Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

TELEVIZOR, TIKUV MASHINASI, 3 KUNLIK SAYOHAT

18.6.2022 479

Iqbol BAXT, “Yoshlar ovozi” muxbiri. Bekmurod TOSHEV

KO‘KDALA BRENDI

Ko‘kdala tumani yerlari o‘zining hosildorligi bilan ajralib turadi. Bu esa mahalladagi ishsiz yoshlarning daromad olishiga, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga imkon bermoqda.

– Mahallamizdagi 26 nafar yoshga 70 sotixdan 50 yil mud­datga yer ajratib berdik, – deydi Bekmurod Toshev. – Ajratilgan yerlarda yoshlar o‘zlarining tokzor­larini yaratishdi. Hozir tok qatorlari oralab poliz ekinlarini ekib, daro­mad olishmoqda. Qaysidir yosh bu joylarga pomidor urug‘ini qa­dab, hosilini yig‘a boshladi, yana qaysi biri qovun ekib bozorga olib chiqdi. Ayniqsa, tokzorlarga tarvuz ekkan yoshlarimiz har sotixidan 1 million so‘m miqdorda daromad olib ulgurdi. Yetishtirgan tarvuzlari Ko‘kdala brendiga aylandi. Tokzor­lardan poliz maydoni sifatida foy­dalanish jarayoni uzum hosil ber­gunga qadar davom etadi.

MAHALLA KUTUBXONASI

“Sho‘rbozor” mahallasida ishsiz yosh qizlarning bandligini taʼminlash­ga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda yoshlar yetakchisi mahalla qizlari uchun o‘zlariga yaqin hududdan ish topishga harakat qilgan. Harakat natijasida 19 nafar qiz “Samo” tikuvchilik korxonasida ishlay boshladi.

Bekmurod mahalla yoshlarining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida “Besh tashabbus olim­piadasi”ning har bir yo‘nalishida musobaqalar tashkil qilib kelmoq­da. Bu haqda mahalla yoshlar ye­takchisi shunday dedi:

– Mahallamizdagi yoshlar ko‘proq kitob o‘qishi uchun “Kitobxonlik” to‘ga­ragini yo‘lga qo‘ydim. To‘garak aʼzolari bilan birga yil so‘ngiga qadar 200 ta ki­tob o‘qishni maqsad qilganmiz, – dey­di Bekmurod Toshev. – Biz kitobxonlik orqali barcha sohalarni rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Chunki barcha illatlarning sababi ilmsizlikdir. Shu bilan birga, “Yoshlar kutubxo­nasi”ni tashkil etganman. Sport, sanʼat, adabiyot yo‘nalishida musobaqa­lar va “Zakovat” intellektu­al o‘yini ham muntazam o‘tkazib borilmoqda.

Yaqinda o‘tkazilgan Yoshlar festivalida ham sport, sanʼat, adabiyot yo‘nalishi, “Zakovat” intel­lektual o‘yinlaridan iborat musobaqalar tashkil qil­dik. Festivalda mini futbol musobaqasi g‘olibi bo‘lgan jamoa aʼzolariga 8 ta televizor, ayollar o‘rta­sidagi voleybol musobaqasida g‘olib bo‘lgan jamoaga 8 ta tikuv mashinasi, sanʼat va adabiyot yo‘nalishi g‘oliblari uchun Toshkent viloyatidagi “Bo‘ston­liq” oromgohiga 3 kunlik sayohatga yo‘llanma, “Zakovat” intellektual o‘yini g‘oliblariga zamonaviy planshetlar topshirildi. Yosh kitobxonlarimiz kitoblar to‘plamiga ega bo‘lishdi.

Bugun 200 nafardan ortiq sho‘rbozorlik yoshlar uchun mne­monika, mental arifmetika, kitobxonlik, futbol, mini futbol, taekvon­do kabi to‘garaklar ishlab turibdi.

– Menga berilgan vakolat va bildirilgan ishonchni oqlab, mahal­lamda katta o‘zgarishlar qilishga vaʼda beraman, – deydi qahra­monimiz.

Biz Bekmurodning ezgu maqsadi yo‘lida bor kuch-g‘ayrati, ilm-salohi­yatidan foydalanishiga ishonamiz.Uning ishlarida omad tilaymiz.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish