Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

MAQSADIM HAR KUNI BITTA YOSHGA YORDAM BERISH

15.6.2022 490

Ulbo‘sin MAMBETYAROVA, Qo‘ng‘irot tumanidagi “Mingjarg‘an” mahallasi yoshlar yetakchisi

Hech esimdan chiqmaydi, faoliyatimning ilk kunlarida o‘zim tengi yoshlardan biri yonimga kelib, muammosini aytdi. Murojaatchi oilaviy ahvoli og‘irligini, biror ish qilib oilasiga yordam berish istagini bildirdi. Qoraqal­poq milliy quroqlarini tikishni bilishini, lekin bu hu­nar bilan daromad olishi uchun tikuv mashinasi kerakligini aytdi. Men esa subsidiya asosida ti­kuv mashinasi olishga tavsiyanoma berish bilan cheklanmadim. Mahallamizdagi tadbirkorlar­ni jalb qilib, Nargizaning ish boshlashi uchun nima zarur bo‘lsa, hamma narsani olib berdim. Bundan suyungan Nargiza mahalladagi quroq tikishni o‘rganish istagidagi qizlarga o‘z hunarini beminnat o‘rgatishga vaʼda berdi.

Hozir Nargiza tikayotgan liboslarga talab yuqori. Ayniqsa, chet ellik sayyohlar qo‘l mehnatida yaratilgan mahsulotga yaxshigi­na haq to‘lashmoqda. Hatto men ham bo‘sh vaqtlarimda oilasining og‘irini yengil qilayotgan tengdoshimning hunarini o‘rganyapman.

Kunlar o‘tgan sari men o‘z vazifalarimni to‘la­roq anglab yetdim. Murojaatchilar ham ko‘payib boraverdi. Ularning masalasiga yechim top­ganim sari o‘zimga ishonchim ortib bordi.

Mahallamizdagi Jasurbek ham ish topishga qiynalayotgan yoshlardan biri edi. Ota-onasi nogiron bo‘lgani uchun oilada yagona boquv­chi – Jasurbekning mebel yasashga uquvi bor­ligini bilib, unga imtiyozli kredit olish taklifini ayt­dim. U esa buyurtma bo‘lmasa, oylik to‘lovlarni to‘lolmay qolishidan qo‘rqdi.

So‘ng mahalladagi hokim yordamchisi bilan muammoga birgalikda yechim izladik. Tuman­dagi kichik bir tadbirkorning ishxonasiga mebel yasatmoqchiligini eshitib, mazkur mebellar uchun buyurtmani Jasurbekka berishini iltimos qildik. Tadbirkor taklifimizni qabul qilgach, Jasurbek uchun kredit chiqarib, kerakli uskunalarni olib ber­dik. Hozir ketma-ket buyurtmalar qabul qilayot­gan Jasurbek yaxshigina daromad topyapti.

Mahalla yoshlar yetakchilariga yuklatilgan vazifalar oz emas. Ularning hammasini udda­lash maqsadida hududimizdagi har bir ko‘cha­ga Sardorlar tayinlaganman. Sardorlar men­ga har ishda ko‘maklashib kelmoqda. Yaqinda start berilgan “Yosh kitobxon oila” tanlovining mahalla bosqichida har bir ko‘chadan bittadan oila ishtirok etdi. Ularning tanlovga tayyorgarlik ko‘rishida ko‘cha sardorlari yaqindan yordam berishdi. Shuningdek, kitobxon oilalar bilan bir­galikda kitobni o‘qib chiqib, tanlovga tayyor­garlik ko‘rishdi. Shu tariqa sardorlar ham an­cha-muncha kitob o‘qib oldi.

Mahallamiz yoshlari “Mushoira” tanlovining tuman bosqichida birinchilikni egallab, Qoraqalpog‘iston bosqichida qatnashib, ikkinchi o‘rinni egalladi. Bunda ham mahallamiz sardorlarining hissasi katta bo‘ldi.

Yoshlar yetakchisi bera oladigan 13 turdagi tavsiya mahallamiz yoshlari uchun 13 ta imkoni­yat eshigidir. Oilada eng kichik farzandman va shu bilan birga, eng yosh yetakchi. Eng katta maqsadim har kuni kamida bitta yoshga yordam berish. Natijaga erishish uchun esa tinimsiz harakat qilib, menga berilgan ishonchni oqlayman.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish