Dunyoda kasblar ko‘p. Ammo ular ichra eng ulug‘i o‘qituvchilikdir. Zero, har bir kasb egasi muallim qo‘lida o‘z yo‘lini topadi. Inson yo‘qki, ustoz-muallim sabog‘isiz kamolga yetgan bo‘lsa!
Ma’rifatparvar alloma Abdulla Avloniy aytganidek, «Har bir muallimning saodati, davlatimizning tinchi va rohati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bog‘liqdir». Darhaqiqat, biz yosh avlodni ma’nan yetuk, tafakkur olami keng va bilimli insonlar etib tarbiyalayotgan o‘qituvchi-murabbiylar timsolida ertangi kunimizning porloq kelajagini, jonajon Vatanimiz taraqqiyoti uchun sidqidildan xizmat qiluvchi o‘g‘il-qizlarimiz baxtini ko‘ramiz.
Yuragi g‘ayrat-shijoatga to‘la, yoshlar tarbiyasidek mas’uliyatli vazifani o‘z zimmasiga olgan mehridaryo ustoz-murabbiylarimiz doimo e’zozda.
Jamiyatning buguni va kelajagi, uning madaniy-ma’rifiy va ma’naviy salohiyati ta’lim tizimining qay darajada rivojlanganligi bilan belgilanadi. Ta’lim-tarbiya tizimidagi islohotlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan o‘qituvchi va murabbiylarga bog‘liq.
Ustoz va murabbiylar jamiyat binosining binokorlari, ma’rifat bog‘ining bog‘bonlaridir. Ular hayot bo‘stonidagi niholning baquvvat daraxtga aylanishi uchun beqiyos mehnat qiladi. Shuning uchun ham uning shogird ustidagi haqqi benihoya katta va ulug‘dir. Ustoz shogirdini o‘z farzandidek ko‘radi.
Muhtaram Prezidentimiz ustozlar sha’niga to‘xtalar ekan, «Biz bugun zamonaviy bilim va kasb-hunarlar, xorijiy tillarni puxta egallab, katta umid va ishonch bilan hayotga qadam qo‘yayotgan, ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan ming-minglab farzandlarimiz kamolida o‘qituvchi va murabbiylarimizning beqiyos hissasi borligini yaxshi bilamiz va sizlarning bu ulug‘ xizmatingizni yuksak qadrlaymiz», deya alohida ta’kidlagan edi.
Xalqimizda «Ustoz otangdek ulug‘» degan hikmatli naql bejiz aytilamagan. Zero, bugungi kunning yoshlari aziz ustozlarimizni ardoqlab, ularning o‘gitlaridan, hayotiy tajribalaridan va hikmatli so‘zlaridan o‘rnak olsa, kelgusida jonajon Vatanimizga munosib yosh kadrlar bo‘lib yetishishiga ishonsa bo‘ladi.

Farhodjon XOJAYeV,
O‘zbekiston Respublikasi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi
Akademiyasi o‘qituvchisi, kapitan