Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

VERGUL QACHON QO‘LLANADI?

4.7.2022 4009

Rashid XO‘JAMOV

“KITOBDA SHUNDAY YOZILGAN”

Aniq qoidalar mavjudligiga qaramay, juda ko‘p verguldan noo‘rin foydalanish va kerakli o‘rinlarda qo‘llamaslik, boshqa tinish belgisi bilan almashtirib ishlatish hollari uchraydi. Hatto biz sevib o‘qiydigan badiiy asarlarda ham bu holatni kuzatib, ba’zan ta’bimiz xira bo‘ladi. Maktab davrlarida biror so‘zning imlosini tekshirmoqchi bo‘lsak, yoki tinish belgilarining ishlatilishi bilan bog‘liq muammoga duch kelsak, kitoblarga (ko‘pincha badiiy asarlarga) murojaat qilar edik. O‘shanda kitoblarda xatolar kam bo‘larmidi yoki biz shunday o‘ylaganmizmi, har holda masalaga oydinlik kiritish osonroq kechardi. Hozir esa bir kitobda unday, ikkinchisida esa yana boshqacha qoidalarga amal qilinganiga guvoh bo‘lyapmiz. Bir-ikki o‘rinda ko‘z adashib ketib qolgan xatolarni kechirsa bo‘ladi, ammo o‘sha oddiy (aslida katta) xatoga har kuni qayta-qayta duch kelaverish ham o‘quvchining matndan bezib qolishiga sabab bo‘ladi. Bu faqat kitoblar emas, ijtimoiy tarmoq sahifalari, gazeta-jurnallar uchun ham taalluqli. Biz maqolada ko‘pchilik chalg‘iydigan vergulning ishlatilish o‘rinlariga to‘xtalmoqchimiz.

VERGUL KERAKMI?

Tilimizda ammo, lekin, biroq kabi zidlov bog‘lovchilari o‘zidan oldin vergul oladi va gap bo‘laklarini hamda sodda gaplarni zidlov munosabati bilan bog‘laydi mazmunidagi qoida bor. Ammo zidlov bog‘lovchilaridan oldin nuqta qo‘yilgan bo‘lsa, ya’ni yangi gap zidlov bog‘lovchisi bilan boshlansa, undan so‘ng vergul ishlatiladi degan qoida mavjud emas! Demak: Toshkent chiroyli shahar. Ammo, boshqa shaharlar ham undan qolishmaydi – xato. Toshkent chiroyli shahar. Ammo boshqa shaharlar ham undan qolishmaydi – to‘g‘ri. Toshkent chiroyli shahar, ammo boshqa shaharlar ham undan qolishmaydi – to‘g‘ri. Shu qoida boshqa bog‘lovchilarga ham taalluqli. Sabab bog‘lovchilari (chunki, negaki…) ergash gapni bosh gap bilan bog‘laydi va ulardan oldin vergul ishlatiladi. Ammo sabab bog‘lovchilari bilan yangi gap boshlanganda ulardan so‘ng vergul ishlatilmaydi! Shuning uchun, shu sababli kabi ko‘makchili qurilmalar odatda o‘zidan oldin vergul talab etadi va bu birikmalardan keyin vergul qo‘llashga zarurat bo‘lmaydi. Quyida shunday o‘rinlarni ko‘rib o‘tamiz: Avvaliga nima bo‘layotganini tushuna olmadi. Shu sababli, atrofga savol nazari bilan qarab qoldi – xato. Avvaliga nima bo‘layotganini tushuna olmadi. Shu sababli atrofga savol nazari bilan qarab qoldi – to‘g‘ri. Avvaliga nima bo‘layotganini tushuna olmadi, shu sababli atrofga savol nazari bilan qarab qoldi – to‘g‘ri. Bu birikmalardan, yuqoridagi bog‘lovchilardan ham keyin kirish so‘zlar kabi maxsus vergulli so‘z(birikma)lar kelsa, verguldan foydalanish mumkin: Avvaliga nima bo‘layotganini tushuna olmadim, shuning uchun, albatta, ulardan nima bo‘layotganini so‘rab olishni dilimga tugib qo‘ydim – to‘g‘ri. Ayniqsa, albatta, ko‘ra va yana ba’zi so‘zlarning vergulli-vergulsiz o‘rinlari bor. Masalan, ayniqsa modal so‘z bo‘lib kelganda vergul qabul qiladi: uning oilasiga, ayniqsa, yosh bolalariga achinaman. Ammo juda ham, benihoyat kabi so‘zlar ma’nosida kelsa, vergul kerak emas: maktablarda adabiy til xususiyatlarini chuqur o‘rgatish ayniqsa ahamiyatlidir. Albatta so‘zidan oldin va keyin har doim vergul ishlatishga o‘rganib qolganmiz. Albatta kirish so‘z vazifasida ishlatiladi, bunda u so‘zlovchining voqelikka munosabatini bildiradi va vergul bilan ajratiladi, ammo bu so‘z gapda fikrning, ish-harakatning qat’iyligi, muqarrarligini, shubhasiz amalga oshish- -oshmasligini anglatganda vergul kerak bo‘lmaydi. Ishlatilganda esa undagi hukmning qat’iylik kuchi pasayadi. Solishtiramiz: shanba kuni albatta dam olaman. Shanba kuni, albatta, dam olaman. Ko‘ra so‘zi esa qiyoslash-taqqoslash ma’nosida kelsa, nisbatan, …-ga qaraganda kabi ma’nolarda qo‘llansa, vergul ishlatilmaydi: men o‘zimni ukamdan ko‘ra omadliroqman deb o‘ylayman. Asosan, muvofiq, binoan kabi so‘zlar ma’nosida ishlatilganda ko‘radan so‘ng (gap o‘rtasida ikki tomonidan) vergul qo‘yiladi: kelishuvga ko‘ra, men uni boshqa bezovta qilmasligim kerak edi. Hali bu hammasi emas. Tilimizda shunday so‘z va birikmali o‘rinlar borki, bu bizni juda ko‘p ikkilanishlarga majbur qiladi. Ularga hali yana batafsilroq to‘xtalamiz.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish