Har bir yoshning jamiyatda munosib o‘rin topishi uchun ularni qo‘llab-quvvatlash hamda zarur sharoit yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Prezidentimiz yoshlar forumida “Har bir tadbirkor — yoshlarga madatkor” tashabbusini amalga oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berdi. Mazkur loyiha yoshlarning biznes va tadbirkorlik sohasidagi bilim, tajribasini shakllantirish hamda bandligini ta’minlashga qaratilgan. Oradan 1 oy ham o‘tmay mazkur yo‘nalishda amaliy ishlar boshlab yuborildi.
Ayni paytda “Har bir tadbirkor — yoshlarga madatkor” tamoyili asosida har bir tadbirkorga bir nafardan ishsiz yoshni biriktirish ishlari boshlandi. Bu yo‘ldagi dastlabki qadam sifatida yoshlarni kasbga yo‘naltiruvchi o‘quv seminarlari tashkil etildi. Toshkent viloyatining Zangota tumanida tashkil etilgan o‘quv kursida yoshlar daftariga kiritilgan zangotalik yoshlar tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgandi.
— Toshkent viloyatida ayni paytda Zangota tumani va Chirchiq shahri namuna sifatida olingan, — deydi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Akbarov. — Zangota tumanida tadbirkorlikka qiziqish bildirgan yoshlarimiz malakali o‘qituvchilar hamda sohada yutuqqa erishgan tadbirkorlarimiz ishtirokida o‘quv kurslarini tamomladi. Mazkur o‘quv kursini tamomlagan 20 nafar yoshlarga imtiyozli kredit olish uchun sertifikat topshirildi. Sertifikat asosida yoshlarimiz “Mikrokreditbank”ning viloyatdagi filialidan imtiyozli kredit olishi mumkin. Bundan tashqari, yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun Savdo-sanoat palatasi tomonidan biznes rejalar tayyorlab beriladi. Bu yo‘l bilan biz yoshlarni tadbirkorlik sohasida qoqilmay davom etishi va yoshlarning bandligini ta’minlashga erishamiz.
— Bolaligimdan tadbirkorlikga juda qiziqardim, — deydi Asror Turg‘unov. — Lekin menda yetarlicha bilim va malaka bo‘lmagani uchun ish boshlolmay yurgan edim. “Har bir tadbirkor — yoshlarga madatkor” tamoyili asosida ishlab chiqilgan o‘quv dasturida malakali tadbirkorlar, o‘qituvchilar tomonidan dasr o‘tildi. Jarayonda men kabi yoshlar turli treninglarda qatnashib, sohaga oid bilimimizni boyitib bordik. Bundan tashqari, biz uchun jumboqli tuyilgan savollarga javoblar oldik. Kelajakda tadbirkor bo‘lib, yuqori natijalarga erishib, o‘zim kabi yoshlarni ish bilan ta’minlashni maqsad qildim. Prezidentimiz bizga bildirgan ishonchini oqlash yo‘lida tinmay harakat qilaman.
Shuningdek, loyiha doirasida respublikamizda qator ishlar amalga oshirilmoqda. Tadbirkorlar va yoshlar uchrashuvlari tashkil qilinib boshlangan ezgu ishlarning mohiyati tushuntirilmoqda. Olib boriladiyotgan har bir sa’y-harakat aholini tadbirkorlikka faol jalb qilish, yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishga ko‘maklashish va natijada yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Kamola SOBITJONOVA