Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

YO‘QLAMA NEGA KERAK?

15.6.2022 576

Ziyoda RAHIMBOYEVA

Qani-i-iy, bugun qaysi darslar bor. Iya, fanlarning “dodalari” bor ekan-ku. Ha mayli. Ustozlar bilan bir otamlashar ekanmizda. Ana, o‘zlari keldi.
– Hurma-a-a-t…
– Assalomu-u-u a-a-alaykum…
Hozir ustozga “paxta qo‘yishning” ayni vaqti, ulgurib qol, Boychechak:
– Ustoz bugungi mavzumiz nima? Doskaga yozib qo‘yaman (aniqrog‘i, nimani g‘iybat qilamiz???).
– Bugun mavzumiz… bugu-uu-n… Kelinglar, mavzuga o‘tishdan oldin o‘zbek to‘ylari haqida qisqacha gaplashsak. To‘ylarda isrofgarchilik judayam ko‘payib ketgan. Dasturxonga yuz xil noz-u neʼmatdan qo‘ygandan ko‘ra, shuni yetim-yesirlarga sadaqa qilsak bo‘ladi-ku, to‘g‘rimi, talabalar?
Ob-bo-o-o, boshlandi. Bugun ham mavzuni o‘tmas ekanmiz-da…
– Masalan, men yaqinda kichik qizimning to‘yini qildim. Ortiqcha chiqim bo‘lmasin deb qudam bilan to‘ydan oldin kelishib oldim. Sarposiga 2 dona ko‘ylak va u bilan taqishga taqinchoq oldik, xolos. Kerak narsani to‘ydan keyin ham olsa bo‘ladi-ku, to‘g‘rimi, talabalar???
To‘g‘ri-i-i, to‘g‘ri. Siz aytasiz-u noto‘g‘ri bo‘ladimi? Xato desak, naqd imtihondan yiqitasiz-ku!
– Ikki yosh yig‘ilgan pullarni boshqa kerakli narsalarga ishlatishi mumkin. Masalan, qizim va kuyovim Anta-a-a-aliyaga bordi. Maz-za
qilib dam olib keldi. Rasmlari ham bor, ko‘rsataymi, talabalar? Mayli, ko‘raylik. Ko‘rmaganimizga qo‘ymaysiz-ku!
– Sizlar ham kelajakda oila qurasizlar. O‘rnak bo‘lsin deyman-da. Voy, dars tugashiga ham 10 daqiqa qolibdi. Mavzuni telegram guruhingizga tashlab qo‘yaman, kelasi dars seminarga tayyorlanib kelinglar. Men ketdim, 10 daqiqa oldin chiqishingiz mumkin. Menday mehribon ustoz yo‘q, to‘g‘rimi, talabalar??? Ha-a-a, bo‘lmasa-chi?! Sizga gap yo‘q. Yaxshi boring. Qaytib kelmasangiz ham mayli. Hozir sizga o‘xshagan bittasi keladi.
– Turilsi-i-i-n…
– Assalomu-u-u a-a-alaykum…
Dars boshlanib, talabalar ustozni “jon qulog‘i” bilan tinglayotgan bir vaqtda eshik qiya ochiladi-yu, fikrlar, eʼtibor va diqqat qoq o‘rtasidan bo‘linib, yo‘qlamachi qizga o‘girilamiz.
Ko‘pchilikning yuzida norozilik, kimgadir umuman farqi yo‘q. Qanday ham farqi bo‘lsin, axir, maktab davridanoq bunga ko‘nikib qolganmiz.
T-sh-sh, ustozimning kayfiyati yo‘q
– Vaalaykum assalom, talabalarim. Kayfiyatlar qalay? Kuningiz yaxshi o‘tyaptimi? Iltimos, mening darsimga universitetda o‘qiydigan odamday kelinglar. Soqollarni olib, kiyimlarni dazmollab, paypoqning yangisini kiyib, atirlarni sepib, xo‘pmi? Xo‘p bo‘ladi-yey, ustozjon. Yomon toza odamsiz-da…
– Parmonjon, sen nega kepka kiyib olgansan, yech, bolam.
– Ustoz, kecha ishdan kech qaytgandim. To‘g‘risini aytsam yuvinishga ulgurmadim. Yechmay…
– Yo‘q, yechasan. Menga gap qaytarma. Kepkada o‘tirsang, darsimga xalal berasan. Yechasan yoki men bilan dekanatga borasan. Tush oldimga...
Eh, mana 2-para ham o‘tdi hisob. Endi ular dars tugamaguncha qaytib kelmaydi. Yana bitta dars. O‘zimga sabr tilayman.
– Vaalaykum assalom.
– Assalomu-u-u a-a-alaykum, ustoz. Uzr, ko‘rmay qolibmiz.
– Menga kelganda hech kim hech narsani ko‘rmay qoladi o‘zi. Ovozlaring chiqmasin. Jimlik… 5 daqiqa o‘tdi, jimlik…
– Ustoz, bugungi mavzu nima?
– 5 minut jim o‘tirasanlarmi, yo‘qmi? Kayfiyatim yo‘q. Boshim og‘riyapti. Indamay o‘z ishlaringni qilib o‘tiringlar.
Boychechak, hozir ayni vaqti. Olg‘a: – T-sh-sh, ustozimning kayfiyati yo‘q. Ustoz, tinchlikmi? Nega kayfiyatingiz yo‘q? ko‘rinishingiz ham yaxshi emas, bugun dars o‘tmay qo‘yavering. O‘zimiz o‘qib olamiz. Ketaveraylik.
– Mayli, boringlar, “moodle”ga maʼruzani joylab qo‘yaman. Yo‘lda birov to‘xtatsa, boshqa kursda o‘qiyman deb yuboringlar.
***
Ana-a-a, hash-pash deguncha darsni ham tugatib oldik. Hech narsa o‘rganmaganimizni hisobga olmasa, yaxshi kun bo‘ldi. Ustozlarni ham tushunish kerak, ular ham odam. Dardini kimgadir aytgisi keladi, kayfiyati har xil bo‘ladi.
Ertaga nima darslar bor edi? Nimalarni gaplashamiz ekan? Dastro‘molimni olvolaman, juda dardli “mavzu” bo‘lsa, yig‘lashimga to‘g‘ri kelib qolar…
Maktablarni-ku qo‘ya turaylik, ammo oliy ta’lim muassasalarida yo‘qlamaning nima keragi bor? Talaba bir necha yil davomida repetitor va o‘zining mashaqqatli mehnati sabab talabalik maqomiga erishgan, shunday ekan, dargohga sababsiz kelmasligi, darslarda ishtirok etmasligi mumkinmi? Talabalar maskanga kelyaptimi, yo‘qmi deb yo‘qlama qilishda mantiq bormi? Agar siz “bor” deb javob bersangiz – haqsiz, “yo‘q” deb javob bersangiz ham. Bakalavr bosqichida tahsil oluvchi talabalarning aksariyat qismini 18-23 yoshdagi yigit-qizlar tashkil etadi. Bilasizki, bu yoshda ularda ilm olish bilan birga, turli chalg‘ituvchi, foydasiz, hatto, zarar keltirishi mumkin bo‘lgan narsalarga ham qiziqish bo‘ladi. Birinchi qiziqishdan ikkinchisi ustun kelib qolmasligi uchun ham nazorat qilish va to‘g‘ri yo‘nalish berib turish muhim. Ayniqsa, gap ularni turli yot g‘oyalar va buzg‘unchi kuchlardan himoya qilish haqida ketsa! Agar muntazam davomat qilishning keragi yo‘q, talaba qaysi darsga kirish kerakligini o‘zi hal qilsin deydigan bo‘lsangiz ham fikringizni xato deya olmaymiz. Masalan, bir necha yil avval O‘zbekistondagi ko‘pchilik OTMlarning yangicha, xorijiy tajribaga asoslangan tizim – “kredit modul”- ga o‘tkazilgani haqidagi xabarlar bilan birga, buning bir qator imkoniyatlari bo‘yicha maʼlumotlar ham taqdim etilgan edi. Misol uchun, talaba darslarda qatnashishga maqbul vaqtni va qaysi ustozdan taʼlim olishini o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib tanlay oladi. Fanlar masalasi ham shunday: o‘z qiziqishi hamda o‘zlashtira olish ko‘rsatkichiga qarab, yil davomida qaysi fanni o‘rganmoqchi ekanini aniqlab ololadi.
Bu tizimning asosiy, shu bilan birga, talabalar uchun eng jozibali tomoni – talaba darslarda doimiy ishtirok etishga majburlanmaydi. Agar u qoldirilgan darsni mustaqil o‘zlashtirib olishiga ko‘zi yetsa, darsdan boshqa mashg‘ulotlar bilan band bo‘lishi, ish joyida, kutubxonada yoki shunchaki, do‘stlari davrasida vaqt o‘tkazishi mumkin. Muhimi, u yakuniy va oraliq nazorat imtihonlarini aʼlo bahoga topshira olishi kerak. Davomat masalasi, u to‘plagan kreditlar soniga jiddiy taʼsir ko‘rsatmaydi. Har holda
Yevropada shunday tartib o‘rnatilgan. Ammo bizda… 2021-yil tashkil etilgan Yangi O‘zbekiston universitetidan boshqa oliy o‘quv yurtlarida oldingi tizimning ayrim tartib-qoidalari, shu bilan birga, davomat masalasi ham hozircha maʼlum darajada saqlanib
qolmoqda, va talabalardagi norozilik kayfiyati ham. Aynan shunday yo‘qlamachi qizning aytishicha, ko‘pchilik talabalarni shu savol qiynar va norozi bo‘lishiga sabab bo‘lar ekan: kontraktini to‘lagandan keyin kelish yoki kelmaslik talabaning o‘ziga havola etilishi kerak emasmi?
Xo‘sh, siz qanday fikrdasiz?

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish