Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

MAJRUH

20.7.2022 1198

Mohira ESHPOʻLATOVA

U bilan qachon, qay tarzda tanishib qolganimni yozib oʻtirishni istamayman, bu bir-birini bilmagan odamlarning tasodifan uchrashib qolishlaridan farq qilmaydi. Uning ta’biri bilan aytganda, biz bir doira ichida aylanayotgan kamchilik odamlardan edik. Qachondir, bu tanishuv, albatta, roʻy bergan boʻlarkan. Bu hodisa unchalik muhim emas, asosiysi Uning hayotimga qaysi payt kirib kelganida edi. Ishontirib aytamanki, agar oʻsha kun butkul boshqa bir kayfiyatda boʻlganimda tanishmagan boʻlardim. Uning hayotimda paydo boʻlishi ruhiy inqirozni boshimdan kechirayotgan, hayotdan ma’ni axtarib, zerikib, tushkunlikka tushib qolgan davrga toʻgʻri kelgan. Oʻsha paytlar ichimdagi boshi-oxiri yoʻq savollarga javobni yana hayotdan uzilib qolishimga sababchi boʻlgan kitoblardan izlayotgandim. Men oʻqigan kitoblar, oʻzim ishongan, suyangan haqiqatlarim bugungi yashayotgan hayotimga toʻgʻri kelmasdi. Unga moslashish kerakmi yoki oʻzlikni saqlab qolishmi deb arosatda yashayotganimda Uni uchratdim. oʻshandagi holatimni, his etganimni soʻz bilan ifodalab boʻlmaydi, xuddi ummon ichida mavhumlik sari yolgʻiz suzib ketayotgan odam qutqaruv kemasini koʻrganda qanday holatga tushsa, Unga men ham aynan shunday qaragandim. U men avval tanigan, bilgan odamlarga oʻxshamasdi, boshqacha edi. Hozir oʻylab qarasam, dastlab oʻzim xohlagan hayot tarzini Unda koʻrganim uchun e’tiborim markazida turgan ekan. “Mana, shunaqa xayolni haqiqatga aylantirib yashasa ham boʻlar ekan-ku!” der edim suhbatlarimiz yakunida. Har kungi yozishmalardan soʻng oʻzim umr boʻyi izlab yurgan olamni kashf etayotganday his etardim. U men uchun hayratlar bulogʻi edi, men esa undan qonib-qonib suv ichib hech toʻymasdim… Suhbatlarimiz mavzusi turlicha edi. Biz hech bir e’tirozsiz san’atdan adabiyotga, tarixdan dinga koʻchib oʻtaverar, bir vaqtning oʻzida ham dunyo kezishning, jamiyat ichida boʻlishning foydalarini gapira turib uzlatni istardik. Biz bir-birimiz uchun eshiklari doim ochiq, istalgan vaqtda Yurak va Haqiqat bilan kirib borish mumkin boʻlgan olam boʻlishni istagandek. Va shuni ishonch bilan ayta olamanki, qanchadir muddat shunday ham boʻlgan. Bu ikkimiz uchun ham olam ichidagi oʻzgacha bir olamimiz edi. Men ham U ham shaxsiy hayotimiz, oilamiz haqida hamma nasani bilardik, holbuki, ikkimiz ham bular haqida gapirishni yoqtirmaydigan, boshqalarga mutlaqo dardini dasturxon qilmaydiganlar xilidan edik.

Bilaman, atrofimizda ruhan yolgʻiz, dardi ichida, qayerga qarab ketayotganini anglamaydigan odamlar juda koʻp. Agar ular hu-u oʻsha paytlardagi bizning munosabatlarimizni koʻrganlarida chin dildan havas qilgan boʻlardilar. Biz shunchaki tinglovchi, tushungan odam topganimizdan mamnun edik. U har sohada bilimga ega edi: san’at galereyelarida kartinalar qarshisida turib menga soatlab tushuntirishdan erinmasdi. Adabiyotdan boshlangan suhbat tugamasdi, yozuvchilarning shaxsiy hayoti, qiziq-qiziq odatlari haqidagi gaplari tugashini men istamasdim. Hammani ayovsiz tanqid qilar, fikrlaridan oʻzim sevgan asarlarning qadriga putur yetardi. Unga munosib suhbatdosh boʻlish uchun tinmay oʻqib, izlanib oʻz ustimda ishlay boshladim. Gap orasida tilga olgan asarlarini topib oʻqirdim. Uning oldida biron narsani bilmay qolsam, yer yorilsa-yu yerga kirib ketsam derdim. Ammo koʻp vaqt oʻtmay, san’at, adabiyot borasida bilimim oʻsganini sezdim. Toʻgʻri, sira unga teng boʻlolmadim. U men uchun yetib boʻlmas choʻqqi, tirik ensiklopediya edi. U bir gapirishga tushib ketsa hech toʻxtamasdi, men oʻzim ham buni sira istamasdim. Toʻgʻri, ba’zida fikrlarimiz ziddiyatga borsa, men yon bosardim. Buni oʻzimga ishonmaganim uchun emas, yoʻq-yoʻq, Uni ortiqcha asabiylashtirmaslik uchun qilardim. Chunki U nimanidir uqtirolmasa, men oʻzimnikini ma’qul deb turib olsam, qizishib ketar, ovozi koʻtarilib, koʻz qorachigʻi kengayib, peshonasini ter bosardi. Shunday paytlar terlagan peshonasini emas koʻzoynagini takror va takror artib koʻziga taqardi. Har turli qoʻl harakatlari bilan gapirib yana erinmasdan gapni eng boshidan boshlab yuborardi. Shunday paytlar ichimda oʻz fikrimda sobit qolgan holda, unikini ma’qul deb topishdan boshqa oqilona chora koʻrmasdim. Ha, lekin doim ham undan aqlli gaplar chiqmasdi. Masalan, “Qizlar meni ishqimda oʻlib qolishadi” mazmunidagi gaplari gʻashimga tegardi. Bir kuni Uning gapni shu tomonga buraverishi menga yoqmasligini aytganimda “Nima, rashk qilasizmi? “ degan savol bergandi. Men uchun rashk va sevgi oʻzaro bir-biriga yaqin tushunchalar boʻlgani uchun oʻsha lahza nima deyishni bilmasdan oʻzimni yoʻqotib qoʻydim. Axir hali unga nisbatan his qiladiganlarimga aniq mana shu deb nom berolmasdim. Ammo aniq bilardimki, bu sevgi emas edi. Rashk ham qilmayotgandim, faqat mening nazarimdagi bunday arzon obroʻga U muhtoj emasdi. Esimda, bu javobimdan qah-qah otib kulgandi, ammo kulgisi yasama ekanligi sezilib turardi. 

— Shunsi yaxshi, munosabatlarimizga xudbinlik, har xil bema’ni, erka talablar aralashmaydi. Siz sevmasangiz ham meni sevadigan qizlar serob, oʻynagim kelsa ular bilan ishq oʻyini oʻynayveraman.

U yana kulishga urindi, bu esa uning hozirgi holatini achinarli koʻrsatardi. Oʻsha paytlar men uning bu xil gaplarini oʻxshamagan hazillar deb hisoblagan boʻlsam-da, oʻylab qolardim, saxiy tabiat tuganmas goʻzalligidan bir chimdim ham ato etmagan, hech kimga yaxshilik tilamaydigan, atrofga “negativ” sochadigan shu odamni qanday qilib sevish mumkin? Muhabbatning koʻzi koʻr deyishadi, men esa unga qoʻshimcha qilishim mumkin. U, albatta, bir kuni shifo topadi. Va oʻz-oʻzini inkor etadi…

*  *  * 

      Dastlab Unga nisbatan xayrixohligim qachon yoʻqolganini bilmayman. Bunga bitta sababni aynan koʻrsatolmayman ham. Esimda, birinchi qilgan ishim oʻzini “oʻzbek adabiyotining zabardast vakili” deb hisoblovchi, ammo hech qayerda nomiga duch kelmaganim (bir tomoni oʻzini PR qilishni yoqtirmasdi), bu “kamtar daho”ning nashr etilgan ishlarini qidirib topish boʻlgan. Adabiy muhit va yozishdan koʻngli sovuganini aytgan edi, shuning uchun uning she’rlarini topib oʻqish uchun gazeta arxivini titishga toʻgʻri kelgan. Topilgan she’rlardan oʻzim tanigan inson ruhi va yuksak badiiyatni izlab oʻqib chiqqanman. Bunisi boʻlmasa boshqasidan kutgan narsamni topaman degan umidda, oltin qazuvchilardek izlanganman (Hozir bu menga ahmoqlik boʻlib tuyuladi). Va bu voqea Undan hafsalam pir boʻlishining boshlanishi boʻlgan. Balki uning iste’dodi yoʻqligi adabiyotni tushunishi va teran tahlil etishiga xalaqit qilmas, ammo odamning oʻzida yoʻq narsani bor deb illyuziyaga berilishi xavfli. Chunki uning bu ishi birinchisi va soʻnggisi boʻlmaydi. Keyinchalik menga aytgan koʻp gaplari yolgʻonligini, Uni yaxshi taniydiganlar bilan suhbatlardan soʻng angladim. Samimiyat- odamlarning koʻnglidan joy olishda eng kuchli qurol boʻlsa, men unga ikki qoʻlini koʻtarib osonlikcha taslim boʻlganlardan biri edim. Uning qiyinchilikda oʻtgan oʻtmishi va baxtsiz buguniga hamdard boʻlib oʻzimni savob ish qilyotgandek sezardim. Oʻsha paytlar men uchun aldayotgani yoki rost gapiryotgani emas, uning oʻzi gapirib yengil tortayotgani muhim edi. Shunday bir odamlar toifasi boʻladi, oʻzini jabrdiyda koʻrsatib mehr-e’tiboringizni oʻgʻirlaydigan. Oxiri qanday yakun topishidan qat’iy nazar shular orasida oʻzi maza qiladigan ruhan majruh odamlar. Fan shunday xulq-atvorli odamlarni “psixopat” deb atagan, men esa ularni “hayotiy energiyangni soʻruvchi vampir” degan boʻlardim. Va tushundimki, oʻzi haqidagi menga aytgan gaplarining hammasi iste’dodsiz, adabiyot ichida oʻrnini topolmagan odamning oʻz “men”ini namoyish qilish uchun topgan chorasi ekan. Men endi U dastlab tanigan qiz emasdim va oʻzimni undan olib qocha boshladim. U nimadir oʻzgarganini sezdi, ammo hech nima demadi. Natijada, tabiiy ravishda bir-birimizdan uzoqlashdik va eng qizigʻi ikkimiz ham bundan xafa emasdik. Goʻyo aslida ham shunday boʻlishi kerakdek. Agar hammasi mana shu nuqtada, ikkimiz ham ilimiq munosabatlarga rozi holda yashayverganimizda, bir kun kelib U hayotimda yarq etib porlab tezda oʻchgan yulduz — odamlar qatorida xotiram “arxiv”idan joy olgan boʻlardi. Ammo biz oʻsha “bir doira ichidagi odamlar” yana uchrashib qoldik. Bunisi endi mutlaqo kutilmaganda sodir boʻldi. Oʻsha kungi tadbirga men oʻz odatimcha kechikib bordim va chekkadan, odamlar koʻzi tushmaydigan joydan oʻrin oldim. Kattaroq bir amaldor matbuot anjumanida jurnalistlar qarshisida turar, bir soatlar chamasi, aniq savollarga mujmal javoblari bilan yigʻilganlarning ensasini qotirib oʻtirardi. Men ozmi-koʻpmi bu odam haqida bilardim, shuning uchun hayron boʻlmasdan oʻz ishim bilan band boʻlib yigʻin tugashini kutdim. Va nihoyat, hammasiga yakun yasalganda bundan eng koʻp quvongan shu amaldorning oʻzi boʻlgan boʻlsa, ajab emas. Ketishga chogʻlanarkanman, eshikdan chiqaverishda U bilan duch boʻlib qoldik. Biz koʻrishmaganimizga ancha boʻlgandi, men beixtiyor ich-ichimdan Uni sogʻinganimni sezdim. Ammo to U bilan koʻzimiz koʻzimizga tushmaguncha bu haqida oʻylamagandim ham.

— Tadbir qanday oʻtdi, sizningcha?

 U hech nimadan xabarsiz oʻzini avvalgidek mulozamatli tutdi.

— El qatori…

— Ipidan ignasigacha oʻzim bosh-qosh boʻlganman, — allaqanday gʻurur bilan aytdi U

— … bilan ishlarmidingiz? — hayron qoldim men.

— Ha-da, topilmas odam, zoʻr rahbar bilan ishlayman! — ovozi jaranglab eshitilar, U xuddi buni kimdir eshitishi uchun aytayotgandek edi.

— Bundan xabarim yoʻq ekan.

— Siz men haqimda hammasini bilaman deb oʻylaysiz-a? — miyigʻida kulib qoʻydi U.

Tulki! Uning shu turishi izzat-nafsimga tegdi va Uni hozirgina koʻrganimda yalt etgan koʻnglimdagi iliqlikni oʻchirdi.

— Hammasini emas, yetarlicha bilaman. …ning jamoasida ishlab uning yomon ishlariga sherik boʻlib qolmaysizmi?

— Uning qaysi ishlari sizning koʻzingizga yomon koʻrinyapti? Nima, siz ham bizni koʻrolmas, ichiqoralardanmisiz? — kuldi U

— Men unday odam emasligimni yaxshi bilasiz. Uning maddoh, ikkiyuzlamachi va yolgʻonchiligini ham. Hamkasbimiz …ga qilganlaridan xabardorsiz deb oʻylayman. Hozir esa…

— Eh-h, sizni, — gapimni choʻrt kesdi U. — Aqlli qiz deb oʻylardim.            Hali ham shundaydir, ammo ba’zi narsalarni tushunishga u kamlik qiladi. Kim hokimiyat tepasiga kelsa ham, birinchi ishini muxolifatni yoʻqotishdan boshlaydi, chunki ular ishlashga berishmaydi. Keyin, oʻzingiz ham bilasiz, men har doim boylar tarafida boʻlganman, chunki ular aqlli, yashashni bilishadi. Oʻzbekistonda boylar koʻpaygani yaxshi emasmi? Miyasini ishlatmagani uchun nochor yashayotganlarga ijtimoiy koʻmak berib, faqat ularga oʻxshaganlarning koʻpayishini qoʻllab-quvvatlayapmiz xolos. Boy va hokimiyat egasi boʻlish har qaysi zamonda ham yaxshi yashash garovi. Axir inson hayotga bir marta keladi u yaxshi yashashga harakat qilishi kerak…

Bu gaplarni bir vaqtlar menga insoniylik haqida va’zlar oʻqigan “doʻstim” gapirayotgandi. gʻazablanganimdan tilimga bir soʻz kelmasdi, boshqa odam, boshqa vaziyat boʻlsa shunday kimsalarga aytilishi kerak boʻlgan bir olam gapim bor edi, ammo ularni tilimga chiqara olmadim. Bu galgi uchrashuvimiz u bilan mening oʻrtamda oʻtib boʻlmas jarlik paydo qilgandi. U esa yonib-kuyib, ta’bir joiz boʻlsa, chiranib oʻsha boshligʻini maqtab gapirardi. Men tanigan buqalamun do‘stim koʻz oldimda “oʻlib”, jirkanch bir kimsaga aylanib qoldi. Va men tezroq u yerdan ketishni istardim.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish