Toshkent davlat yuridik universitetida xorijda, xususan, AQSh, Kanada, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Fransiya va boshqa davlatlarda istiqomat qilib, huquqshunoslik sohasida faoliyat yurituvchi 30 nafarga yaqin vatandoshlarimizdan iborat Ekspertlar kengashi tashkil etildi.
Mamlakatimizda yuridik ta’lim va fanni yuksaltirish yo‘lida xorijda yashayotgan va professional faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimiz, ayniqsa, yuqori ilmiy salohiyatga ega olimlar, mutaxassislar va iste’dodli yoshlar sa’y-harakatlarini birlashtirishni maqsad qilgan mazkur kengashning a’zolari universitet akademik jarayoniga bevosita jalb etilgan.
Ishonchimiz komil, mazkur kengashga a’zo bo‘lgan vatandoshlarimizning xorijda orttirgan tajribalari milliy yuridik ta’lim va fanni rivojlantirishga, xalqaro darajaga olib chiqishga, shuningdek yuqori malakali huquqshunoslarni tayyorlashga munosib hissa qo‘shadi.
Yaqin kunlarda, universitet Ekspertlar kengashi a’zolarining har biri keng jamoatchilikka tanishtiriladi.

Toshkent davlat yuridik universiteti
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi