Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

NOZIMJON O‘NGA YAQIN YOSHNI ISHLI QILDI

20.8.2022 8575

Dilnoza ABDUHAMIDOVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

“Yoshlar ovozi – yoshlar bilan!” loyihasi doirasidagi bu galgi safar Andijon viloyati Marhamat tumanidagi “Sho‘rqaqir” mahallasiga bo‘ldi. Bu yerda tadbirkorligi, mehnati orqasidan oilasi va mahallasiga hissa qo‘shib kelayotgan yoshlar talaygina. Shulardan biri – Nozimjon Abdullayev. 18 yoshli qahramonimiz mahallasida o‘nga yaqin yoshni ish bilan taʼminlagan. U “Yoshlar daftari” ko‘magida shunga erishdi.

– Men ham ishsiz edim. “Bekorchidan xudo bezor”, deganlaridek bunga yechim toppish maqsadida mahalladagi yoshlar yetakchisi Saidaʼzim Saidahmedovga uchrashdim, – deydi Nozimjon Abdullayev. – Kredit olib, o‘z tadbirkorligimni yo‘lga qo‘yish niyatida edim. Murojaatimga asosan menga 33 million so‘m kredit ajratib berildi. Mahallam va oilamdagilarning qo‘llab-quvvatlashi bilan “shlakoblok” hamda “penoblok” ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydim. Mahallamdagi ishsiz tengdoshlarimni ham ish bilan taʼminlashga harakat qilyapman. Biz ishlab chiqarayotgan mahsulotlardan xalqimiz yaxshi niyat bilan uy qurmoqda. Odamlarning yaxshi kuniga xizmat qilish katta baxt. Bir kunda 800 ta shlakoblok, 500 ta penoblok ishlab chiqaramiz. Kundalik chiqim va ish haqidan tashqari, kunlik sof daromadimiz 2 millionga yaqin bo‘ladi. Ish boshlaganimga 6 oycha bo‘ldi. Ozmi-ko‘pmi xaridorlar to‘pladik. Mahalladoshlar arzon va sifatli qurilish mollarini olayotganidan mamnun. Kelgusida faoliyatimizni kengaytirib, ishlab chiqarishni ikki baravarga oshirmoqchiman. Ishonch bilan ayta olamanki, bu yurtda mehnat qilgan inson rohatini ko‘radi!

Sho‘rqaqirlik yoshlar shunday intiluvchan. Ularning ko‘zidagi ishonch va qalbidagi olovni ko‘rib, “Mehnatkash xalqning bolasi ham mehnatkash bo‘ladi-da”, deging keladi, beixtiyor. Biz safarimizni yakunlamadik. Endigi manzilimiz siz tomon bo‘lsa, ne ajab!

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish