Maktablar, ilm maskanlari rivojlansa, qolgan barcha sohalar gullab-yashnaydi. Bugungi kunda yurtimizda ta’lim yo‘nalishida keng ko‘lamli amaliy ishlar qilinmoqda. Jumladan, ko‘plab rivojlangan davlatlarda o‘z samarasini berayotgan kredit-modul tizimini oliy ta’lim muassasalarimizda joriy ertishga kirishilmoqda.
Kredit-modul tizimi — bu o‘qitishning modul texnologiyalari jamlanmasi va kredit o‘lchovi asosida baholash modeli hisoblanadi. Uni bir butunlikda olib borish serqirra hamda murakkab tizimli jarayondir. Kredit-modul tamoyilida ikkita asosiy masalaga ahamiyat beriladi: talabalarning mustaqil ishlashini ta’minlash va bilimini reyting asosida baholash. Bunda: modul — bir nechta fan hamda kurslar o‘rganiladigan o‘quv rejasining bir qismi; kredit — talabaning alohida ta’lim yo‘nalishi yoki dasturi bo‘yicha fanlarni o‘zlashtirishi uchun sarflangan vaqti.
O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida kamida 10 ta oliy ta’lim muassasasini xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytingining kuchli mingtaligiga kiritish ko‘zda tutilgan. Bu maqsadga erishish uchun xalqaro ta’lim standartlariga javob beruvchi o‘qitish ta’lim tizimini joriy etish zarur. Shu bois, joriy o‘quv yilidan yurtimiz oliy ta’lim muassasalarida bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga o‘tilmoqda. Konsepsiyaga ko‘ra, 2030- yilga qadar respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalarining 85 foizi, 2020-2021-yilning o‘zida 33 ta oliy ta’lim dargohi mazkur tizimga o‘tkaziladi.
Yangi tizim qator oliy ta’lim muassasalarida sinov tariqasida joriy qilinmoqda. Ulardan biri — O‘zbekiston Milliy universiteti. Bu dargohda 21 ming nafardan ziyod talaba tahsil oladi. Ma’lum qilinishicha, 2021-2022-o‘quv yilida universitet to‘liq kredit-modul tizimiga o‘tadi.
Shu orqali o‘qitish sifatini oshirish, shaffoflikni ta’minlash, ta’lim oluvchining haqiqiy bilimini yuzaga chiqarish hamda talabaning mustaqil o‘qib-o‘rganishi, o‘z ustida ishlashiga zamin yaratilishi belgilangan. Eng katta urg‘u talabaning mustaqil ta’lim olishiga qaratiladi.
— Mazkur tizimning afzallik jihatlari ko‘p, — deydi O‘zbekiston Milliy universiteti kredit-modul va masofaviy ta’lim bo‘limi boshlig‘i Sarvar G‘iyosov. —Eng avvalo, talaba tanlov fanlar va professor-o‘qituvchilarni tanlash huquqiga ega bo‘ladi. An’anaviy ta’limdan farqli o‘laroq, mustaqil ta’limga ko‘proq e’tibor qaratiladi. Fanlarni o‘zlashtirib, qayta imtihon topshirish uchun bakalavrga qabul qilingan talabaga 8 yilgacha, magistratura bosqichida 4 yilgacha muddat beriladi.
Kredit-modul tizimini yo‘lga qo‘yishda axborot texnologiyalari muhim o‘rin tutadi. Shu bois, universitetda “Veb saboq” nomli internet platformasi ishlab chiqilgan bo‘lib, bu yerda talaba turli fanlarni va professor-o‘qituvchilarni tanlashi mumkin. Shuningdek, turli darsliklardan foydalanish, o‘z baholarini kuzatib borish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi. Yana bir jihat, talaba muayyan fan bo‘yicha ta’lim muassasasining shartnomasiga qarab boshqa universitet yoki institutda ham dars tinglash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
O‘zMU 2025-yilgacha xalqaro miqyosda tan olingan “Top-1000 talik”, 2028-yilgacha “Top-500 talik” universitetlar ro‘yxatiga kirishni maqsad qilgan.

Xurshida AHMADJONOVA