Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

MUAMMONI HAL QILISH UCHUN 25 YIL KERAKMI?

27.7.2022 548

Shahruza SATTOROVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Aksariyat umumta’lim maktablarida o‘quvchilar bitta sinfda o‘rta­cha 31 nafarga yetgan. Shaharlarda esa 40-45 nafar bola o‘tirgan sinfni ko‘rsak ham ajablanmaymiz. Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2017-yilda tasdiqlangan umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi nizomda sinfda o‘quvchilar soni 35 nafardan oshmasligi belgilangan.

Psixologlarning ta’kidlashicha, sinfdagi o‘quvchilar soni nazariyada 25 na­fardan oshmasligi kerak, lekin nizomda 35 nafar, amalda esa undan ortiq. Bu og‘riqli mavzu haqida gap boshlar ekanmiz, mas’ullar bir necha yillardan buyon yig‘ilib qolgan muammolar haqiqat­dan ham ko‘pligini, ta’lim va tarbiyaga hech kim befarq emasligini bildira­di. Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasida so‘zga chiqqan Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jam­shid Qo‘chqorov bu yil maktablarni 500 ming nafar bola bitirganini, birin­chi sinfga esa qariyb 700 ming bola kelayotganini aytib o‘tdi.

Xo‘sh, bu yil maktablarni 500 ming nafar yigit-qiz bitirib, o‘rniga 700 ming nafar bola kelar ekan, shu bir yil ichida nechta maktab qurildi?

Xalq ta’limi vazirligi saytidagi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, oxirgi besh yil ichida maktablar soni bor-yo‘g‘i 437 taga – 2016-yildagi 9692 tadan 2021-yilda 10129 taga ko‘pay­gan. 2021-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, jami maktablar loyihaviy quvvati 5,06 million kishini tashkil qiladi. Ammo mamlakatda o‘quvchilar soni (6,24 million nafar) sezilarli darajada oshibketgan. 2022–23-o‘quv yilida 700 ming nafar bola birinchi sinfga qa­bul qilinmoqda. Demak, bolalarning maktablarda minimal standartlarga muvofiq, o‘qishlari uchun ular sig‘imi­ni 1,2 milliontaga kengaytirish kerak.

2022-yilda davlat tomonidan 410 milliard so‘mlik 40 ta maktab qurish rejalashtirilgan. Bu o‘tgan yilgidan deyarli ikki baravar ko‘p, ammo bu maktablarda joy yetishmasligi muammosini hal qilish uchun hali ham yetarli emas. Yangi maktab­lar qurilishining bunday sur’ati bi­lan sinflarning to‘lib-toshganligi va kamsig‘imlik muammosini qisqa vaqt ichida hal qilib bo‘lmaydi. Xususan, ta’lim muassasalari quvvatini 1,2 million kishiga kengaytirish uchun har biri 1200 o‘rinli shartli 1000 ta mak­tab qurish zarur. Yiliga 40 ta maktab qurilsa, muammoni hal qilish uchun 25 yil kerak bo‘ladi (agar o‘quvchilar soni o‘zgarmasa, biroq bu raqam yildan yilga oshib boradi).

Shu ketishda davom etsa, 2024-yilga borib maktablarning sig‘imidan ortiqcha bo‘lgan o‘quvchilari qariyb 1,7 million nafarga ye­tishi mumkin. Bunday tendensiyaning kuzatilishiga maktab o‘quvchilari soni tez ko‘payib borayot­gani emas, balki hukumatning nihoyatda kam maktablar qurishni rejalashtirayotganligi asosiy sa­bab hisoblanadi.

Misol uchun, keyingi uch yil­da maktab o‘quvchilari soni yili­ga o‘rtacha 170 mingtadan oshib boradi. Ammo maktablarning quvvati keyingi yilda 20 mingtaga, 2023-2024-yillarda esa mos ravish­da 14 hamda 16 mintaga oshirilishi rejalashtirilgan. Boshqacha ayt­ganda, maktablarning sig‘imi ortishi o‘quvchilar soni ortishidan 10 marta sekinroq o‘sishi rejalashtirilmoqda.

 

BIR SINFDA 12 BOLA

Modomiki, biz rivojlangan davlat­lar safidan o‘rin olishga intilayotgan ekanmiz, yoshlarga bilim berishda o‘sha davlatlardan o‘rnak olishimiz kerak. Yaponiyada bir sinfda 12 nafar, ixtisoslashtirilgan maktablarda esa 9 nafar bola tahsil olar ekan.

Ta’lim sifati reytingida yetakchilik qiladigan Skandinaviya mamlakat­larida bitta sinfda 19-20 nafardan o‘quvchi jamlanadi. O‘quvchilarni to‘laqonli qamrab olish maqsadida bitta sinfga asosiy fan o‘qituvchisi­dan tashqari yordamchi pedagog ham kiradi. Maktablarda o‘rta hi­sobda 400 nafar o‘quvchi ta’lim oladi, 40-45 nafar pedagog kadr mavjud. Demak, har bir o‘qituvchiga 10 nafardan bola to‘g‘ri keladi.

Jahon ta’lim tizimi reytingida ye­takchi o‘rinlarda turadigan Finlandi­ya maktablarida 25 nafar o‘quvchiga fanni ikkita o‘qituvchi bo‘lib o‘tar ekan. Bu yerdagi davlat maktablarida har bir o‘quvchi uchun individual ta’lim va rivojlanish rejasi tuziladi.

AQSh va Kanada maktablari­da ham bitta sinfda o‘quvchilar soni o‘rtacha 15-20 nafarni tashkil qiladi. Ta’lim tizimi dunyo hamjamiyati to­monidan e’tirof etiladigan Singapur maktablarida ham bir sinfda o‘rta­cha 20 nafar o‘quvchi tahsil olar ekan.

QIMMATBAHO LOYIHALAR MUHIMMI YOKI TA’LIM?

O‘zbekiston iqtisodiyotida byudjet taqchilligi ortib borayotgan bu­gungi kunda xarajatlar nisbatini to‘g‘ri yo‘naltirish g‘oyat muhim ahamiyatga ega. E’tibor berilsa, bu­gungi O‘zbekiston xarajatlarining, shu jumladan, tashqi qarzlarning ham juda katta qismi qurilishga yo‘naltirilgan. Ammo samarasiz va kechiktirsa hech narsa o‘zgarmay­digan yuzlab qurilishlar borki, ular ham byudjet sarfi ortishiga olib kelmoqda. Biror foyda keltirma­gan, keraksiz forum, tadbirlarga bir necha maktablar qurilishiga yeta­digan pullar sarflanyapti.

Yana bir masala, bitta Prezident maktabini qurish uchun 70-100 mil­liard so‘m atrofida mablag‘ sarf qilinar ekan hamda bitta Prezident maktabining sig‘imi 170 o‘quvchiga mo‘ljallangan. 410 o‘quvchi uchun mo‘ljallangan oddiy maktablarni qurish uchun esa o‘rtacha 5,5 mil­liard so‘m sarflanadi. Prezident maktablarining hammasini qurish uchun taxminan 1,2 trillion so‘m sarflangan desak, bu mablag‘ga oddiy maktablardan 217 ta qurish mum­kin. Bu bir yilning o‘zida maktablarning sig‘imi qo‘shimcha 90 mingta­ga ortadi deganidir. Maxsus mak­tablarni qurish uchun milliardlab sarflashga tayyormiz-u, ammo boshqa bolalarning normal stan­dardlarga mos sinflarda o‘tirishini ta’minlash uchun yetarli mablag‘ ajratishga ikkilanib qolamiz.

Nazarimizda, bu masalaga ye­chim darslar sonini qisqartirish, maktablarda darsni ikki smenada qo‘yish emas. Bizga ko‘proq mak­tablar kerak, maktablar!

 

FAQAT O‘QITUVCHI AYBDOR EMAS!

O‘quvchi ko‘p bo‘lsa, vaqt che­garalangan bo‘lsa, pedagogga bog‘liq bo‘lmagan holda dars­ning sifati pasayadi. Ayniqsa, hali yetarlicha tajribaga ega bo‘lma­gan yosh o‘qituvchilar bu borada qiynaladi. Bolalarni tinchlantirib, diqqatini darsga qaratish oson ishmi? Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 140-son qarori bilan tas­diqlangan Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi nizom hamda belgi­langan sanitar me’yorlari va qoi­dalariga muvofiq, o‘tilgan mavzuni so‘rashga 7 daqiqa, yangi mavzu bayoniga 10 daqiqa, mustahkam­lashga 10 daqiqa ajratilgan. Sinfda 35 o‘quvchi bo‘lsa, har biridan bir og‘izdan gap so‘rab, 1 daqiqadan vaqt ajratganda ham 35 daqiqa tugadi deyavering. Bir sinfda 40 nafar o‘quvchi bo‘lsa, hech bir muallim ularni savodli qilib tarbi­yalay olmaydi. Demak, maktab­larda ta’lim sifatining pastligiga faqat o‘qituvchi aybdor emas...

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish