Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

TEATR VA YOSHLAR MUAMMOSIGA XOLISONA NAZAR TASHLAYMIZ

19.7.2022 492

Shahribonu RAHMATOVA, Ziyoda RAHIMBOYEVA

Tasavvur qiling, ko‘chada ketyapsiz, kimdir sizga o‘z-o‘zidan ko‘zgu tutdi, unda tashqi ko‘rinishingizni ko‘rishingiz mumkin. Uni sindirib tashlasangiz ham, u ko‘rsatib turgan tasvirda hech nima o‘zgarmaydi. Aslida esa kundalik hayotimizda shu ko‘zgu kabi oshkora ko‘rinib turgan muammolar juda ko‘p, muhimi ularga tutilgan ko‘zguni sindirmaslikdir...

1895-yil 28-dekabr – Parijda sanʼatning “Kino” deb atalmish yangi yo‘nalishi kashf etildi. Ko‘pchilik bungan xursand bo‘lish bilan birga, bir narsani bashorat qila boshladi – zamonaviy kino sanʼatining muxlislari tobora ko‘payayotgan bir davrda teatr deb atalmish tushuncha yo‘qlikka yuz tutadi. Endi avvalgidek tomoshabinlar teatrni emas, kino zallarini to‘ldirishadi. Ammo oradan asrlar o‘tsa hamki, teatrning tomosha zallari odamlar bilan to‘laligicha turibdi, insonlar hanuz sahnada o‘ynalayotgan pyesalarni qiziqish va hayajon bilan kuzatishyapti, ayniqsa, xalq tili bilan aytganda, “Bemaza qovunning urug‘idek” ko‘payib, shu bilan birga, saviya jihatdan ham sayozlashib borayotgan zamonaviy filmlardan qochib ham tarbiyaviy ahamiyati va sifati yuqori bo‘lgan sahna asarlari tomoshabinni tobora o‘ziga jalb etib bormoqda. Biroq teatrga tashrif buyurgan tomoshabinlarga qarasangiz, ularning ko‘pchiligini katta avlod vakillari tashkil etadi. Albatta, Instagram, Tik-tok kabi ijtimoiy tarmoqlardan chekinib, kinodan teatrni ustun ko‘rib kelgan yoshlarning oz bo‘lsa-da bor ekanligi kishini quvontiradi. Haqli savol tug‘iladi, yoshlarning qolgani qayerda? Jadid bobolarimiz “ibratxona” deb atagan maskanga kelishdan ularni nima to‘xtatib turibdi? Ushbu muammoli masalaga ikki tomonlama va xolis nigoh tashlash uchun bugun “Ular nega teatrga kelmaydi?” va “Biz nega teatrga bormaymiz?” degan savollarga javob izladik!

YANGILANISHLAR VAQTI YETIB KELGAN!

Javohir AZIMOV, O‘zbek milliy akademik drama teatri yordamchi rejissyori:

– Har bir ijodkor o‘z tamoyillariga, yaratiqlar bunyod etish uchun maskaniga ega bo‘ladi: yozuvchida yozuv stoli, rassom va haykaltaroshda ijodiy ustaxona, sozandalarda ovoz yozish studiyasi. Teatr – rejissyor, aktyor, rassom, dramaturg, umuman, barcha ijod ahlini o‘zida birlashtira olgan mo‘jizaviy makon. Tomoshabin hayot tarzi davomida guvohi bo‘lgan va duch kelmagan hodisalar o‘zgacha talqinda, yuksak qarashlar bilan talqin etilsagina teatr o‘z vazifasini bajargan bo‘ladi. Xo‘sh, men faoliyat olib borayotgan va poytaxtimiz, viloyatimizdagi teatrlar o‘z vazifasini bajara olyaptimi? Bugungi kunda teatr tomoshabinining siyraklashgani hech kimga sir emas. Baʼzan dunyoning klassik asarlari sahnaga olib chiqilsa ham, tomoshabin teatr zalining uchdan bir qisminigina band etishi bor gap. Bu ahvolga yetib kelishimizga na dramaturg, na rejissyor, na aktyor va na tomoshabin aybdor. Mo‘jizaviy makonni yana qayta jonlantirish uchun yangilanishlar vaqti yetib kelgan. Bu soha ilk teatr anʼanalarini yurtimizga olib kirgan jadidlar uchun yangilik edi. Keyinchalik o‘tgan asrning 60-70-yillarida jahon standartlariga to‘la mos keladigan mahobatli sahna asarlari yurtimiz teatr sahnalarida paydo bo‘ldi. Ayni damda ham yana bir pog‘ona ildamlash fursati, yangilanish talabi har bir teatr uchun dolzarbligicha qolmoqda. Menimcha, dramaturg zamonaning fusunkor voqealarini qalamga olsa, rejissyor sahna uchun avangard yechimlar topsa, aktyor o‘z rollarini hayotiy, tabiiy ijro etsa, tomoshabin ham o‘z vazifasini og‘rinmay amalga oshiradi. Ko‘rinib turibdiki, tobora rivojlanib borayotgan axborot asrida teatrlar ham zamona bilan hamnafas bo‘lishi zarur. Ayniqsa, doim bir qadam oldinda bo‘lishni yoqtiruvchi qatlam – zamonaviy yoshlarni tomoshabin sifatida yo‘qotmaslik uchun ham u shunga majbur, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Muammoga yondashishda xolislikni saqlash maqsadida yoshlarimizning ham teatr haqidagi mulohazalariga quloq tutdik.

KELING, YECHIM IZLAYMIZ!

Munira QO‘ZIBOYEVA, O‘zJOKU talabasi:

– Teatr va yoshlar. Bu jumlani o‘qigan inson xuddi ikkita qarama-qarshi jumlaga duch kelgandek his etadi o‘zini. G‘alati, ammo haqiqat! Shunday emasmi? Shaxsiy fikr sifatida keltira olamanki, har safar teatrga borganimda guvoh bo‘lib qaytaman: bugun teatrning sodiq muxlislari yoshi kattalar bo‘lib qolmoqda. Savol tug‘iladi: tomoshabinlar orasida yoshlarning yo‘qligiga kim yoki nima aybdor? Darrov “Yoshlar zamonaviylashib ketgan, ular uchun teatr zerikarli joy” deyishga shoshilmang! Aslida hamma davrlarda ham teatr o‘zining yosh muxlislariga ega bo‘lgan. Lekin hozir teatr ularni ushlab qolishda ojizlik qilmoqda. Balki befarqlik ham! Keling, muammodan uzoqlashmagan holda yechim izlasak!

Birinchidan, yoshlar uchun, yaʼni talaba-yoshlar uchun bilet narxlarini maʼlum bir foizda chegirma qilish kerak. Sababi shaharlardagi yoshlarning asosiy qismini talabalar tashkil etadi. Shuni hisobga olib, narxlar ularga arzonlashtirilgan holda taqdim etilsa, nur ustiga nur bo‘lardi. Bitta biletning narxi o‘rta hisobda 50 ming bo‘lsa, talaba o‘ylab ham o‘tirmay uning o‘rniga “Fast-food”ga yoki boshqa ko‘ngilochar joyga borishni afzal ko‘radi. Yana bir jihat, millionlab pul sarflanadigan, vaqt ajratiladigan tadbirlar ro‘yxatini sanab ado etish qiyin! Bugun tomoshabin o‘tiradigan o‘rindiqlari allaqaysi zamonlarga mansub, yozning jaziramasida tuzukroq sovutkich bilan ham taʼminlanmagan tomosha zallariga (hali parda ortidagi sharoitlar bizga qorong‘i) shu tadbirlarchalik eʼtibor qaratilib, mablag‘ ajratilsa bormi?.. Ikkinchidan, teatrlarga yaxshi SMM mutaxassislarini jalb etish zarur! Ular kuchli PRga muhtoj. Yaʼni to‘g‘ri maʼnodagi PRga. Ko‘proq Instagram tarmoqlarida yoshlar auditoriyasiga targ‘ib qilinsa, ancha-muncha yoshlar qiziqsa kerak. Uchinchidan, teatr ulug‘ dargoh ekanligi va maʼnaviyatimizda muhim rol o‘ynashini yoshlarga oilada, maktablarda to‘g‘ri singdirish zarur. Maktab bolalari uchun har oy tekinga teatr tomoshalari qo‘yilsa, ularning ongida bu joyga nisbatan hurmat va muhabbat ruhi paydo bo‘ladi.

 

Muammolarga yuzlanish va tik boqishning yaxshi jihati shuki, yechim ham tez orada topiladi. Ushbu maqolani o‘qib chiqqan bo‘lsangiz, qator muammolar va ularga berilgan yechimlarni taklif sifatida qabul qila olasiz. Yoshlarni yana teatrga, ushbu dargohning esa yana avvalgi nufuziga qaytishiga o‘z hissamizni qo‘shishimiz mumkin, bu siz va bizning qo‘limizda!

 

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish