Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

MAQSADIMIZ – XALQ VA VATAN TINCHLIGI

14.1.2023 462

Shahribonu RAHMATOVA tayyorladi.

1994-yildan buyon yurtimizda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni sifatida nishonlab kelinmoqda. Bu kun aslan Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilayotgan har bir harbiyning bayrami boʻlsa, mohiyatan barchamiznikidir. Ayniqsa, Qurolli Kuchlar safida oʻz burchini oʻtayotgan erkaklar va ayollar hamda ularning turmush oʻrtoqlari, yaqinlari chin maʼnoda qahramon.

Munisa MUZAFFAROVA, Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasi tinglovchisi, tibbiy xizmat leytenanti:

QALBIMGA O‘T TUSHGAN KUN

4-kursligimda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirda boshlovchilik qilish menga yuklatildi va bayram shukuhini berish maqsadida harbiy forma kiydik. Libosni kiydim-u ichimga olov tushdi.

Oʻshanda hozirgi Harbiy tibbiyot akademiyasi hali tashkil etilmagan, faqat Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Harbiy tibbiyot fakulteti bor edi, xolos. Afsuski unga faqat yigitlar qabul qilinardi. Lekin Prezidentimizning 2020-yil 22-noyabrdagi qaroriga asosan, Markaziy Osiyoda yagona – Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasining ochilishi, qizlarning ham qabul qilinishi men uchun olamshumul yangilik boʻldi. Hech qanday ikkilanishlarsiz, hech kimning fikrlarini inobatga olmay, oʻz hayotimni shu kasb bilan bogʻladim. Toshkent tibbiyot akademiyasida 5-kursni oʻqib, 6-kursda Harbiy tibbiyot akademiyasiga kursantlikka qabul qilindim.

Men shu yerda tibbiy xizmat leytenantiman, egnimda sharafli harbiylik va shifokorlik libosi, ikki karra masʼuliyat, ikki karra faxr va ikki karra gʻurur. Yurt uchun chin dildan xizmat qilayotgan barchani tabriklayman.

Abbos ULUGʻBOYEV, Milliy Gvardiya Nurafshon shaharlararo qoʻriqlash boʻlimi safdor xodimi:

LIBOSIM – NOMUSIM

Dadam harbiy boʻlgani sabab yoshligimdan harbiy hayotga qiziqqanman. Bizda harbiylar koʻpincha farzandining shu sohani tanlashiga qarshilik qilishadi, lekin mening qiziqishlarimni koʻrgan ota-onam qoʻllab-quvvatlagan. Har kasbning oʻziga yarasha qiyinchiligi bor. Harbiy inson toʻy-hashamlar, tugʻilgan kunlar, oila va doʻstlar davrasidan uzoqda, kechalari uhlamasdan, issiqni issiq, sovuqni sovuq demay, Vatanga xizmat qiladi. Eng achinarlisi, farzandlari bilan kam vaqt oʻtkazadi. Lekin ota-onalarimiz, farzandlarimiz, yaqinlarimiz tinchligini taʼminlash, sajdaga bemalol bosh qoʻyishlari uchun himoya qilish – oliy sharaf.

Tunlari uxlamay, xizmat burchini oʻtayotgan paytim, oilamdagilarning shiringina uxlayotgani koʻz oldimga keladi va bu kuch bagʻishlaydi, oʻzimdan gʻururlanib ketaman. Libosim mening, oilamning, yorimning or-nomusi, ular har qayerda va har qachon men bilan faxrlanishadi. Eng katta maqsadim – xalqimiz himoyasi, Vatan tinchligi uchun xizmat qilish.

Vatan himoyachilari kuni barcha hamkasblarimga muborak bo‘lsin!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish