Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

YOSHLAR KUNINING YORQIN 5 YILLIGI

4.7.2022 659

Alisher SA’DULLAYEV, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a’zosi, Yoshlar ishlari agentligi direktori.

Bu yil Yoshlar kunini mamlakatimizda beshinchi bor katta bayram qilyapmiz. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-iyuldagi yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirishga doir muhim farmonidan to bugunga qadar ko‘plab pillapoyalarni bosib o‘tdik. Maqsadimiz yoshlar masalasida jarangdor shiorlar bilan emas, bevosita ularning o‘zi bilan ishlash tizimini yaratishdir. Prezidentimizning 2022-yil 19-yanvarda imzolangan “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yagona vertikal tizim yaratildi. Respublikamizdagi har bitta mahallaga tengdoshlarining dard-u tashvishlarini yaxshi biladigan, ularning tilini tushunadigan yosh va intiluvchan kadrlardan saralab olindi. Mahallalarda yetakchilar tomonidan “Yoshlar balansi” asosida aniqlangan ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar muammolari tahlil qilinib, “Yoshlar daftari” tizimi to‘liq qayta ko‘rib chiqildi va Vazirlar Mahkamasining alohida qarori qabul qilindi. Shu asosda “Yoshlar daftari”ga kiritiladiganlar yoshi 14–30 yosh etib belgilanib, ularning ijtimoiy toifalari 4 tadan 20 taga, yordam turlari esa 11 tadan 25 taga oshirildi. Bugunga qadar “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 173 ming 356 nafar ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlardan 115 ming 857 nafari qo‘llab-quvvatlanib, shu maqsadda “Yoshlar daftari” jamg‘armalari hisobidan 146,5 milliard so‘m ajratildi. Tizimni raqamlashtirish, yoshlarga berilayotgan imtiyozlarning shaffofligini ta’minlash uchun “yoshlardaftari.uz” yagona elektron platformasi ishga tushirilib, “Yoshlar daftari”ni yuritish to‘liq elektronlashtirildi.

Shu bilan birga, mahallalarda yoshlar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar, muammo hamda masalalar yechimi yuzasidan hukumatning alohida qarori bilan “2022–2023-yillarda O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish dasturi” qabul qilindi. Yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida joriy yilda har bir mahallada kitobxonlik, madaniyat va san’at, intellektual o‘yinlar, axborot texnologiyalari hamda sport turlari bo‘yicha keng ko‘lamli “Besh tashabbus olimpiadasi” o‘tkazilib, musobaqalarga 6,2 million yosh qamrab olindi. “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi 8 ta yirik tanlov va musobaqa mahalla – sektor – tuman(shahar) – hududiy – respublika bosqichlarida tashkil etildi. Misol uchun, madaniyat va san’at sohasida yosh iste’dodlarni kashf etish, ularni qo‘llab-quvvatlash, katta sahnalarda o‘z san’atini namoyish etishi uchun keng yo‘l ochib berish maqsadida baxshichilik, an’anaviy ijro, opera, estrada yo‘nalishlari bo‘yicha 3 ta yosh toifasida (10–15 yosh, 16–22 yosh, 23–30 yosh) Bo‘zatovda o‘tkazilgan “Yoshlar ovozi” respublika tanlovida 238,4 ming nafar yosh ishtirok etdi. Bu ishtirokchilar soni o‘tgan yilgiga nisbatan 80 barobarga oshganini ko‘rsatadi. “Zakovat” intellektual o‘yini ta’lim muassasalarida 11 mingga yaqin koordinatorlar, mahallalarda 55 mingdan ortiq jamoalar shakllantirilib, 396 ming nafar yoshlarni o‘z atrofiga birlashtirgan intellektual yoshlar harakatiga aylandi. Shu o‘rinda bir narsani alohida aytishim kerak, yoshlar orasida shaxmat sport turiga qiziqish ortib boryapti. Yoshlar ishlari agentligi hamda “Sky Chess” shaxmat maktabi hamkorligida “Black and white” turniri ilk marotaba tashkil etildi. “Markaziy Osiyo yoshlar forumi” doirasida mukofot jamg‘armasi 110 000 000 so‘mlik xalqaro yosh shaxmatchilar turniri o‘tkazildi. Mintaqamizdagi 33 nafar yosh shaxmatchi kuch sinashgan bahslarda yigitlar va qizlar o‘rtasida ham 1-o‘rinlarni o‘zbekistonlik yosh shaxmatchilarimiz qo‘lga kiritdi. Bu yil shaxmat bo‘yicha yutuqlarimiz bisyor. Jumladan 21–29-may kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Sharja shahrida bo‘lib o‘tgan “5th Sharjah Masters International Chess Championship – 2022” xalqaro shaxmat turnirida yosh shaxmatchilar O‘zbekiston sharafini himoya qildi. 31 davlatdan 100 ga yaqin shaxmatchi dona surgan musobaqada 9 imkoniyatdan 7 ochko to‘plagan Nodirbek Abdusattorov chempionlar safidan joy oldi. Yaqinda Maldiv davlatida bo‘lib o‘tgan nufuzli G‘arbiy Osiyo chempionatida ham o‘zbekistonlik shaxmatchilar 2-o‘rinni egalladi. Sovrin jamg‘armasi 880 million so‘mlik “Yoshlar ishlari agentligi kubogi” shaxmat turnirida esa 327 ming 878 nafardan ziyod 4 yoshdan 80 yoshgacha bo‘gan shaxmatchi ishtirok etdi. Bu yil barcha tanlov va musobaqalarimizning sovrin jamg‘armalari sezilarni darajada oshgan. Bu esa yoshlarni mutolaga, sport bilan muntazam shug‘ullanishga, o‘z ustida tinimsiz ishlashga undamoqda. Yoshlar siyosatiga doir xalqaro aloqalarimiz ham jadal rivojlantirilmoqda. Joriy yilning may oyida Toshkent viloyatidagi “Astrum” IT akademiyasida “Markaziy Osiyo yoshlar forumi” o‘tkazildi. Forum tadbirlarida ilm-fan va tadbirkorlik sohalarida faoliyat olib borayotgan 200 nafardan ortiq xorijlik yoshlar ishtirok etib, o‘zaro tajriba almashishdi. 3-4-iyun kunlari Turkiy davlatlar tashkilotining IV Yosh liderlar forumi o‘tkazilib, Buxoro shahri ilk marotaba Birinchi turkiy dunyo yoshlar tashabbuslari poytaxti deb e’lon qilindi. O‘ylaymanki, bu natijalar, qilinayotgan ezgu ishlar ortidan yoshlarimiz qalbida g‘urur, o‘zidan, yurtidan qoniqish hissi shakllanayotgani eng katta yutug‘imizdir.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish