Jahonda ma’naviy tahdidlar avj olgan ayni paytda, ko‘ngilni asrashning birdan-bir yo‘li – SO‘Z sehri. Qalbga yo‘l solishda bundan samaraliroq, ayni damda bundan mashaqqatliroq safar yo‘q.
O‘zbekiston Milliy universitetida shu kunga qadar millatimiz mayoqlari bo‘lmish “O‘zbekiston Qaxramonlari” muzeyi, Chingiz Aytmatov ilmiy-ma’rifiy ekspozitsiyasi qad rostlagan va faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Bugun universitet hayotida yana bir adabiyot bayrami boshlandi. Gap shundaki, O‘zMU Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Kamoliddin Mirzaaxmedov va O‘zMU rektori ilmiy-adabiy maslaxatchisi, professor Xamidulla Boltaboyevlarning sa’y-xarakatlari bilan Jurnalistika fakulteti tomonidan O‘zbekiston Qahramoni, xalqimizning suyukli shoiri Erkin Vohidov tavalludining 84 yilligi munosabati bilan oliygohimizda “Erkin Vohidov ilmiy-ma’rifiy markazi” ochilish marosimi va “Erkin Vohidov ijodida inson va hayot falsafasi” mavzuidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi shuningdek, “Erkin Vohidov izdoshlari” va “Samarqand kechasi” kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Milliy universiteti professor-o‘qituvchilari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, taniqli adabiyotshunos-olimlar, jurnalistlar, jamoatchilikning faol vakillari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

– Shoir tabiati hech kimlarnikiga o‘xshamaydi, – deydi anjuman ishtirokchisi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, O‘zRFA akademigi Akmal Saidov. – Oddiy odamlar ilg‘amaydigan, nozik va sirli go‘zalliklarni kashf qiladi. El suygan shoir Erkin Vohidov ijodi she’riyat ixlosmandlari uchun favqulodda yangilik bo‘lib yaraldi. Uning yoshlik damlari yozgan she’rlarida ham o‘ziga xos falsafa bor. Shu jihatdan bugun yoshlar ijodiga nazar solsak, aksar hollarda Vatan haqida bejirim tashbehlarning guvohi bo‘lamiz. Biroq hali ular ichida “O‘zbegim”chalik asil jarangni eshitganimizcha yo‘q. Holbuki, bu qasida O‘zbekistonni Vatanim deyish, Amir Temurni ajdod deyish taqiqlangan bir zamonda yaralgan. O‘sha davr mezoni bilan o‘lchanganda, uquvli kitobxon qalbida tasavvurga sig‘mas darajada to‘fon hosil qilgan. Mana bunday ijodni yozib qo‘yish uchun otning kallasidek yurak, mardlik, jasorat kerak. Bugungi tadbir shu nuqtai nazardan yoshlar uchun, umuman ishtirokchilar uchun fikr-mulohaza almashishga zo‘r imkon bo‘ldi.
Oflayn va onlayn (ZOOM platformasi orqali) ko‘rinishda o‘tkazilgan “Erkin Vohidov ijodida inson va hayot falsafasi” mavzuidagi ilmiy-amaliy konferensiyada Milliy va Xorijiy mutaxassis-ekspertlarning “Erkin Vohidov hayoti va ijodi” (O‘zbekiston San’at arbobi Ibrohim Gʻafurov), “Ko‘ngillarga ko‘chgan she’riyat” (O‘zbekiston Fan arbobi Umarali Normatov), “Erkin Vohidov ijodining Turkiyada o‘rganilishi” (Gʻozi universiteti (Turkiya) professori Veli Savash Elok), “Abdurauf Fitratdan Erkin Vohidovga adabiy asarda siyosiy majoz: “Ruhlar isyoni” dostoni va “Arslon o‘rgatuvchi” she’ri asosida” (Michigan universiteti (AQSH) professori Temur Ko‘ja o‘g‘li), “O‘zbekning qalb daftari” (O‘zMU professori Hamidulla Boltaboyev), “Erkin Vohidov ijodida inson falsafasi” (O‘zDJTU professori Narzulla Jo‘rayev), “Erkin Vohidov va Ozarbayjon” (Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasi bo‘lim mudiri Binnatova Almaz Ulvi), “Erkin Vohidov ijodida hayot falsafasi” (O‘zMU professori Nigina Shermuhamedova), “Erkin Vohidov ijodida ijtimoiy ohanglar” (O‘zMU professori Qozoqboy Yo‘ldoshev), “Erkin Vohidov she’riyatida milliy ruhiyat tasviri” (TDO‘TAU professori Nurboy Jabborov) “Erkin Vohidov ijodida mumtoz adabiyot an’analari” (O‘zMU dosenti To‘lqin Eshbekov) kabi ma’ruzalar tinglandi.
– Erkin Vohidov ijodi o‘quvchilariga zamonaviy hayotning chuqur ma’naviy va axloqiy jarayonlarini tushuntirishga qaratilgani bilan ham g‘oyat ahamiyatlidir – deydi O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, professor Xurshid Do‘stmuxammad – Shoirning qaysi she’rini o‘qimang, o‘ziga xos falsafa bor. Masalan, “Minora” o‘tmish xotirasini saqlab qolishga chaqirsa, “Sharq afsonasi” hayot mazmuni to‘g‘risida bizga saboq beradi. “Shoir yuragi”, “Yo‘qotilgan she’r” kabi namunalar shoirga uning fuqarolik burchini eslatib turadi. Qolaversa, shoir ijodini bugungi yoshlar uchun bitmas-tuganmas xazina deyish mumkin. Shoir she’rlari o‘ziga xos falsafasidan tashqari, lug‘at boyligi, latifligi bilan ham o‘ziga rom etadi. Shu ma’noda bugungi tadbirni latif so‘z majlisi desak yanglishmaymiz. Olimlar tomonidan ilmiy konferensiyada aytilgan, keltirilgan fikr-mulohazalardan ko‘rinib turibdiki, shoir o‘rganishga, izlanishga arzigulik ulkan meros qoldirgan.
Darhaqiqat, taniqli olimlardan biri shoir ijodini, xususan, “So‘z latofati”ni e’tirof etib shunday degandi: “Turkiy tillar Mahmud Qoshg‘ariy, Navoiylardan keyin egasiz qolgan edi go‘yo. Bu loqaydlik ham Turkistonda, ham Turkiyada yuz yillar davomida qora bulut kabi boshimiz uzra aylanib turdi. Qora bulutni tarqatib yuboradigan Qoshg‘ariy yoki Navoiydek kuchli shamolga ehtiyoj sezilardiyu, lekin hech esmayotgan edi. Ustozning maqolasi (“So‘z – zabarjad, so‘z – gavhar, oltin”) mana shu shabbodaning O‘zbekiston tuproqlarida yangidan jonlanganidan darak bergandek bo‘ldi”.
Tadbirda ishtirokchilar Erkin Vohidov shaxsini nafaqat shoir-ijodkor, balki jamoat arbobi, yurt ravnaqi va istiqboliga kamarbasta inson sifatida ham qayta kashf etishdi.

Ravshan OMONOV,
O‘zMU Jurnalistika fakulteti
Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha
dekan o‘rinbosari