Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

TAKRORLANMAS ASARLAR

25.1.2023 707

Shahribonu RAHMATOVA tayyorladi.

Begoyim Olimjonova 2016-yili Shahrisabz tumanidagi musiqa va sanʼat maktabini tamomlagan. Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining reklama va amaliy grafika yoʻnalishi talabasi. Rangtasvir yoʻnalishi boʻyicha xalqaro tanlov va koʻrgazmalarda faol ishtirok etib, bir nechta diplom, sertifikat va medallarga sazovor boʻlgan.

“Barkamol avlod” bolalar ijodiyoti markazining “Yosh qalamkash” tanlovi respublika bosqichida, Moskva shahri hamda Avstriyada oʻtkazilgan xalqaro koʻrik-tanlovlarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan. 2019-yili Chexiya Respublikasida oʻtkazilgan “Inson hayotida kimyoning roli” nomli xalqaro tanlovda g‘oliblikni qo‘lga kiritib, ijodiy ishlari tanlov katalogidan oʻrin oldi. “Chexiya Oʻzbekiston yoshlari nigohida” koʻrik-tanlovi sovrindori. 2020-yili Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

2022-yil dekabr oyida “Obod yurtda erkin ijodim” nomli shaxsiy koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.  Koʻrgazmada “Tavof”, “Baytulloh”, “Safar”, “Hamroh”, “Sokinlik”, “Chol va Dengiz”, “Tong jarchisi”, “Umr yoʻli”, “Hordiq”, “Yoshlik” va yana bir qancha ijodiy ishlari taqdim etildi.

Yosh ijodkor rasm chizishdan tashqari, basketbol va voleybolga ham qiziqadi.

– Akvarelda har bir inson oʻz uslubida ishlaydi, mening ham oʻz stilim bor va u tezkorlikni talab qiladi. Agar qogʻozdagi suv qurib qolsa, yaratayotgan asarim buzilishi mumkin. Bir marta chizgan asarni qaytadan oʻziday qilib chiqarishim qiyin, shu sababli ham mehr bilan ijod qilaman. Har gal takrorlanmas asarlar yaratiladi, – deydi u.

 Begoyim “Ollohimga aytib beraman” deb nomlangan kartinasini Suriyadagi urush sababli vafot etgan bolaga atab chizgan. Biror baxtli yoki qaygʻuli voqea boʻlsa, undan birinchi navbatda ijodkorlar taʼsirlanadi. Dunyoni larzaga solgan voqea qahramonimizni ham chetlab oʻtmadi. U bundan taʼsirlanib, shu asarni chizdi. Asar mokre uslubida akvarelda ishlangan.

Siz shunday asarlar bilan sahifamiz orqali tanishish imkoniyatiga egasiz. Kuzating, his eting va xulosa qiling!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish