Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

TALABA VA SESSIYA

25.1.2023 796

Ziyoda RAHIMBOYEVA tayyorladi.

Deyarli 1 oy davom etgan qishki taʼtildan soʻng yana oliy ta’lim muassasalariga qaytgan talaba tengdoshlarimizni yakuniy nazorat imtihonlari kutib turibdi. Universitetlar kutubxonalari talabalar bilan gavjum, hamma sessiyaga puxta tayyorgarlik koʻrish uchun izlanmoqda.

Ko‘pchilik talabalar imtihonlar oldidan nima uchun hadiksiraydi?

 

Bilimni baholash

Oraliq, joriy va yakuniy nazoratlarda talabaning mustaqil xulosa va qaror qabul qila olishi, ijodiy fikrlashi, mustaqil mushohada yuritib, olgan bilimini amalda qoʻllay olishi, fan (mavzu)ning mohiyatini tushunib, ifodalab berishi hamda fan boʻyicha tasavvurga egaligiga asosiy eʼtibor qaratiladi.

 

Qayta topshirish tartibi qanday?

Agar talaba uzrli sabablarga koʻra oraliq va yakuniy nazorat imtihoniga kirmagan taqdirda unga tegishli nazorat turini qayta topshirishga fakultet dekanining farmoyishi asosida ruxsat beriladi. Baholash natijasidan norozi boʻlgan talabalar dekanat tomonidan tashkil etiladigan komissiyaga apellyatsiya berish huquqiga ega. Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga talabani baholashda ishtirok etmagan tegishli fan professor-oʻqituvchilari orasidan komissiya raisi va kamida toʻrt nafar aʼzo kiritiladi.

Yakuniy nazoratdan olgan bahodan norozi boʻlgan talabalar baholash natijasi eʼlon qilingan vaqtdan boshlab 24 soat davomida apellyatsiya berishi mumkin. Murojaatlar apellyatsiya komissiyasi tomonidan 2 kun ichida koʻrib chiqilishi lozim. Talaba bu jarayonda ishtirok etish huquqiga ega. Komissiya apellyatsiyani koʻrib chiqib, talabaning tegishli fanni oʻzlashtirgani yoki oʻzlashtira olmagani boʻyicha tegishli qaror qabul qiladi.

 

Ishonch telefoni ishlamoqda

Agar sessiya jarayonlarida korrupsion holatlarga duch kelsangiz yoki shu kabi holatlarning guvohi boʻlsangiz, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻlimiga murojaat qilishingiz hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 1253 call-markaziga xabar berishingiz mumkin.

 

Yakuniy nazorat talabalarni qiynash uchunmi?

Talabalar yakuniy nazoratlarga qanchalik tayyor, umuman olganda, bu tizim ularni qanchalik qoniqtiradi?

– OTMlarda har semestr yakunida imtihon olish yoʻlga qoʻyilgan. Lekin baʼzi taʼlim muassasalarida yakuniy nazoratlar talabalarni qiynash uchun joriy qilingan. Aslida, sinovlar maʼlum vaqt davomida oʻtilgan mavzular yuzasidan oʻtkazilishi kerak. Biroq shunday ustozlar borki, yakuniy nazoratlar mohiyatini tushunib yetmaydi, oʻtilmagan va keraksiz mavzularda topshiriqlar beradi.  Oʻtilayotgan fanlar boʻyicha ham bir qator oʻzgarishlar qilish kerak deb oʻylayman. Mutaxassislik fanlaridan tashqari qoʻshimcha fanlar qoʻyilishi talabani oʻqishdan chalgʻitadi. Maʼlum bir yoʻnalishda faqat mutaxassislik fanlari joriy qilinishi maqsadga muvofiq. Belgilangan ixtisoslik boʻyicha koʻproq amaliyot jarayonlari tashkil etilishi ham oʻrinli boʻladi. Nazariy darslarda olingan bilimlar amaliyotda mustahkamlanmasa, natijaga erishish qiyin, – deydi talaba Mamashukur Muhammadjonov.

Ismini ochiqlashni istamagan pedagogning aytishicha, ayrim talabalar darslarga kelmasdan, mashgʻulotlarda qatnashmasdan imtihon vaqti kelib, baho “talashadi”. “Yoshlarning orasida ilm olishni faqat baho bilan oʻlchaydiganlar borligini koʻrib, achinib ketaman. Barcha talabalardan faqat imtihonga emas, ustoz jon kuydirib tushuntiradigan darslarga ham shunday diqqat bilan tayyorgarlik koʻrishlarini soʻragan boʻlardim. Unutmang, siz bu dargohga imtihon topshirish uchun emas, ilm olib, mutaxassis bo‘lish uchun kelgansiz”,deydi o‘qituvchi.

Taʼlim tizimidagi kamchiliklar imtihonlarga ham taʼsirini koʻrsatmay qolmayapti. Ularni imkon qadar tezroq bartaraf etish ilojsiz ish emas.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish