Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

YOSHLAR VA NARXLAR

17.7.2022 343

Maksim GYULAHMEDOV. Chirchiq shahri

Bozorga yo‘l oldim, haqiqatan ham narxlar baland edi. Dastlabki kunlari kartoshka 9000 so‘mgacha, yog‘ 27 000 so‘m, shakar 27 000 so‘m, non 2800 so‘mga chiqdi. Biroz vaqt­dan so‘ng Chirchiq shahridagi deh­qon bozorida “Dehqon yarmarkasi” tashkil etildi. Yarmarkada narxlar biroz arzonroq edi. Kartoshka – 5000 so‘m. O‘simlik yog‘i – 19 000–22 000 so‘m, shakar – 17 000 so‘m. Bozordagi go‘sht narxi 75 000–80 000 so‘mdan, “Dehqon yarmarkasi”da esa 60 000 so‘mdan sotildi.

Men sotuvchilardan narx-navo nima sababdan bunchalar qimmat­ligini so‘rasam, Rossiya va Ukraina o‘rtasida ketayotgan urushni vaj qilib ko‘rsatishdi. Biroq men urush va mamlakatimizdagi narxlarning ko‘tarilishi o‘rtasida bog‘liq biror nima topa olmadim, to‘g‘risi.

Bir necha kundan so‘ng “1000” ishonch raqamiga murojaat bilan chiqib, ikki masalani ilgari surdim. Birinchi masala: kam ta’minlangan oilalarga yordam puli yoki oziq-ovqat mahsulotlari tarqatish. Ikkinchi ma­sala: narxlarni tushirish bo‘ldi.

Ikkinchi murojaatimga Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mi­tasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasidan javob keldi. Qo‘mita bozordagi narxlarni hech qaysi tashkilot nazorat qila ol­maganligi sabab narxlar keskin ko‘tarilganini tan oldi. Ayrim noinsof tadbirkorlar bu fursatdan foydalanib, davlat tomonidan yaratilgan shart-sharoitlar qadriga yetmas­dan temirni qizig‘ida bosib qoldi.

Javob xatda O‘zbekiston Res­publikasining “Birjalar va birja faoli­yati to‘g‘risida”gi qonunga asoslan­gan jumlalarni o‘qib, menda bir taklif paydo bo‘ldi. Ichki iqtisodiy munos­abatlarda birja nima uchun kerak? Birjadan ko‘ra davlat asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxini belgila­sa, savdo rastalari barcha mahal­lalarda tashkil etilsa, balki shunday muammolar tug‘ilmagan bo‘lar edi. Agar davlat, ichki savdo munosa­batlarida birja o‘rniga o‘z fermer va dehqonlaridan mahsulot sotib olib, narxlarni o‘zi belgilab, xaridorlarga yetkazib beradigan bo‘lsa, nur ustiga nur bo‘lar edi, menimcha.

Ha aytgancha, yana bir masa­la ham bor. Ko‘pchilik yoshlarimiz turli sabablarga ko‘ra tekstil, zavod­larda ishlashga majbur. Bunday korxonalarda oylik maosh o‘rtacha 1000000 – 1500000 so‘m. Oylikning ahvoli bu bo‘lib, narx-navoning oyog‘i yerdan uzilgan bo‘lsa, yosh­lar qanday qilib ro‘zg‘orini butlasin? Kiyim oladimi, ovqat oladimi...

Yaqinda tekstilda ishlaydigan bir qiz bilan gaplashib qoldim. “Bizda ish kuni haftada 6 kun, soat 8:00 dan 18:00 gacha. Oyligim yetmayapti. Bo­zorga bir marta borib kelsam bo‘ldi. Qo‘limda bir oy uchun qoladigan pul

400 000 so‘m...” – dedi u.

Barcha ijtimoiy soha, jumladan, tibbiyot, ta’lim, savdo-sotiq bar­chasini davlatning o‘zi nazorat qilsin, shunda bunday vaziyat bo‘lmaydi. Taklif kiritdim. Umid qilamanki, u ino­batga olinadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish