Orzu. Har bir inson orzu qilib yashaydi. Ular amalga oshishi uchun nima qilish kerak? Ota-onang yoningda bo‘lsa, tilaklaring ro‘yobga chiqishida yordam beradi. Lekin hayotda ota-onasidan ajralgan bolalar qancha! Xo‘sh, ularning orzulari ijobatiga kim yordam beradi? Kim ularni o‘z himoyasiga oladi?
Men faxr bilan ayta olaman: ularni mehribon davlatimiz, Prezidentimiz hech qachon yolg‘izlatib qo‘ymaydi! Ortimizda barchamizni qo‘llab-quvvatlaydigan O‘zbekiston xalqi bor! Biz hech kimdan kam emasmiz va kam bo‘lmaymiz. Tomirimizda buyuk insonlar qoni oqmoqda. Amir Temurdek mard sarkarda, Alisher Navoiydek alloma, To‘marisdek jasur va Zulfiyaxonimdek tongni kuylovchi qiz-o‘g‘illar hali ham bor. Biz buyuk bobokalonlarimiz nasli davomchilarimiz.
Men 2010-yildan Mehribonlik uyida ta’lim-tarbiya olib kelmoqdaman. Bilasizmi? Bu yerdagi bolalar hammasi bir dunyo. Turlicha fikrlaydi, turlicha orzu qiladi. Bir kuni men kichik uka-singillarimdan kelajakdagi orzularini rasmda tasvirlashini so‘radim. Shunda 7 yashar bola raketa, mashina, quyosh va bayrog‘imiz rasmini chizib, kelajakda askar bo‘lib, yurtimizni himoya qilishini aytdi. 6 yashar qizcha onasini yomon ko‘rishini, uning yoniga umumam qaytib bormasligini aytdi. 5 yashar qiz esa, gullar, daraxtlarni yaxshi ko‘rishini, onasini qattiq sog‘inganini, toza havoda ota-onasi bilan ovqatlanib o‘tirgan rasmini aytib berdi.
To‘g‘ri, ular hali kichkina, lekin hayotning qiyinchiliklariga qaramay orzu qilishda davom etmoqda. Ular hayotga o‘z nigohi bilan qaraydi. Boshimizga nelar tushsa ham, biz orzu qilishda davom etmoqdamiz. Ular mehrga zor deb o‘ylamang! Yo‘q, chunki bizning kelajagimizni har kuni bizlardanda ko‘p o‘ylaydigan Prezident otamiz, mehribon onamiz, tarbiyachi-ustozlarimiz bor. Bizning ota-onamiz ham, qayg‘u-quvonchimizni ko‘radigan ham ular!
Men dastaval hamma to‘garaklar ichida raqs to‘garagini tanlaganman. Butun zalni egallaganimi, guruh bo‘lib o‘ynaganimi, bilmadim, menga raqs juda ham yoqdi. Utozim o‘rgatgan har bir harakatni diqqat bilan o‘rgandim. Tadbirlarda, adabiy kechalarda yakka raqslar ijro etdim. Mening bu iste’dodimni sezgan Mehribonlik uyi direktori — onamiz, har doim o‘z ustimda ishlashimni, keajakda katta marraga yetishimni, aytdi va his qildi.
Bir kuni hamma o‘rtoqlarim bilan televizor ko‘rib o‘tirganimizda, xabardan Zulfiyaxonim qizlarini ko‘rsatdi. Shunda hayotda eng birinchi bor chin ko‘ngildan orzu qildim. Men katta bo‘lsam, Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘laman, dedim! Buning uchun ko‘p mehnat qilishim kerak edi. O‘z ustimda ishlashda davom etdim, hozir ham tinib-tinchimay izlanmoqdaman.
Nima sababdan buni orzu qildim, bilasizmi? Chunki menda maqsad bor edi. Maqsadim Mehribonlik uylari orasidagi va tumanimizdagi eng birinchi Zulfiyaxonim qizi bo‘lish. Bu mukofot tanlovida uch marotaba qatnashdim. Birinchi bor qatnashganimda 9-sinf edim. “Qiz nazi” nomli raqsimni ijro etdim, lekin omad menga kulib boqmadi. Aslo, yig‘lamadim, tushkunlikka tushmadim, aksincha, yana intildim. Ikkinchi bor ishtirok etganimda 10-sinf edim va yana g‘oliblik menga nasib etmadi. O‘z ustimda yanada ishlashim kerak, dedim. 11-sinfligimda uchinchi marta qatnashdim, ammo yana “yiqildim”. Shunda men tushkunlikka tushdim. Qattiq yig‘ladim, hali yosh bo‘lsam-da, orzulardan charchadim, ular ro‘yobga chiqishiga ishonmay qo‘ydim.
Lekin hayot menga kutilmagan sovg‘a tortiq etdi. Men Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi o‘quvchi-qizlar o‘ratasida eng birinchi bo‘lib “U`MIT U`SHQI`NI” nomli ko‘krak-nishoni bilan taqdirlandim. Hayotimda shunday o‘zgarishlar sodir bo‘ldiki, o‘zim ham ishonmasdim. Men tushkunlikka berilgan paytimda onamiz: “Men hech qachon mukofot uchun yugurmadim. Ular meni o‘zlari topib oldi”, deb aytgan edi. Tarbiyachi-ustozlarim esa: “Hayot hali davom etmoqda, sen orzu qilishdan aslo charchama va orzu qilishda davom et”, dedi. Do‘stlarim esa men bilan birga yig‘lab: “O‘rningdan tur, biz kuchlimiz, orzularimizga albatta erishamiz”, dedi. Men keyin hammasini batafsil o‘ylab ko‘rdim. Hammasi onam aytganidek bo‘ldi.
Men bunday ko‘rak-nishon borligini bilmas edim, lekin unga sazovor bo‘ldim. Yana men 11-sinfni a’lo bahoga bitirganim uchun “Oltin medal” bilan taqdirlandim. Onam va ustozlarim aytdiki: “Sening harakating va izlanishlaring mevasi bu. Eng muhimi, sen bizning Mehribonlik uyimiz tarixida eng birinchi “Oltin medal” sohibasisan”. Bu meni juda ruhlantirdi. Tarbiyachi-ustozlarim aytganidek “Hayot hali davom etmoqda”. “Yiqilgan kurashga to‘ymas”, deganidek men hali to‘xtamayman. Orzum, maqsadimga, albatta, erishaman! Orzularim armon bo‘lib qolishiga aslo yo‘l qo‘ymayman. Bir nimani orzu qildingizmi, shunchaki orzu qilmang, uni maqsadga aylantiring. Angladimki, faqat orzuning o‘zi kifoya qilmaydi, unga erishish uchun orzuni maqsadga aylantirish shart!
Maqsad sari dadil qadam tashlayotganingizda hayot sizga KUTILMAGAN SOVG‘ALAR in’om etadi. Bu qo‘shimcha kuch beradi. Har doim harakatda bo‘lish uchun o‘zingiz-o‘zingizga kuch bering, kitoblar o‘qing, mashhur insonlar tarixi bilan qiziqing. Ularni maqsadiga yetishish uchun qanday kurashgani haqida bilib oling.
Men tushkunlikka berilganimda har doim o‘zimni-o‘zim tinchlandirib, mashhur insonlar hayotini ko‘z oldimga keltiraman. Masalan, Albert Eynshteyn. U nafaqat buyuk fizik, balki o`z davrining eng dono odamlardan biri! U aytadi: “Mening hech qanday maxsus iste’dodim yo‘q. Men shunchaki, juda qiziquvchanman”; “Hech qachon xato qilmagan inson, yangi narsani umumam ta’tib ko‘rmaydi”; “Tasavvur — bu hamma narsa. Bu hayotdagi bo‘lajak voqealarni ko‘rib chiqishdir. Tasavvur bilimdan ham muhimdir”. Jon Rokfeller bo‘lsa, 100 yil yashashni va 100 ming dollar pul ishlashni orzu qilgan. U 97 yil umr ko‘rdi va 318 milliard dollar pul ishlab topgan. Tomas Edison lampani ixtiro qilguncha 1000 marta xato qilgan.
Hozir mening orzularim kichik bo‘lishi mumkin, lekin katta orzularimni hali hech kim bilmaydi. Men orzu qilishda davom etaman, faqat orzuni maqsadga aylantiraman. Siz ham yengildingizmi, o‘rningizdan darhol turing va orzungizni maqsadga aylantiring. Ular shunchaki xayolingizdagi orzu bo‘lib qolmasin. Bu qo‘lingizdan keladi.
Har tong oldimizda ikki yo‘l turadi: birinchisi, uyg‘onib, orzularni amalga oshirish; ikkinchisi, uxlashda davom etib, orzularni tushda ko‘rish. Ozingiz tanlang! Hayot davom etar ekan, hali ko‘p yiqilamiz, afsuslanamiz, lekin taslim bo‘lmaymiz. Kichik orzulardan katta orzularni maqsadga aylantirib, katta MARRAGA erishib, BUYUK degan nomni olamiz.
Hech qachon taslim bo‘lmang! Omadsiz urunishlardan cho‘chimang!
Jek MA Harvard bilim yurtiga 11 marta hujjat topshirgan va rad javobini olgan. J.K.Rouling “Harri Poter” asariga 12 marta rad javobini olgan. Ular taslim bo‘lmadi. Bunga qanday erishgan? Sabr, iroda ertangi kunga ishonch, eng muhimi hech qachon taslim bo‘lmagan. Orqaga emas, oldinga dadil qadam bosgan.
Agar siz orzungizni maqsadga aylantirib, harakatda bo‘lsangiz, tabriklayman, siz katta natijalarga erishasiz. Agar siz haligacha orzu qilishdan charchab, maqsad qo‘yishni o‘rganmagan bo‘lsangiz, unda siz tez taslim bo‘ldingiz, yiqildingiz. Siz o‘rningizdan turing. Orzungizdan vos kechmang. Siz tushkunlikka tushgan bo‘lsangiz, demak Marraga oz qoldi! Faqat va faqat ishonchingizni yanada mustahkamlang va orzu qilishdan charchamang – maqsad qo‘yishni o‘rganing!

Ra’no KARAMOVA,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanidagi 1-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi