Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“OLTIDAN YIG‘SA – ORTADI, YETTIDAN YIG‘SA – YETADI”

10.6.2022 568

AMERIKADA “UY BEKASI” LAVOZIMI YO‘Q..
Siz havas qiladigan Amerikada, xoh ishoning, xoh ishonmang, “Uy bekasi” degan “lavozim” yo‘q! Chunki amerikaliklarda, biz ota-ona haqidagi ma’lumotnomani to‘ldira turib, onasining “ish joyi”ga bemalol yozib qo‘yadigan – “uy bekasi” degan tushuncha, termin mavjud emas.
AQShlik “biznes women”larga ko‘pchilik havas bilan qaraydi. Ammo o‘z haq-huquqlarini yaxshi biladigan, shaxsiy mashinasi, ish joyi, daromadiga ega ayol bo‘lish uchun ba’zilar hali-hanuz qanday stereotipni parchalashi kerakligi haqida bir qarorga kela olmayotgani, turli sabablar bilan o‘zini ovutib yurgani achinarli! Mayli, hammaning ham davlat idoralarida ishlashga, tadbirkorlik qilishga imkoniyati yo‘qdir, ammo bilim olish masalasi-chi?
“O‘qiganim bilan, turmush o‘rtog‘im ishlashimga ruxsat bermaydi” yoki “Erimning topganiga qanoat qilmoqchiman”, degan bahona nahotki, o‘zbek ayoli uchun fazilat bo‘lsa?!

DIPLOMIM BOR, AMMO ISHLAMAYMAN...

Yaponyaliklardan nafaqat o‘zbek, butun dunyo ayollari o‘rnak olsa arziydi. Ta’lim tizimi jihatidan yetakchilikni qo‘ldan bermay kelayotgan kunchiqar mamlakatda maktab yoki kollejni ta’momlagan qizlar deyarli 100 foiz oliy ta’limni davom ettiradi. Biroq hayratlanarli jihati shundaki, oliy ma’lumotli ayollarning bor-yo‘g‘i 30 foizga yaqini o‘z sohasi bo‘yicha karyera qilar ekan.
Bir necha yil mehnat, mablag‘ va vaqt sarf etib o‘qisang-u, ishlamasang – sal g‘alati tuyulishi mumkin. Bunga yaponiyaliklar shunday javob berishar ekan: “Bizda oliy ta’lim olayotgan ayol-qizlarning ongida kelajakda ishlash, muvaffaqiyatli karyera emas, ko‘proq bo‘lajak ona, millat tarbiyachisi sifatidagi mas’uliyat hissi ustun turadi. Ya’ni har bir yapon qizi kelajakda oila qurgach, farzandini to‘g‘ri va chiroyli tarbiyalab, biror mavzuda savol berganda, uni qoniqtiradigan javob bilan o‘z bilimlarini bo‘lishish haqida ko‘proq qayg‘uradi”. Shu o‘y ularni – kuchli millat tarbiyalashni niyat qilgan qizlarni ko‘proq o‘qish, o‘z ustida izlanishga chorlab tursa, ne
ajab?!
Bugun jamoat joylari, metro, avtobus yoki ovqatlanish maskanlarida, o‘quv dargohlarida aksariyat yosh qiz-juvonlar suhbat mavzusiga e’tibor bersangiz, suhbatning asosiy mavzusi kimning to‘yi qaysi restoranda bo‘lgani-yu, kelin to‘y ko‘ylagini qaysi salondan tanlagani bo‘ladi. Yana mebel, idish-tovoq, servantlar... Kuni kecha bir ayol bilan suhbatlashib qoldim, men bilan
tengdosh – 18 yosh qizini maktabni bitirgan zahoti yaqin qarindoshining o‘g‘liga unashtirib, uch oydan so‘ng turmushga uzatib yuboribdi. To‘yga ketgan xarajatlarga achinishdan ham ko‘ra ko‘proq, qizning sepiga yig‘gan idish-tovoqlari, qimmatbaho matolari va taqinchoqlari haqida g‘ururlanib gapirdi: “Xo‘jayinim bilan 10 yildan beri yig‘ib yurgan pullarimiz bir kunlik to‘y uchun, havoga uchgandek sarf bo‘lib ketdi. O‘ziyam qizim hali beshikdalik vaqtidan beri qo‘limga kattaroq mablag‘ tushsa, yaxshi niyatda bozorning oldi narslarini sotib olib, sandiqqa bosavergan ekanman. To‘y kuni hammaning, ayniqsa, qudalarimning og‘zi ochilib qoldi”.
Oxirgi vaqtlar ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p guvoh bo‘lganim – qizlar sarposiga kitob yig‘ish haqidagi urf esimga tushib, xoladan so‘rasam, avval mazza qilib kuldi, keyin jiddiylik bilan qo‘shib qo‘ydi: “Kitobdan nima foyda, hozirgi zamonda obro‘ javondagi kitoblarga emas, chet elning asl mebellariga qarab topiladi, qizim!”. O‘ylab qaralsa, bu gaplarda haqiqat bordek, ammo ayolga,
ayniqsa, uning hali oq-u qorani tanimay turib oila qurgan yosh qiziga chin yurakdan achindim. Hamma ham bunday fikrlamasligini o‘ylab, taskin topgandek bo‘ldim. Masalan, oramizda ayrim yosh onalar qizlarining kelajagi uchun sarpodan ham qimmatli
sovg‘alar tayyorlashni uddasidan chiqishyapdi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish