Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“UNIVERSITET”

28.8.2022 849

Loyiha muallifi: Ziyoda RAHIMBOYEVA

YOSHLAR BILAN HAMNAFAS GAZETAMIZDA SIZ UCHUN FOYDALI VA, ALBATTA, QIZIQARLI BILIMLARNI ULASHUVCHI YANA BIR YANGI LOYIHANI E’LON QILAMIZ! TANISHISHGA TAYYORMISIZ?

Loyihamizning har sonida yangiliklarga boy bo‘lgan yoki siz tanish, ammo u qadar ko‘p maʼlumotga ega bo‘lmagan har qanday mavzu haqida batafsil, ishonchli va qiziqarli maʼlumotlar taqdim etib boramiz. Bu maʼlumotlar chegaralanmagan doirada – texnika vositasi, tibbiyot, sanʼat turi, mashina rusumi yoki meʼmorchilik obidasi haqida bo‘lishi ham mumkin. Loyiha doirasida sizni yangi bilimlar, qiziqarli faktlar, ishonchli manbalar kutmoqda. Demak, biz boshladik! Loyihamizning ilk mavzusi kimdir uchun orzu bo‘lgan, har qanday davrda ham ilm yo‘lini tanlaganlar uchun eshigi ochiq dargoh – universitetlar haqida.


OLMONCHA SO‘Z, LOTINCHA MAʼNO


Nemis tilidagi “Universität” so‘zidan olingan, maʼnosi esa lotincha “Universitas magistrorum et scholarium” yaʼni “O‘qituvchilar va olimlar jamoati” iborasidan kelib chiqqan bu so‘z 11 asrlik tarixga ega! O‘zbekchada oliy o‘quv yurti, oliy taʼlim muassasasi kabi muqobillariga ega. Tilimizdan chuqur joy egallagan. 

UNIVERSITET VA INSTITUT: QANDAY FARQ BOR?


Universitetning vazifasi taʼlimning bir necha yo‘nalishida oliy va oliy o‘quv yurtidan keyingi bosqichda taʼlim berib, turli sohalardagi mutaxassislar malakasini oshiradi va qayta tayyorlaydi, fanning turli yo‘nalishlarida fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqotlarni amalga oshiradi, taalluqli ilm sohasi bo‘yicha tayanch ilmiy-metodik markaz hisoblanadi. Institut esa taʼlim va fanning muayyan sohasida oliy va oliy o‘quv yurtidan keyingi taʼlimning ayrim dasturlarini amalga oshirib, maʼlum bir soha bo‘yicha muayyan hududdagi mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bilan shug‘ullanadi, fundamental va amaliy ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boradi.

ILK BOR...


Italiya, Ispaniya, Fransiya singari G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida dunyodagi ilk universitetlar tashkil topgan. O‘sha davrda ilm berishning eng oliy darajasi hisoblangan bu dargohlarning eng birinchilari XI asrda Italiyaning Bolonya shahrida, XII asr oxirlarida Salernoda; 1215-yili Fransiyaning Parij, 1289-yilda Monpelye; 1209-yili Buyuk Britaniyaning Kembrij, 1096-yil Oksford shaharlarida; 1218-yil Ispaniyaning Salamanka; Portugaliyaning Lissabon shahrida esa 1290-yil paydo bo‘ldi.

Turkistonda birinchi oliy ilm dargohi, yaʼni madrasayi oliya X asrdayoq yuzaga kelgan bo‘lsa-da, zamonaviy ko‘rinishdagi dastlabki universitet 1918-yil 21-aprelda Toshkentda “Turkiston xalq universiteti” nomi bilan ochilgan. Bu dargoh o‘sha davrning rus va yevropalik aholisi uchun mo‘ljallangan edi. Oradan 20 kun o‘tib, o‘zbek jadidlari tashabbusi bilan 1918-yil 12-mayda Munavvarqori Abdurashidxonov rahbarligida “Turkiston musulmon xalq dorilfununi”, hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti tashkil etildi.

BUGUN...


Mamlakatimizda 160 ga yaqin oliy o‘quv yurti mavjud, shundan qariyb 30 tasi universitet. Dunyoda necha asrlik tarixga va o‘ziga xos obro‘ga ega universitetlar minglab topiladi. Biroq har yili yangilanib turadigan “Eng kuchli universitetlar 100 taligi” ro‘yxatiga kiradigan dargohlarda o‘qish har qanday yoshning orzusi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Joriy yilning avgust oyida yangilangan ro‘yxatda kuchli 3 talikni AQShning Massachusets texnologiya instituti, Stenford va Garvard universitetlari egalladi. “Yuzlik” ro‘yxatni Xitoyning Fan va texnologiya universiteti (USCT) yakunladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish