Tong otdi. Har galgidan boshqacharoq tong. Shoshilib yo‘lga chiqdim. Piyodalar yo‘lakchasida odamlar yugurguday bo‘lib ketishyapti.
Avtobuslar to‘xtaydigan bekatga yetib olish uchun ikki qator mashina yurishi uchun mo‘lajallangan “katta” yo‘lni kesib o‘tishim kerak. Shu maqsadda bir talpinib oqimga yetdim. Sezishimcha, oyog‘im yerdan uzildi. Avvaliga yengil ketayotganimdan quvondim. Yo‘lga yetay deb qolganimda hamma harakatim chippakka chiqdi. Talo-to‘pda xo‘rligim kelib ketganidan baqirib yubordim:
— Ey, birodarlar, qayoqqa shoshilasiz?! — odamlar shoshganidan javob berishga ham xafsala qilmaydi. — Endigina quyosh chiqqan bo‘lsa, ishga bemalol ulgurasiz! Biroz to‘xtab turing, oyoq kiyimim tushib qoldi. Topib olay…
Uloqqa intilgan chavondozdek olomonni yorib kirdim. Oyoq kiyimim yaqin atrofda ekan. Qo‘limdagi sumkaning bog‘ichi uzilib ketganini hisobga omaganda, hammasi yaxshi.
Shu tariqa yo‘lga yetdim. Endi eng qiyin va xavfli bosqich oldimda turibdi: keti uzilmay o‘tayotgan mashinalar yo‘lini kesib o‘tish. Aslida, bu chorrahaning to‘rt tarafida ham svetofor bor. Lekin bunday tig‘iz paytda unga kim ham qarab o‘tirardi deysiz!
Mashinalar signali tonggi havoda olis-olisgacha ketyapti. Piyodalar yo‘lakchasi ochilganini bildiruvchi yashil chiroq yondi. Shunday bo‘lsa-da, qiyqirib o‘tayotgan mashinalar karvoni to‘xtagani yo‘q. Bordi-yu yo‘ldan o‘tmoqchi bo‘lsangiz, haydovchilar bolaxonador qilib so‘kib berishlari mumkin. Shuning uchun botinib yo‘lni kesib o‘tadiganlar kam.
G‘ala-g‘ovurning orasidan ovozlar eshitilib turibdi:
— Yashshamagur, piyodalarga yo‘l bersang-chi!
— Biroz to‘xtab turing. Siz mashinada ketyapsiz-ku. Manzilingizga baribir bizdan avvalroq yetib olasiz…
Imkon bo‘ldi deguncha yo‘lni kesib o‘tdim. Avtobusga birinchi bo‘lib chiqish hammaning qo‘lidan kelavermaydi. Odamlarni surib tashlay olsangiz, bu oson. Aks holda… baribir transportga chiqasiz, lekin birinchi bo‘lib emas.
Men bugun ancha ilg‘orlik qildim. Avtobus yo‘lga tushdi. Ichkaridagi g‘ala-g‘ovur quloqni qomatga keltiradi. Ora-chira avtobusdagi ayollarning hozirgina biz kesib o‘tgan yo‘l bo‘yidagi odamlarga qarata aytayotgan retorik gaplari qulog‘imga chalinyapti:
— Hoy, baraka topgurlar, sal shoshmay turishning iloji bormi? Avtobusni o‘tkazvoringlar! Yashil chiroq yonsa yonibdi-da. Sizni deb avtobus to‘xtashi kerakmi?!
— Shu piyodalargayam hech tushunmadim-da. Chiroq yonishi bilan yugurib o‘tmoqchi bo‘lishadi…
Avtobus katta tezlikka chiqdi. Mashinalarni ortda qoldirib ketyapmiz. Haydovchiga: “Haydang, aka, haydang. Gazni bosing! Tezroq yuring”, deyayotganlar ham yo‘q emas.
Qo‘qqisdan avtobusning yo‘liga bir yengil mashina ko‘ndalang bo‘ldi. “Tormoz!”, deb hayqirib yubordi yo‘lovchilar. Haydovchi mohirgina ekan. Ulkan avtobusni taqqa to‘xtatdi. Hamma yo‘lovchilar avtobusning oldingi qismiga “uchib” tushdi. Tala-to‘pning ichida baqir-chaqir boshlandi. Kimningdir oyoq kiyimi tushib qolgan, shlyapasi uchib ketgan, sumkasi qo‘lida emas, yana birov odamlarning ostida qolib ketgan. Qo‘rqqanidan bor ovozi bilan yig‘layotgan bolalar bor.
Shunda chiptachi ayolning ovozi eshitildi:
— Shopir aka, qarang, avtobusning yarmi bo‘m-bo‘sh ekan. Sal to‘xtab, odam olsak bo‘larkan…
— To‘xtashga vaqtimiz yo‘q! — haydovchining zardali ovozi eshitildi.
Avtobus tezlikni yo‘qotmaslik uchun svetoforning qizil chirog‘iga ham to‘xtamay ketyapti.
Bular o‘zi qayoqqa shoshilishadi-ya? “Bas qilinglar!” deb hayqirgim kelyapti-yu, ammo transportda yoshi ulug‘ otaxon-onaxonlar bor. Ularning oldida ovozimni balandlatib, odobsizlik qilmay, deb tishimni tishimga qo‘yib kelyapman.
Tezlik ko‘tarilsa ko‘tarilyaptiki, lekin pasaygani yo‘q. Xayrixohlar ko‘paygani sayin haydovchining “kishti” kelyapti. Burilishlarda mashinaning u yonidan bu yoniga borib kelyapman. Yiqilib tushmaslik uchun tutqichni quchoqlab ketyapman.
Shahardagi eng katta chorrahalardan biriga yetib keldik. Yo‘l tirband. Bu yerda turib qolsangiz, naq yarim soatsiz chiqib ketolmaysiz. Ayniqsa, bizga o‘xshab “shoshib” turgan bo‘lsangiz. Bir yonda tramvay bekati bor. Bekat to‘siq bilan o‘rab qo‘yilgan. Faqat tramvay o‘tishi uchun tor joy qoldirilgan. Onda-sonda bu yerdan kichik mashinalar o‘tib turadi. Bugun kutilmagan voqea bo‘ldi. Avtobusning chambaragi tramvay izi tomonga burildi. Tor bekatga kirib ketyapmiz. Tezlik pasaygani yo‘q. Ko‘zlarim qinidan chiqib ketay dedi. “Nahotki shu yerdan avtobus o‘ta olsa!”
Bexosdan “taq” etgan ovoz eshitildi. Avtobus chayqalib ketdi. Mashinaning o‘ng “qanoti” bekatga urilib ketgan edi. Bu hol hech kimni ajablantirgani yo‘q. Chunki odamlar “shoshib” turishibdi. Bunday paytda mashinaning pachoq bo‘lgani hech kimni qiziqtirmaydi. Haydovchining parvoyi falak. Bundan men ham sal xotirjam tortdim. Endi yuragimda haydovchiga xayrixohlik tuyg‘usi uyg‘ondi. Chayqalishlar, avtobusda “uchib” yurganim esimdan chiqqanday bo‘ldi.
Tezlik o‘sha-o‘sha. Hayqiriqlar ham. Hamon shoshyapmiz. Mashinalar galasini qanday oralab o‘tayotganimiz, ularni ortda qoldirib, g‘izillayotganimiz meni ham o‘ziga maftun etib qo‘ydi. Bozordan chiqib, tezroq uyiga yetib olish istagida turgan odamlar galasiga yetganda bu yerdan ziyonsiz o‘tib olish tashvishi haydovchini ham, yo‘lovchilarni ham o‘ylantirayotgandi. Bu tramvay yo‘li emas axir! Shunday vaziyatda tilim qanday kalimagan kelganini o‘zim ham bilmay qoldim:
— Haydang!!! Gazga bosing! Tezroq!
Hayqirig‘imdan avtobusga jon kirib, yo‘lovchilar yana baqira boshladi. Haydovchi gazni dadil bosdi. Bekatda turganlarni chang-tuzonda qoldirib o‘tib ketdik…
(O‘sha kuni ishxonamga har doimgidan naq yarim soat vaqtli yetib keldim).
H.ABDULLAYEV
2009.