Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“YOSHLAR OVOZI” ARNASOYDA: QIRLARDAN OSHGAN QADAMLAR

10.8.2022 697

Abdulaziz AHMEDOV, Dilnoza ABDUHAMIDOVA Fotolar muallifi: Behruz RAJABOV

“YOSHLAR OVOZI” jamoasi Jizzax viloyati Arnasoy shaharchasi "Bobur" MFY yoshlari bilan birga!

Keng dala. Yantoq va changalzor ichida quyoshda qoraygan, ozg‘in, qo‘y haydab yurgan yigit ko‘rinadi. Bu yur­timizda yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan yoshlardan biri – Toyir Abdulhamidov. U yoshlar ye­takchisi Sherali Mingboyev tashabbusi bilan “Yoshlar daftari”ga kiritilib, 33 mil­lion so‘m kredit olgan.

– Otam veterinar, akam ham shu soha bo‘yicha o‘qigan. Faqat men o‘rta maxsus maʼlumotga egaman. 25 ta qo‘y bilan faoliyatimni boshlaganman. 33 million so‘m kredit olib, faoliyatimni kengaytirdim. Ayni paytda 150 ga yaqin qo‘yim bor. Yillik daromadim o‘rtacha 60-80 million so‘m. Mashina oldik, shu yil oxirigacha uy ham olib, oila qurish ni­yatidaman, deydi Toyir.

Toyir – 26 yosh, hozir abituriyent, Jiz­zax politexnika institutining sirtqi taʼlim yo‘nalishiga hujjat topshirgan. Dala uning boshpanasi, o‘lan to‘shagi. 3-4 kun yoki bir haftada bir uyiga keladi. Vaqti yaylovda o‘tadi. Zeriksa, qo‘shiq kuylaydi, DTM imtihonlariga tayyorla­nadi.

– Muhimi, o‘z Vatanimdaman. Teng­doshlarim necha yillardan beri o‘zga yurtlarda musofirchilikda yuribdi. Ularning yo‘rig‘i boshqa. Men esa ota-onamning yonida, halol mehnat qilib, peshona terim bilan rizqimni topishni xohlayman. Mehnat qilgan odam qayerda bo‘lmasin, nonini topib yeya ola­di, deydi Toyir Abdulhamidov.

Suhbatdoshimizning ota-bobo­si cho‘pon bo‘lgan. Bu sohaga mehri bo‘lakcha. Uning aytishicha, ishiga oz­gina mehr berib, jonivorlarni sidqidildan parvarish qilsa, vaqtida emlab tursa bo‘lgani. Qo‘y barakali bo‘ladi, o‘z-o‘zidan ko‘payib ketaveradi. Har yili uning 60-70 ta qo‘yi bolalashidan ham o‘zingiz xulosa qilavering.

O‘z kasbini yaxshi ko‘rgan, vazifasini chin ko‘ngildan bajargan insonga hamisha omad kulib boqadi, topgan-tutganining barakasi bo‘ladi. Uy yoki mashina olish, yaxshi daromad qilish uchun tadbirkor, nomi dunyoga mash­hur biznesmen, yoxud o‘zga yurtlar­da musofir bo‘lish shart emas. Chekka qishloqning bir burchagida, qir-adirlar­da qo‘y boqib ham daromad qilsa, or­zularini amalga oshirsa bo‘ladi. Ayniqsa, O‘zbekiston sharoitida...

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish