Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

TUYAQUSH YETISHTIRISH MAHALLAMIZ FAROVONLIGINING DRAYVERIGA AYLANADI

9.12.2022 582

“Yoshlar ovozi” muxbiri Iqbol PARDAYEVA yozib oldi.

Yurtimizdagi har bir yoshning muammo va takliflarini eshitish, bandligini taʼminlash maqsadida joriy etilgan mahalla yoshlar ye­takchisi lavozimini yilning o‘ziga xos kashfiyoti deyish mumkin. Al­batta, har qanday yangi lavozim shakllanishi, tizimga kirib olishi­da namunalarga ehtiyoj seziladi. Qashqadaryo viloyati Muborak tumanidagi “Bo‘ston” mahallasi yoshlar yetakchisi O‘lmas Par­dayevning tajribasi boshqalarga o‘rnak bo‘la oladi. Qahramoni­miz yoshlar muammolariga qay yo‘sinda yechim topayotgani va qanday loyihalar bilan o‘rnak ko‘rsatayotgani haqida uning o‘zidan bilib olamiz.

O‘lmas PARDAYEV, Muborak tumanidagi “Bo‘ston” mahallasi yoshlar yetakchisi:

– Xatlov paytida yordamga muhtoj, chorasiz yoshlar ro‘yxati­ni ham shakllantirdim. Ular orasi­da Do‘stlik ko‘chasida yashovchi II guruh nogironi Vafo Mag‘murov eʼtiborimni tortdi. U 2013-yilda Qarshi sanoat kollejini tamom­lab, ishlash maqsadida Toshkent shahriga ketadi. Ish joyida falokat sodir bo‘lib, o‘ng qo‘lidan ayriladi, biroz vaqt komada yotadi. Shifoxonadan qaytgach, o‘zini ojiz hisoblab, tushkunlikka tushib qoladi. Shu orada spirtli ichimliklarga ruju qo‘yadi. Uydagilari undan xavotir­da ekanini aytishdi. Shundan so‘ng Vafoga psixologik yordam berish, hayotga salbiy fikrlarini ijobiy to­monga o‘zgartirish maqsadida u bilan doim muloqotda bo‘ldim.

Suhbatlarimizdan birida uning sportga qiziqishini sezib, yengil atletika bo‘yicha milliy paralim­pia terma jamoasi bosh murab­biyi Sardor Abduxoliqovga telefon qilib, Vafoning hozirgi holati va sportga qiziqishini aytdim. Vafo bir necha kundan keyin Paralim­pia zaxiralari sport majmuasida shug‘ullanish uchun Toshkentga jo‘nab ketdi. Vafo u yerda 100 na­fardan ziyod nogiron sportchilarning ishtiyoqi, hech qachon taslim bo‘lmasligi va chinakam matona­tini ko‘rib, o‘zi ham ruhlandi, ichish va chekishni tashladi, sport bilan shug‘ullanishni boshladi. Lekin 4 oydan keyin onasining betobli­gi sabab uyiga qaytdi. Keyin uni “Yoshlar daftari”ga ro‘yxatga olib, dehqonchilik bilan shug‘ullanishi uchun auksion orqali 50 sotix yer ajratib berdik. Vafo dehqonchilik qilish bilan birga, yuk tashuvchi mototsiklida daromad ham to­padigan bo‘ldi. Buni qarangki, u “Besh tashabbus paralimpiadasi”­da ham ishtirok etib, faxrli o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Bo‘sh vaqtimda ko‘proq ma­hallamizdagi nogiron yoshlar bilan uchrashib, muloqotda bo‘laman. O‘zim karving sanʼati bilan shug‘ul­langanim bois, ularga ham o‘rgatib kelyapman.

“Yoshlar balansi”ni shakllantirishda yoshlarning muammolarini o‘rganib, “Yoshlar daftari”dagi 13 nafar yoshga qiziqish va taklifi­ga ko‘ra, imtiyozli kreditlar ajratib berdik. Ulardan biri – Muhabbat Xolmirzayeva. U 33 million so‘mlik imtiyozli kreditga zarur uskunalar­ni xarid qilib, non pishirish sexi­ni ishga tushirdi. Hozir ikki nafar yoshni ishga olib, ikkita maktab­gacha taʼlim tashkiloti va mahal­lamiz ahlini non bilan taʼminlab kelmoqda.

Yana ikki nafar yosh 20 mil­lion so‘mdan imtiyozli kredit olib, o‘z xonadonida issiqxona qurdi, dehqonchilik ortidan daromad ham olyapti. Savdo-sotiq qilishistagida bo‘lgan Gulmurod Abdurahmonov esa 33 million so‘mlik imtiyozli kreditga savdo uchun qulay va chiroyli ko‘ch­ma do‘kon olib, tadbirkorlikni boshladi. Hozir u juda yaxshi daromad olmoqda. Shu bois kelajakda mahallamizda mana shunday ko‘chma do‘konlarni ko‘paytirib, ishsiz yoshlarning bandligini taʼminlashni maqsad qildim.

Ammo har doim ham mahal­lamiz yoshlarining muammosini osonlikcha hal qilamiz, deya olmay­man. Ularning bandligini taʼmin­lash uchun ko‘pincha mahalladagi bo‘sh joylarga ehtiyoj sezamiz. Le­kin bunday yerlar juda kam. Bo‘lsa ham bunday yerlar jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan shun­chaki hech qanday hujjatlarsiz o‘rab, o‘zlashtirib olingan. Bu yer­larga kichik ishlab chiqarish sexlari qurilsa, ko‘plab yoshlarning bandligi taʼminlanadi. Shu bois tegishli tash­kilotlardan bunday muammolarni hal qilishda amaliy yordam berish­larini so‘ragan bo‘lardim.

 

 

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish