Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“OPEN BUDGET”DAGI G‘ALABA TUMANDAGI BARCHA YETAKCHILARGA TATIDI

18.12.2022 534

Iqbol PARDAYEVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

“Open budget” loyihasi aholi punktlari va tumandagi o‘tkir va yirik muammolarni hal etishda samara beryapti. Jizzax viloya­ti G‘allaorol tumanidagi “Alam­li” mahallasi yoshlar yetakchisi O‘tkir Husanov ham mazkur loyihada o‘z tashabbusi bilan ishtirok etib, g‘olib bo‘ldi. Uning tashab­busida tumandagi barcha ma­halla yoshlar yetakchilarining ish xonasini zarur texnik va moddiy jihozlar bilan taʼmirlash ko‘zda tutilgan edi. Natija esa barcha g‘allaorollik yoshlar manfaatiga xizmat qilmoqda.

O‘tkir HUSANOV, G‘allaorol tumanidagi “Alamli” mahallasi yoshlar yetakchisi:

– “Ochiq byudjet” loyihasiga tumandagi 29 ta mahalla yoshlar yetakchilarining xonasiga so‘nggi rusumdagi kompyuter va rangli printer, yoshlar bo‘sh vaqtida o‘qishi uchun har bir mahallaga 100 donadan badiiy kitob ham­da yoshlarni mamlakatimizning turli tarixiy-madaniy go‘shalariga sayohatga olib borish uchun mini avtobus bilan taʼminlash tashab­busini kiritgan edim. Taklifni tu­manimiz yoshlari faol qo‘llab-quv­vatlab, 6 mingga yaqin ovoz yig‘ildi – g‘olib bo‘ldik. Hozir barcha mahal­lalardagi yoshlar yetakchilarining xonasi eng zamonaviy kompyuter jamlanmalari va badiiy kitoblar bi­lan jihozlandi. Yaqin kunlarda mini avtobuslar ham yetib keladi.

100 dona kitob taqdim qilingan­dan keyin mahalla binosida mo‘jaz­gina kutubxona tashkil qildik. Ku­tubxonamizga keluvchi kitobxonlar soni ham kundan kunga ortib boryapti. Men esa bu kitoblarning sonini ko‘paytirish harakatiga tushdim. Buning uchun xatlov maqsadida qaysi xonadonga kirib borsam, ularda o‘qib bo‘lingan badiiy kitoblar bor-yo‘qligi bilan qiziqdim. Agar ortiqcha badiiy kitob bo‘lsa, mahalla kutubxonasi­ga sovg‘a qilishini iltimos qilardim. To‘g‘risi, ko‘pchilikning o‘z kitobini berib yuborishga ko‘zi qiymas edi. Lekin bu mahallamiz yoshlarining tafakkuri o‘sishiga xizmat qilishini aytganim­dan keyin bajonidil rozi bo‘lardi. Shu tariqa kutubxonamizdagi kitoblar sonini 200 taga yetkazdik.

Bundan tashqari, mahallamiz binosida yoshlar bo‘sh vaqt­larida sport bilan shug‘ullanishi uchun stol tennisi maydonchasi va zamonaviy cholg‘u asboblaridan foydalanish imkonini beruvchi mu­siqa xonalari barpo qilganmiz.

Yaqinda Nukus tajribasi misoli­da mahallamiz yoshlarini qayta xat­lovdan o‘tkazishni boshladik. Nukus tajribasi deyishimizga sabab bun­day xatlov jarayoni ilk bor Nukusda boshlangan. Uning avvalgi xatlovlar­dan farqli jihati, “Yoshlar daftari”ga ro‘yxatga olinayotgan yoshlarning muammosi shu paytning o‘zida hal etilmoqda. Buning uchun esa katta miqdorda mablag‘ ajratilgan bo‘lib, bizning mahallamizdan ham 13 nafar yoshni shu xatlov jarayonida “Yoshlar daftari”ga kirishi uchun tavsiya qildim. Ularning muammosi yangi yilga qa­dar hal qilinishi belgilab qo‘yilgan.

Mahallada bir nechta yosh tadbir­korlar o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Shun­day tadbirkorlardan biri Jahongir Meliyev. U maktabni tamomlab, ma­halladagi plastik romlar yasaydigan ustaga shogird tushgandi. Bir necha yil davomida ustozidan sohaning barcha sir-asrorlarini o‘rgandi. Lekin mustaqil ish boshlashi uchun mab­lag‘i yetmagani sabab mahalla yosh­lar yetakchisidan yordam so‘ragan.

Jahongir O‘tkir Husanovning maslahati bilan 24 million so‘m imtiyozli kredit olib, o‘z ustaxonasini tashkil etdi. 3 nafar ishsiz yosh­ning bandligini taʼminladi. Oyiga 5 million so‘m atrofida sof daromad olayotgan tadbirkor faoliyatini yanada kengaytirish niyatida.

Sarvinoz Yo‘ldosheva esa 28 million so‘m imtiyozli kredit olib, zamonaviy tikuv mashinalarini xarid qildi. Dastlab uyida ish boshlagan Sarvinoz hozir tuman markazidagi bozor hududida o‘z tikuvchilik sexini tashkil etdi. Shu bilan birga, mahal­ladagi tikuvchilikka qiziqqan yoshlar­ga hunar sirlarini o‘rgatib kelmoqda.

Bundan tashqari, subsidiya aso­sida ish qurollari, asbob-uskunalar taqdim etish, xizmat ko‘rsatish obyektlariga ishga joylashtirish orqali ishsiz yoshlarning bandligi taʼminlanmoqda. O‘ziga yuklatilgan vazifani sidqidildan ado etib ke­layotgan O‘tkir Husanov viloyat­dagi hamkasblari orasida “Eng namunali yoshlar yetakchisi” deb topilib, mazkur tanlovning respub­lika bosqichiga yo‘llanma oldi.

 

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish