi. Chunki milliy valyutani qadrlaydigan shu millat, shu xalq, boshqa bir xalq uchun u hech qachon qadrli bo‘lolmaydi.
Xalqimiz uni qadrlashi, o‘ziniki deb bilishi uchun esa u xalqqa yaqin bo‘lishi kerak. Tanlovda g‘olib topilgan loyiha ijtimoiy tarmoqlarda ancha bahsga sabab bo‘ldi, ko‘pgina ziyolilarimiz o‘zbek so‘mining bo‘lajak ramziga o‘z munosabatlarini bildirishdi. Afsuski, bir qarashda ilonni eslatadigan bu belgi ko‘pchilikka ma’qukelmadi. Bildirilgan fikrlarning barchasi salbiy, shaxsan men birorta
ham ijobiy taqrizga duch kelmadim. Ustiga-ustak, g‘olib topilgan ramz tanlov mezonlarida belgilanganidek “o‘ziga xos (unikal), original” emas ekan, ramz e’lon qilingach, uning Fransiyadagi In-Core Systemes kompaniyasi ramzining aynan ko‘chirmasi ekanligi,
qolaversa, shunga o‘xshash boshqa logotiplar ham borligi ma’lum bo‘lib qoldi. Agar so‘m uchun shu ramz qabul qilinsa, In-Core Systemes kompaniyasimi yoki boshqasimi ko‘chirmachilikda ayblab sudga bermasligiga kafolat yo‘q.
Bu esa milliy valyutamiz, qolaversa, mamlakatimiz sha’ni uchun yaxshi bo‘lmaydi.
Turkiy xalqlar uchun ramz, tamg‘alar yot unsur emas. Qadimda har bir qavm, qabila o‘z tamg‘asiga ega bo‘lgan. Xususan, Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘otit-turk”da o‘g‘uz qabilalarining yigirma ikki tamg‘a-ramzlarini keltiradi. Shunday ekan, milliy valyutamiz ramzi ham zamonaviy bo‘lish bilan birga, ana shu tarixiy an’analarimizni ham o‘zida mujassam etsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Ko‘pgina davlatlar pul birligi ramzi uchun asos qilib o‘sha valyuta nomining birinchi harfi olingan. Shu nuqtai nazardan, men o‘zbek so‘mi uchun lotincha “s” harfi asosida yaratilgan ramzni emas, balki qadimgi turk (O‘rxunenasoy) yozuvidagi “s” tovushini ifodalovchi belgini taklif etmoqchiman (1-rasm). Yuqorida tilga olingan tanlov mezonlaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, qadimgi turk  yozuvidagi bu belgining “o‘ziga xosligi, unikalligi” shundaki – avvalo u lotincha “s”ga shaklan juda o‘xshash, bu belgi qadimgi so‘g‘d yozuvi orqali turk alifbosiga o‘tgan bo‘lishi va lotincha “s” bilan bir ildizga borib taqalishi ham mumkin. Ikkinchidan, belgining “s” ga o‘xshash qismidan “o‘sib chiqqan” chiziqcha xuddi oldinga va yuqoriga qarata tortilganday ko‘rinadi, bu esa oldinga intilish va o‘sish ko‘rsatkichi singari optimistik ruh bag‘ishlaydi. Uchinchidan, bu harfni qadimgi turk yozuvidagi “s” tovushini bildiruvchi belgi sifatida ham, lotincha zamonaviy “s” deb ham o‘qish mumkin. Albatta, bu belgini ramz sifatida qabul qilish uchun unga biroz ishlov berish, qadimgi turk yozuvidagi harf va “s” oralig‘idagi shaklga keltirish mumkin. Agar so‘mimiz ramzi qadim ajdodlarimiz asrlar davomida qo‘llab kelgan ilk turk yozuvidagi mazkur harf asosida yaratilsa, u chuqur tarixiy ildiz, ma’no kasb etish bilan birga go‘zal zamonaviy ko‘rinishga ham ega bo‘ladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish