Huv ana, olisdan ko‘prik qurayotganlarga ko‘zim tushadi. “Qanchalar savob olishayotganini bilisharmikin, axir bu ko‘prik necha minglab odamlarning uzog‘ini yaqin qiladi. Nafaqat, yo‘llarni, dillarni ham bog‘laydi. Bu ko‘prikdan kimdir shoshib yo‘qlov uchun, ko‘ngil ovi uchun o‘tadi, savob ikki hissa bo‘ladi shunda. Kimdir dard tutayotgan, ikki yo‘l o‘rtasida bo‘lgan xotinini olib o‘tadi, farzand kutib… Yana kimdir musofirlik kunlariga yakun yasab, ota-onasi yoniga intiqib, diydorga to‘ymoq uchun o‘tadi.
Kimdir to‘yga… kimdir uyga, ishga, o‘qishga… ma’rakaga o‘tadi. … o‘tadilar. Hayot chig‘irig‘i aylanaveradi. Yo‘lovchilarning qadamiga yelka tutib ko‘prik o‘z vazifasini bajaraveradi. Ko‘prik-ku, vazifasini bajaradi, biz uning vazifasini bajarishi uchun yelka tuta olamizmi? G‘imir-g‘imir chumoli kabi mehnat qilayotgan odamlarning ishiga nafs ilinjida o‘g‘ri qo‘l oralamasmikin. Rahmat, la’natga aylanmasin”, degan xayollar ichida qolaman. Nafs, sen juda xavfli yovsan, sendan qo‘rqaman. Ustun kelgan chog‘ingda, kelajak yo‘llariga tikan bosasan.
Aslo, yo‘llarni, dillarni bog‘lovchi ko‘priklar omonat bo‘lmasin.

***
— Qandaysan-ey, bormisan? Seniyam ko‘radigan kun bor ekan-ku?..
Yillar o‘z ta’sirini ko‘rsatibdi. Mana, yuzlarga ajin tushgan. Sochlar, qoshlar siyraklashgan. Qo‘llar mehnatdan qotgan, yoshlikdagi kabi yumshoq, mayin emas. Kiyilgan kiyim ham yelkada turmaydi. Qaddi bast hayot kechmishlari bilan ro‘baru kelgan chog‘da yon bergan joylari bor. O‘tgan 45 yil ichida nimalarni topdik, nimalarni yo‘qotdik. Bizni yillar, yo‘llar ulg‘aytirgani rost.
Bir paytlar oq fartukning ikki yonini g‘ijimlab, ko‘zlarimiz porlab tadbirlarda she’rxonlik qilganmiz. Sinfxonada bir-birimizga gal bermay, kechagi “uyga vazifa”ni takrorlardik. O‘qiganimizni isbotlash uchun. Doskaga chiqqan sinfdoshimizga hech kim yordam bermasdi, biz buni do‘stning ishi emas derdik. Erta katta hayot doskasida “bilag‘on” bo‘lishi uchun shunday qilardik, o‘shanda aytib turadigan topilmasa, qiynalmasin derdik-da.
Ha, esladim… Muallima opamizning tobi qochib, ishga kelmagan kuni sinf bolalarini safga tizib, 10 tiyinga pechene, 5 tiyinga korjik olib borganmiz. Sen o‘shanda ham sinfboshi eding. “Kasalko‘rdi”ni tashkillashtirganing yodimda. Bilaman, hayotda ham hamisha shunday yetakchi bo‘lib kelyapsan. Bu sening qoningda bor-da. Ortingdan ergashtirishni bilasan. Qarab tursam, yo‘q, sen umuman o‘zgarmagansan. Tashqi ko‘rinish aldaydi. Yelkalar tushgan bo‘lsa bordir, yuzga ajin oralab, sochlar oqargan bo‘lsa nima! Hayot izmi bu. Sening qalbing o‘sha-o‘sha. Beg‘ubor, pokiza va qadrdon. Dugonam!
— Eyy, eslagin, momolarimiz qirqdan oshgach, bir-birlarini “jonshirinim” deb chiqarishgan. Esingdan chiqmasin, endi, biz ham jonshirinmiz. Boyadan beri faqat men gapiryapman, senam biron narsa degin. Faqat televizordan gapirib yotasaney…
Tilimning tugunini sog‘inch tugib qo‘ydimi deyman. Paxsa devor ustida zardoli terayotib, kechga qadar qilgan gurunglarimizning o‘sha qaynoq shavqi ichidaman men hali…

Ziyoda AMINOVA,
jurnalist