Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“NORASMIY” TILANCHILAR

7.8.2022 342

Rashid XO‘JAMOV

Biz fikr yuritmoqchi bo‘lgan odamlar toifasi va ular bilan uchrab turadigan holat sizga begona emas. Aytaylik, metroga tushyapsiz yoki o‘qishdan, ishdan qaytyapsiz. Oldingizdan binoyidek kiyingan kishi (ahamiyatlisi, ular ko‘pincha erkaklar bo‘ladi) sizdan dorigami, taksigami deb
pul so‘raydi. Agar siz ilk marta shu holatga duch kelayotgan bo‘lsangiz, biroz ikkilanib bo‘lsada, yoningizni kavlab, so‘raganini berishingiz ham mumkin. Ammo har kuni shu holatga tushayotgan bo‘lsangiz, gapi oxiriga yetishini ham kutmassiz, ehtimo Jamiyatda bu kabi “norasmiy” tilanchilar ko‘payib qoldi. Xo‘sh, bunday oson yo‘l bilan – hamiyat va g‘ururini to‘kib pul topishga odatlanish nimaning natijasida yuzaga kelyapti, qanday omillar bunga sabab bo‘lishi mumkin?
Buni “kasb” qilganlar hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lmagan, tuzukroq taʼlim ko‘rmagan va shunga yarasha biror hunarning etagidan ham tutmagan odamlardir. Yoshligidan oson yashashga, kayf-safoga ruju qo‘yganlar ulg‘aygach ham shu yo‘lni afzal ko‘radi. Tarki odat amri mahol, deydi dono xalqimiz.
Taxminan bu shunday boshlanadi: avvalboshda yuzi qotguncha tanishlardan qarz so‘raydi. Bejiz kitoblarda ham qarzning yomon ekani, orani, munosabatlarni buzuvchi illatligi bot-bot takrorlanmagan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Allohga qasamki, agar bir kishi Alloh yo‘lida qatl etilsa, so‘ng (qayta) tiriltirilsa, so‘ng yana qatl etilsa (yaʼni Alloh yo‘lida uch marta o‘lib-tirilsa ham), ustida qarzi bo‘lsa, uni uzmagunicha jannatga kirmaydi” (Imom Nasaiy).
HALI U “PROFESSIONAL” TILANCHI EMAS
Yaqinlarining hammasidan qarz olib qaytarmagan, boshqa so‘raydigan tanishi qolmagan
kishi endi ko‘chadagi begonalardan najot izlaydi. Hali u “professional” tilanchi emas. Shuning
uchun begonalardan ham “...qarzga, albatta, qaytaraman, men tilanchi emasman, doriga
pulim yetmay qoldi”, – deya hatto telefon raqamini ham qoldiradi. Bunday pozitsiya bilan
odamlarning 50 foizini ishontira oladi.
Qarabsizki, topgani “shisha”ga yetyapti. Atrofdagilar ham kiyinishiga, gap-so‘ziga qarab unga ishonadilar. Muttasil ichkilik natijasida aft-angori bir ahvolga kelib qolgan odam endi
faqat pul so‘raydi, unga ishonish-ishonmasliklari qiziqtirmaydi, maqsadi bitta – dorixonada
sotiladigan “non”!
Bunday kasbni o‘ziga ravo ko‘rayotganlar safida ayollar, yosh bolalar, voyaga yetgan yigit-qizlar ham borligi kishini o‘yga toldiradi. Atrofimizda go‘dak fitratiga ham pul isini, tilanchilik illatini yuqtirgan ota-onalar borligi, ko‘payayotgani naqadar achinarli! Siz bu kabi odamlarga ko‘p bora aldanganlardansiz, bundan o‘zingizning xabaringiz ham yo‘q bo‘lishi mumkin.
KIMGA ISHONISH KERAK?
Eslab ko‘ring, shu kungacha necha marotaba ko‘chada  pulsiz qolgan, yordamga muhtoj kishilarga ko‘mak berdingiz. Endi ayting-chi, ulardan hammasi ham rosmana yordamga muhtoj, tilanchi bo‘lmagan kishilar edimi? Afsuski, bilmaysiz. Yoki teskarisi: siz shu choqqacha yo‘lingizdan yordam so‘rab chiqqan necha odamga ishonmay, manzilda davom etgansiz? Ular orasida muhtojlari yo‘q edi, hammasi yolg‘ondan o‘zini chorasiz qiyofaga solib olgan, deb ayta olasizmi?!
Maqolamizda ko‘tarmoqchi bo‘lgan asl muammo ham shu – kimga ishonish kerak, haqiqiy muhtoj kim? Jamiyatda tekintomoq kishilar qatlami shu qadar kengayib bormoqdaki, buning natijasida biz himmat qilishimiz lozim bo‘lgan boquvchisiz, mehnatga layoqatsiz, beva bechora va miskinlar ham yuqoridagi toifa soyasida eʼtibordan chetda qolmoqda. Ko‘chada sizdan pul so‘rayotganlarning aksariyati pensiya yoshidagi, oilali odamlar bo‘ladi. Farzandlarning mehrsizligi, oqibatsizligi natijasida ham bunday holatlar ko‘payib ketmoqda.
Siz-u bizning unchalik parvoyimizga kelmayotgan, nazarimizni tortmayotgan ushbu illat aslida kichkina muammo emas.
Yaqinda Remarkning “Qora haykal” asarini o‘qib chiqdim. Asar urushdan keyingi Germaniya
aholisi hayotidan hikoya qiladi. Urush oqibatida mag‘lub nemis davlatida inflyatsiya shu qadar
kuchayib ketadiki, bir tushlik qilgulik vaqtda dollar kursi tasavvur qilish mumkin bo‘lmagan darajada o‘zgarib turadi. Ishsizlik va qashshoqlik natijasida ko‘chalar tilanchilar bilan to‘lib ketadi va ular qo‘liga chaqa tushgan zahoti oshxonaga yuguradi, agar pulni uzoqroq ushlab tursa, unga keyinchalik hech vaqo bermaydi.
Biz XXI asrda yashayapmiz: ishlagan odam hech bo‘lmaganda birovga muhtoj bo‘lmaydigan, o‘z nonini o‘zi topib yeya oladigan, muhimi, urushlarsiz tinch zamonda rasmiy-norasmiy tilanchilarning bu qadar ko‘pligi va kundan kunga ortib borishi normal holat emas.
Aziz tengdoshim, yaqinlaringizga eʼtiborli bo‘ling, mashaqqatli bo‘lsa-da, mehnat qilib
non topishga odatlaning. Minnatning noni qattiq bo‘ladi, tishingizni sindiradi. O‘zingizga va o‘z
kuchingizga ishoning!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish