Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

SAXOVATPESHA YETAKCHI E’TIROF ETILDI

27.7.2022 405

Iqbol PARDAYEVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Namangan tumanidagi “Chag‘ir” mahallasi yoshlar yetakchisi Obobokir Tursunov mahalla yoshlariga ko‘mak berish uchun bor imkoni­yatini ishga solayotgan yetakchilardan biri. U mahalla yoshlarining og‘irini yengillatish maqsadida hudud aholisi uchun “Chag‘ir MFY yoshlar yetakchisi” telegram kanalini yo‘lga qo‘ydi. Bu kanal orqali mahallada yordam­ga, ko‘makka muhtoj yoshlarning ijtimoiy hi­moyasi uchun ham mablag‘lar yig‘iladi.

Mahalla yoshlaridan biri Islombek Ab­dumajidov ayni shu telegram kanali orqa­li to‘plangan mablag‘ evaziga o‘z sog‘ligini tiklab oldi. Gap shundaki, Islombek Rossiya­ga ishlagani borib, qurilayotgan imoratning 7-qavatidan tushib ketadi va og‘ir jarohat oladi. Tayanch harakat tizimi va bel dumg‘aza qismi jiddiy shikastlanadi. Islomning davolanishi uchun kerakli bo‘lgan mablag‘ni to‘lashga esa oilasining qurbi yetmasdi. Boquvchisi­ni yo‘qotgan bu oilaga mahalla ahli mazkur telegram kanali orqali zarur pullarni yig‘ib berdi. Hozirgi kunda Islombek sog‘ayib ketdi. Telegram kanal orqali esa boshqa yordamga muhtoj yoshlar uchun mablag‘lar kelib tushi­shi davom etmoqda.

Obobokir Tursunov mahalladagi nogiron­ligi bor yoshlarga alohida ahamiyat beradi. Ularning orzu-istaklariga quloq tutadi, xo­hishlarini amalga oshirish uchun yana saxovatpesha kishilarga yuzlanadi. Mahallada­gi Xudoyberdi Sayfiddinov ham imkoniyati cheklangan yoshlardan. Mahalla yetakchisi u bilan suhbatlashib, uning eng katta orzusi qu­lay jihozlangan o‘z xonasiga ega bo‘lish ekan­ligini biladi. Bu masalada tuman hokimligiga murojaat qilib, kerakli uy jihozlarini ajratishga ko‘ndirdi. Mahalladagi yoshlar bilan Xudoy­berdi uchun ajratilgan xonani taʼmirladi va o‘zi istagandek jihozlab berdi.

Dehqonchilik qilish istagidagi yoshlarga o‘n yil muddatga imtiyozli kredit asosida auk­sion orqali yer ajratilayotganidan xabaringiz bor. Baʼzan auksionda ishtirok etib, yerli bo‘lish uchun ketadigan xarajatlar ham ayrim yoshlar­ga og‘irlik qiladi. “Chag‘ir” mahallasida ham ana shu xarajatni topishga qiynalayotgan yoshlar uchrab turadi. Bunday yoshlarga esa Obobokir baʼzan o‘z hisobidan, baʼzan esa mahalla tad­birkorlarini jalb qilib, muammoni hal etib kelmoqda.

Bahodir Olimjonov ayni ko‘mak sabab yer­li bo‘lgan yoshlardan hisoblanadi. U 300 ming so‘mlik yordam puli evaziga o‘n yil muddatga 10 sotix yer olib, foydalanishga kirishdi. Bahodir ushbu yerdan unumli foydalanib, kungaboqar urug‘ini qadadi. Hozirgi kunda 2 yarim million so‘m daromad ko‘rib, ikkinchi ekinga loviya ekish harakatida.

Obobokir Tursunov asli jismoniy tarbiya o‘qituvchisi bo‘lgani bois mahallada sport­ga qiziqishi bor yoshlarga qo‘lidan kelgancha ko‘maklashib kelmoqda. Ayniqsa, mahallaning iqtidorli yoshlaridan biri Shohsanam Usmonaliyevaning voleybol o‘yiniga qiziqishini ko‘rib, unga oliy toifali murabbiy Saminjon Tursunovdan saboq olish imkoniyatini yaratib berdi. Natijada Shohsanam sportning voleybol turi bo‘yicha yuksak natijalarni qo‘lga kiritib kel­moqda. “Besh tashabbus olimpiadasi”da ham ishtirok etib, jamoasi bilan yaxshi natijalarni qo‘lga kiritdi.

Obobokirning jonkuyarligi, fidoyi va tirish­qoqligi beeʼtibor qolmadi. U tuman va viloyat hokimligi tomonidan eng saxovatpesha ye­takchi sifatida eʼtirof etildi. Uning mehnatlari eʼtirofga loyiq, albatta.

Bunday jonkuyar yetakchilar bor ekan, ma­halla yoshlari kelajakda vatanparvar, fidoyi, mehr-oqibatli farzandlar bo‘lib yetishadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish