So‘nggi yillarda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, sportning har xil turlarini, shu jumladan regbini yanada ommalashtirish, sport bilan shug‘ullanish uchun qulay shart-sharoitlar va infratuzilma yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Hozirgi vaqtda regbi respublikamizda jadal rivojlanayotgan sport turlaridan biridir. O‘zbekiston regbi federatsiyasi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etildi hamda faoliyat ko‘rsatmoqda, regbi bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi nufuzli xalqaro musobaqalarda («Asian Olympic Pre-Qualifier», «Asian 7’s») faol ishtirok etib, sharafli o‘rinlarni egallab kelmoqda. Ushbu jamoa Osiyo mintaqasidagi davlatlar orasida kuchli sakkizlikka kiradi.
Shu bilan birga, moddiy-texnik baza va infratuzilmaning yetarli emasligi, regbi bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning uyg‘un tizimi yaratilmaganligi sohaning yanada rivojlanishiga hamda O‘zbekiston milliy terma jamoasining nufuzli xalqaro musobaqalarda munosib ishtirokini ta’minlashga to‘sqinlik qilmoqda. Regbini yanada rivojlantirish, uni respublika aholisining keng qatlamlari o‘rtasida faol targ‘ib qilish va ommalashtirish, yuqori sifatli o‘quv-mashq jarayonini ta’minlash, regbichilar, trenerlar va hakamlarning mahorat darajasi va malakasini doimiy oshirib borish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, regbichi-sportchilarni tayyorlash uchun moddiy-texnik bazani mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-oktyabrdagi PQ–4500-sonli «O‘zbekiston Respublikasida regbi sport turini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori imzolangan bo‘lib, unda iqtidorli sportchi yoshlarni tanlab olish (seleksiya ishlari) faoliyatining samaradorligini oshirish va regbi bo‘yicha o‘quv-mashq jarayonini sifatli tashkil etish, regbini ommalashtirish, yoshlarni sport klublari, seksiyalar va to‘garaklarga faol jalb qilish, ulardan keng foydalanish imkoniyatini ta’minlash, trenerlar, hakamlar va regbi bo‘yicha boshqa mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, regbi bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining nufuzli xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi uchun uning sifatli va samarali tayyorgarligini ta’minlash, xalqaro musobaqalarning g‘oliblari va sovrindorlarini rag‘batlantirish, shuningdek, trenerlar, hakamlar va regbi bo‘yicha boshqa mutaxassislarni ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, regbining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va infratuzilmasini takomillashtirish belgilab berilgan.
Aytish joizki, ushbu sport turi yurtimizga kirib kelganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Ayni paytda regbini yurtimizda ommalashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar qilinmoqda. Biroq, Prezident qarori bilan mamlakatimizda regbi sportini rivojlantirishning huquqiy asosi yaratib qo‘yilgan bo‘lsada, amalda bajarilayotgan ishlarni qoniqarli, deb bo‘lmaydi.
Shu ma’noda Davlat rahbarining Farmoni ijrosini birinchilardan bo‘lib ta’minlashga kirishgan O‘zMU rektori Avazjon Marahimov tomonidan olib borilgan sa’y xarakatlar natijasida 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab O‘zMU ning Taekvondo va sport faoliyati fakultetida regbi bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga 45 nafar talaba qabul qilindi.
Olib borilgan ishlarni yanada kuchaytirish va tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida, shuningdek, universitet hayotidagi boshlanayotgan yangi tarixiy qadamga rasmiy maqom berish uchun O‘zbekiston Milliy universitetiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Regbi federatsiyasi Prezidenti Sodiq Safoyev, O‘zbekiston Regbi federatsiyasi bosh kotibi Qaxramon Jalilov, O‘zbekiston Regbi terma jamoasi bosh murabbiysi Danil Kulikovlar tashrif buyurishdi.

Mehmonlarni universitet rahbariyati bilan birgalikda fakultetlarda bugun tahsil olayotgan talabalarimiz: sport turlari bo‘yicha 11 nafar jahon chempionlari, 100 ga yaqin Osiyo va Xalqaro musobaqalar g‘oliblari kutib olishdi. Chinakam sport bayramiga aylanib ketgan, qariyb ikki soat davom etgan “Yoshlar va sport” nomli ochiq muloqoti ham qizg‘in bahs-munozara, taklif va mulohazalarga boy bo‘ldi.
Tadbir yakunida talaba-yoshlar davrasida mamlakatimizdagi ommaviy sport targ‘ibotchisi O‘zMU rektori, professor Avazjon Marahimov va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Regbi federatsiyasi Prezidenti Sodiq Safoyevlar o‘rtasida mamlakatimizda ayollar Regbisini rivojlantirish, respublikamizning olis chekka-chekka hududlaridagi xotin-qizlar orasidan sportga iqtidori va qiziqishi borlarini topish, tarbiyalash va kelajakda O‘zbekiston nomidan Jahon chempionatlari, Olimpida o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risidagi hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ravshan OMONOV,
O‘zMU Axborot xizmati